07:50 / 02.10.2018
77173

O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasidagi «jang». Kim haq-u kim nohaq?

O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi prezidenti Nurxon Nafasov nega tez fursatda ishdan olindi? Ishdan olinayotgan vaqtida uning qonuniy vakili nega navbatdan tashqari konferensiyaga kiritilmadi? Konferensiyani o‘tkazishda Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan federatsiya nizomiga amal qilinganmidi? Milliy olimpiya qo‘mitasi karate federatsiyasi prezidentiga Osiyo o‘yinlari uchun akkreditatsiya bermagani rostmi? Ungacha federatsiyaga rahbarlik qilgan shaxslar mahalliy to‘lov badallarini kirim qilmay o‘zlashtirgani haqidagi ma'lumotlar qanchalik haqiqat?

Joriy yilning 26 sentabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi o‘tkazilgani va Alamjon Mullayev tashkilotning yangi rahbariga aylangani haqida xabar qildi.

Xabarda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Adliya vazirligi vakillari, federatsiya Ijroiya qo‘mitasi a'zolari, viloyat federatsiyalari rahbarlari, hakamlar, murabbiylar va terma jamoa a'zolari ishtirok etishgani aytilgandi. Lekin 12 yillik tanaffusdan so‘ng, shu yilning may oyida federatsiya rahbari etib saylangan Nurxon Nafasov qisqa vaqt ichida lavozimini tark etishi sababi noma'lumligicha qolgandi.

«Kun.uz» muxbiri O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining sobiq va hozirgi rahbariyati bilan bog‘landi hamda Nurxon Nafasovning ofisi joylashgan hududda bo‘ldi. U ish joyida jamoasi bilan ishlashda davom etmoqda.

O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi sobiq bosh kotibi, Osiyo chempioni va xalqaro toifadagi sport ustasi Otabek Qosimovning aytishicha, Federatsiyaning navbatdan tashqari konferensiyasi nizom talablariga zid ravishda o‘tkazilgan.

Jumladan, Nizomning V bo‘lim 39-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyalari federatsiya prezidenti taklifi bilan rayosat tomonidan yoki uning o‘z tashabbusi yoxud taftish komissiyasining tashabbusi asosida chaqiriladi. Navbatdan tashqari konferensiyalar ikki oylik muddatda chaqirilishi mumkin.

Otabek Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, 25 sentabr kuni «O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi ijrochi direktori» N.Iminov nomidan Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonovga 26 sentabr kuni navbatdan tashqari konferensiya o‘tkazilishiga amaliy ko‘mak berish so‘ralgan, soxta muhr va eski blank qog‘ozida yozilgan xat jo‘natilgan.

Vaholanki, nizomda ijrochi direktor, ijro qo‘mitasi lavozimlari vakolatli shaxs yoki organ sifatida ko‘rsatib o‘tilmagan.

O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi nizomi V bo‘lim 40-moddasida «Konferensiya qarori ochiq ovoz berish yo‘li bilan konferensiya ishida delegatlarning kamida 2/3 qismi qatnashayotgan taqdirda ishtirok etayotgan delegatlarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi», deyilgan. Biroq 26 sentabr kungi navbatdan tashqari konferensiyaga faqat bir necha viloyat federatsiyalari rahbarlari kelishgan.

«Bu holatda o‘z-o‘zidan qaror qabul qilish vakolati bo‘lmagan», deydi Otabek Qosimov.

Karate federatsiyasi nizomi V bo‘lim 41-moddasi talablariga ko‘ra, o‘tkaziladigan konferensiyalarga amaldagi prezident rahbarlik qilishi belgilangan. Lekin 26 sentabr kungi konferensiya amaldagi prezident Nurxon Nafasovsiz o‘tkazilgan. Uning qonuniy vakili A.Mamatovning konferensiyaga kirish uchun urinishlari «qo‘riqchilar»ning qarshiligiga uchragan.

Yangi rahbariyat va Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matjonov aynan Nurxon Nafasov masalasi ko‘rilayotganda uning o‘zi kelishi lozimligi aytsada, vakilini jo‘natgani va vakil konferensiya ishtirokchilari ro‘yxatida yo‘qligini iddao qilmoqda. Quyidagi videoda vakil ishonchnoma asosida borsada, ichkariga kiritilmayotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin.

Karate federatsiyasi nizomi V bo‘lim 42-moddasida «Federatsiya prezidenti sifatida konferensiyada qatnashayotgan delegatlarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olgan nomzod e'tirof etiladi», deyilgan. Biroq Otabek Qosimovning ta'kidlashicha, yangi prezidentni saylash vakolatiga ega bo‘lgan delegatlar tarkibida kvorum mavjud emasdi, viloyatlardan ham vakillar kvorum darajasida chaqirilmagandi, chaqirilganlarning aksariyati kelmagan.

Konferensiyada federatsiya prezidenti o‘rniga boshqa rahbar tayinlash masalasi ko‘rilsayu, konferensiya u yoki uning vakilisiz bo‘lib o‘tsa? Buni qanday tushunish mumkin? Nega konferensiya ishtirokchilari Nurxon Nafasovning hisobotini eshitishmadi? Nega vaziyat tegishli tashkilotlar tomonidan chuqur tahlil etilmadi? Yoki arizalar asosida ham rahbar ishdan olib tashlanishi mumkinmi?

Jasur Matjonovning aytishicha, u bir necha bor Nurxon Nafasovga aloqaga chiqqan. U yig‘ilishga juda ko‘pchilik yig‘ilgani, bu yig‘ilishda dunyo reytingidagi o‘rni pastlab ketgan karate federatsiyasi muammosi ko‘rilishi shart bo‘lgani haqida aytmoqda. Ta'kidlanishicha, Nafasovning masalasi ko‘rilayotganida uning o‘zi shaxsan qatnashishi lozim edi. Matjonov Nafasovga o‘zi kelishi kerakligini qayta va qayta takrorlagan. Biroq Nafasov kela olmasligini aytgan va telefonini o‘chirgan.

«Yig‘ilishga viloyatlardan ba'zi federatsiya prezidentlari yoki ularning qo‘l qo‘yishga imkoni bor shaxslari kelgan», deydi Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi.

Konferensiyada bir necha karatechi o‘z fikrlarini bildirishgan. Ulardan biri Shaxboz Ahatov Nurxon Nafasov Osiyo o‘yinlarida qatnashishiga qarshi bo‘lgani va ruhiy bosim o‘tkazganini bildirgan. Aynan shu sportchi Jakartada medal ololmagan. Ruhiy bosim o‘tkazilgani yoki bunday bo‘lmagani masalasini sud hal qiladi.

Tafsilotlarga ko‘ra, konferensiya boshlanishi bilan prezident, vitse-prezident va bosh kotib yig‘ilganlar tomonidan bir ovozdan saylangan. O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining bosh murabbiyi, shef referisi va bir qator murabbiylar Nurxon Nafasovni Osiyo o‘yinlarida yetarli natijaga erisha olmaslikda ayblagan.

Farg‘ona viloyat karate Milliy federatsiyasi va Milliy olimpiya qo‘mitasi vakili Jasur Matjonov ham Nurxon Nafasovning ishlariga salbiy baho berib o‘tgan.

Rahbariyati yangilangan karate Milliy federatsiyasi bosh kotibi Kamoliddin Xodjiniyazov bilan intervyu o‘tkazilganida, u Nurxon Nafasovning prezidentlik faoliyati tugatilishiga o‘z izohini berib o‘tdi. «Joylardan prezidentlar va sportchilardan kelgan arizalarga ko‘ra, musobaqalarga tayyorgarlik qoniqarli darajada olib borilmagan. Birinchidan, sportchilarning jahon reytingi tushib ketgan. Sadriddin Saymatov bunga misol. U o‘n ikkinchi o‘ringa tushib ketgan. Ularga yetarli e'tibor berilmadi», deydi yangi karate Milliy federatsiyasi bosh kotibi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida konferensiyada Adliya vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligidan vakillar qatnashgani haqida aytilgandi. Bu ma'lumot asosida «Kun.uz» va boshqa mahalliy saytlar xabar tarqatdi. Avvaliga, qo‘mita sayti xabarida «Adliya vazirligi vakillari qatnashgani» haqida jumla bo‘lgan. Konferensiyada olingan videoda ham moderator ikkala tashkilotdan ham vakillar qatnashayotganini e'lon qilgan. Ayni vaqtda bu yozuvlar xabardan yo‘qolib qolgan. Keyin ma'lum bo‘lishicha, konferensiyada Adliya vazirligidan ham, Jismoniy tarbiya va sport vazirligidan ham vakil yo‘q edi. 

Bu holatga Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matjonov va karate federatsiyasining yangi bosh kotibi Xodjiniyazov izoh berdi. Ularning aytishicha, tashkiliy masalalarda xatolik ketgan. Ular xat asosida taklif qilingan bo‘lgan, biroq chaqirilganlar «zarur ishi chiqib qolgani» tufayli kela olishmagan.

Ma'lum qilinishicha, Nurxon Nafasov prezidentlikka saylangach, jamoasi bilan arxivdagi barcha hujjatlarni qonuniy tekshiruvdan o‘tkaza boshlagan.

Viloyatlardan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, eski rahbariyat tomonidan 12ta viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 2016-2017 yilgi mavsumda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati va O‘zbekiston kubogi musobaqalarida ishtirok etish uchun badal pullari yig‘ilgan. Bu mablag‘lar federatsiyaning sobiq rahbarlari tomonidan federatsiya hisob varag‘iga kirim qilinmasdan o‘zlashtirib yuborilgani aniqlangan. Umumiy mablag‘ miqdori 400 mln 920 ming so‘mni tashkil etgan. Agar bir yilda (!) o‘zlashtirilgan summaning o‘zi shuncha bo‘lsa, endi bu miqdorni nechadir yillarga ko‘paytiring.

«Bu holat avval tekshirilgan, o‘shanda o‘z tasdig‘ini topmagan. Rostdan shunday bo‘lsa, buncha mablag‘ni kim yo‘q qilgan bo‘lsa, u albatta jazosini oladi», deb izoh bergan federatsiya bosh kotibi Xodjiniyazov.

«Kun.uz» bilan suhbatda Nurxon Nafasov viloyatlardan to‘plagan ma'lumotlarga asoslanib karate federatsiyasining joylardagi rahbarlari badallarni o‘z vaqtida to‘lab kelishgani, to‘lovlar asosan naqd pul ko‘rinishida bo‘lgani haqida gapirgan.

Otabek Qosimovning ma'lumotiga ko‘ra, sobiq rahbarlar qatorida N.Iminov (federatsiya ijrochi direktori, garchi bu lavozim nizomda ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham) va Alamjon Mullayev (federatsiyaning yangi prezidenti) ham bo‘lgan. Sayt tahririyatida barcha viloyatlar karate federatsiyalari qachon va qanchadan badal to‘lagani haqidagi ma'lumotlar bor (bu ma'lumotlarni Nurxon Nafasov Kun.uz’ga taqdim etgan).

«Hozirda tegishli tashkilotlar bu masalada tekshiruv ishlarini boshlashmoqda», dedi Nurxon Nafasov.

Ko‘pchilikka ma'lum, shu yilning avgust-sentabr oylarida Jakartada Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Nurxon Nafasov qisqa muddat - uch oy ichida shogirdlarini o‘yinlarga tayyorlashdi. Shogirdlari medallar bilan qaytdi.

Tartibga ko‘ra, musobaqaga federatsiya prezidentlari ham boradi. Ularga Olimpiya qo‘mitasi tomonidan akkreditatsiya beriladi. Akkreditatsiya avvaliga Nurxon Nafasovga ham berilishi nazarda tutilgan. Lekin turnirga ikki kun qolganida noma'lum sabablarga ko‘ra, unga akkreditatsiya berilmagan. U zudlik bilan Osiyo olimpiya qo‘mitasiga xabar qilgan va u yerdan akkreditatsiya jo‘natishgan. Natijada, u o‘z hisobidan Indoneziyaga borib kelgan.

Bunga Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi o‘z munosabatini bildirib o‘tdi: «Atay berilmagan» degan iddao yolg‘on. Bu masalani Osiyo olimpiya qo‘mitasi hal etadi. Ularda ro‘yxat shakllantiriladi. Ular esa o‘zlari berishgan».

«Bundan tashqari, Nurxon Nafasovga musobaqa uchun Osiyo o‘yinlaridan avval 18 kishiga pul ajratilgan. Lekin u musobaqaga 8 sportchini tayyorlagan. Professional sportchilarni oddiy yotoqxonaga joylashtirgan. Yetarli e'tibor bermagan», deydi Jasur Matjonov.

Nurxon Nafasov bu ayblovga ham o‘z munosabatini bildirdi.

«Musobaqada odam qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zaro ziddiyat kuchayadi. Men buning oldini olishim kerak edi. Shuning uchun kamroq sportchi tanlab oldim. Qolgan mablag‘ni tiyinigacha qaytarganman», deydi u.

«Men prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshlagan islohotlarni karateda ham davom ettirmoqchi edim. Sen O‘zbekistondagi tirik «karate afsonasisan» deb federatsiyaga olib kelgan insonlar bugun oyog‘imga bolta urishdi. Qisqa davr ichida 140dan ortiq maktabgacha ta'lim muassasalarida va 275dan ortiq alohida to‘garaklar joriy qilsam-u bular meni eshitmay, ishni xolis ko‘rib chiqmay o‘zboshimchalik bilan ishdan bo‘shatishsa. Qani adolat? Men-ku o‘zimga mahkamman. Qonunlarni yaxshi bilaman. Menga shunday ishlarni qilishmoqdami, demak boshqa oddiy kishilar bilan bo‘ladigan ishlarni tasavvur qilish mumkin. Alloh doim meni qo‘llagan. Bu ishda ham qo‘llashiga ishonaman. Prezidentimizdan davlat rahbari sifatida bunday adolatsizliklarga barham berilishida amaliy yordam ko‘rsatishlarini so‘rab qolaman. Mening hali o‘ylagan rejalarim ko‘p va ularni amalga oshirishim kerak», deydi Nurxon Nafasov.   

                

                               

Biz bu masalada federatsiyaning yangi prezidenti Alamjon Mullayevning ham fikrini bilishga urindik. Ammo u bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Nurxon Nafasov Markaziy Osiyoda karate bo‘yicha qora belbog‘ 6-dan sohibi bo‘lgan ilk va yagona sportchidir. U 1996-2006 yillar oralig‘ida federatsiya prezidenti bo‘lgan. Bu davrda juda ko‘plab chempionlar yetishib chiqqan. Respublika bo‘ylab karate bilan shug‘ullanuvchilar soni 70 mingdan ortib ketgandi. 

Prezident adolatga xizmat qilish lozimligini doim takrorlamoqda va bu chaqiruvga labbay deb javob berishimizni kutmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yuqorida qayd etilgan qonun buzilish deb tahmin qilinayotgan holatlarini sinchiklab o‘rganib, tegishli choralar ko‘rilishida amaliy ko‘mak so‘rab qolamiz. Qonunni buzganlar jazosini olishi lozim va lobuddir. Qonun himoyachilari shahar bedarvoza emasligini ko‘rsatib qo‘yishlariga ishonch bildiramiz.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan 2016-2017 yillarda hududlardan musobaqalarda ishtirok etish uchun yig‘ilgan badallarning taqdiri bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan esa karate federatsiyasining navbatdan tashqari o‘tkazilgan konferensiyasi yuzasidan izoh kutib qolamiz.

Zafarbek Solijonov
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top