19:02 / 02.10.2018
10205

Vazir-injyener yoxud Xitoy elektromobil sanoatining “otasi”

Elektromobillar ishlab chiqarishda eng taniqli shaxs kim deganda hamma darhol Tesla asoschisi Ilon Maskni esga oladi. Ammo bu sohaning rivojlanishiga ta'sir ko‘rsatish bo‘yicha u Xitoyning sobiq fan va texnologiyalar vaziri Van Gandan ortda qoladi.

Sentyabr oxirida Bloomberg Van Gan haqida katta maqola chop etdi va uni Mask bilan solishtirdi. «Buyuk poyga: kelajak avtomobilini izlab» kitobida Levi Tillmann Van Ganni «Xitoy elektromobil sanoatining otasi» deb atadi. 

«Xitoy Van Gansiz G‘arbni bu sohada quvib o‘ta olmasdi», – deb hisoblaydi Tillmann.

Related image

Madaniy inqilob va Audi

Van Gan 1952 yilda tug‘ilgan. 16 yoshida uni Shanxaydan Shimoliy Koreya bilan chegaradosh qishloqqa jo‘natib yuborishadi. U bu yerda traktorlarni tuzatish va elektr tarmoqlari qurish bilan shug‘ullanadi. Ammo u Xitoyning yirik institutlari (Shimoli-sharqiy o‘rmon xo‘jaligi instituti va Tuntszi universiteti) hamda Germaniyadagi Klaustal texnika universitetida tahsil olishga erishadi.

1991 yilda Van Gan mashinasozlik sohasida darajaga erishgach, unga nemis avtokonsernlari ish taklif qiladi. U Audi konsernini tanlaydi. Gan Audi’da avtomobillarning kompyuter vizualizatsiyasi hamda ishlab chiqarish texnologiyasi bilan shug‘ullanadi, shuningdek, Audi A4 yaratilishida ishtirok etadi.

863-dastur va fan vaziri 

U Audi’da ishlab yurgan davrida Xitoy delegatsiyasini qabul qiladi va Xitoy avtosanoatini rivojlantirish uchun yangi texnologiyalarni ilgari surishga harakat qiladi. Delegatlar orasida o‘sha paytda fan va texnologiyalar vaziri bo‘lgan Chju Lilan ham bor edi. Van Gan uni o‘z g‘oyalari bilan qiziqtira oladi. Ularning uchrashuvidan bir necha oy o‘tgach, 2000 yilda u Xitoy hukumati uchun ma'ruza tayyorlaydi. U ma'ruzasida havo musaffoligini ta'minlash uchun elektr avtomobillar ishlab chiqarishni rivojlantirishga chaqiradi.

Van Gan bu sohani rivojlantirish mamlakatga xorij neftiga qaramlikni pasaytirish hamda xorijdagi ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatlashish imkoniyatini berishini aytdi. U shuningdek, Xitoy kompaniyalari an'anaviy mashinasozlikda yapon, amerika va nemis konsernlariga yetib olishga umid ham qilmasliklari kerakligini ta'kidladi. 

Uning aytganlariga quloq solishdi. 2000 yil oxirida vataniga qaytgan Van Gan Xitoy texnologiyalari va elektromobillar ishlab chiqarishni rivojlantirishi ko‘zda tutilgan 863-davlat dasturining yetakchi mutaxassisi etib tayinlandi. Oradan ikki yil o‘tgach u Tuntszi universiteti rahbariyatidan joy oldi (2007 yilgacha universitet prezidenti bo‘lgan) va 2007 yilda fan va texnologiyalar vaziri etib tayinlandi.

Image result for Вань Ган

Muvaffaqiyatlar 

Van Gan 2018 yil martgacha vazirlik lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. U bu davrda xitoylik injyenerlar oldiga Pekindagi 2008 yilgi Olimpiya o‘yinlariga elektroavtobuslar parkini yaratish yoki mamlakatdagi barcha yirik shaharlarni minglab elektromobillar bilan ta'minlash kabi ulkan vazifalarni qo‘ydi. Bundan tashqari, hukumat elektromobillar ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari berdi (imtiyozlar 2020 yilgacha amal qiladi) hamda bunday mashinalarni sotib oluvchilar uchun subsidiyalar joriy etdi. 2010 yilda bitta mashina uchun subsidiya miqdori 10 ming dollargacha yetkazildi (natijada 2017 yilning o‘zida iste'molchilarni qo‘llab-quvvatlashga 8 mlrd dollarga yaqin mablag‘ sarflandi).

Bu sa'y-harakatlar natijasida Xitoyda elektromobillar bozorida katta sakrash amalga oshirildi. Agar 2015 yilda mamlakatda 331 minggga yaqin elektromobil sotilgan bo‘lsa, 2016 yilda 507 ming, 2017 yilda esa 600 mingdan ortiq elektromobil sotildi – bu butun dunyoda sotilgan elektromobillarning yarmidan ko‘prog‘i degani. Kelgusi yilda Xitoyda bir millionta, AQShda esa 400 mingta elektromobil sotilishi kutilmoqda.

Hozirda bozorda Xitoyda ishlab chiqarilgan 100dan ortiq modeldagi elektromobillar sotilmoqda. AQShlik investor Uorren Baffet sarmoya kiritgan zavodlardan biri bo‘lgan BYD esa Tesla’dan farqli o‘laroq, anchadan buyon daromad keltirmoqda.

Image result for Вань Ган

Ganning texnologiyani rivojlantirishga urinishlari faqat elektromobillargagina ta'sir qilmadi. Xitoy robototexnika, qayta tiklanuvchi energetika, yuqori tezlikdagi poyezdlar, ma'lumotlarni qayta ishlash texnologiyalariga katta mablag‘ sarflamoqda. 2017 yilda Xitoyning bu sohadagi tadqiqot va ishlanmalarga xarajati 279 mlrd dollarga yetdi – bu avvalgi yilga nisbatan 14%ga ko‘p.

Xitoy shuningdek, 2017 yilda sun'iy ong bilan bog‘liq startaplarga sarmoya kiritish bo‘yicha ham AQShdan o‘zib ketdi. Jahon bo‘yicha sun'iy ong yo‘nalishidagi startaplarga kiritilgan 15,2 mlrd dollarlik investitsiyalarning 48%i Xitoyga, 38%i Amerikaga to‘g‘ri keldi. Bundan tashqari, Xitoy 2010 yildan buyon ixtirolar uchun patent olishga ariza berish bo‘yicha har yili jahonda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Van Gan vazirlik lavozimini tark etishidan sal avval Xitoy 2050 yilga kelib «buyuk texnologik davlat bo‘lishi kerak»ligini aytgandi. Hammasi shunga qarab ketmoqda.

Top