19:20 / 03.10.2018
49004

Toshkent shahrining sobiq hokimi Yunusobod tumaniga hokim etib tayinlandi

Rahmonbek Usmonov

2018 yilning 3 oktabr kuni Xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 2018 yilning aprel oyidan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Rahmonbek Jahongirovich Usmonov Yunusobod tumani hokimi etib tayinlandi.

Ma'lumot uchun: Rahmonbek Usmonov 1960 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma'lumoti oliy. 1982 yil Toshkent avtomobil yo‘llari institutini tamomlagan. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

2012–2018-yillarda Toshkent shahar hokimi bo‘lib ishlagan. 2018 yil aprel oyidan shu kunga qadar  - O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, 11 sentabr kuni Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov katta miqdordagi pora bilan qo‘lga olingani xabar qilindi.

Manbaning ma'lum qilishicha, B.Abdusamatov investorga joy taqdim etish maqsadida 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangan. 

Joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov qo‘lga olingani haqida turli xabarlar tarqalgandi.

Biroq, Bosh prokuratura matbuot xizmati «Kun.uz» muxbiri bilan suhbatda sobiq hokim ustidan jinoiy ish ochilgani hamda bir qator ayblovlar bilan unga nisbatan tergov harakatlari boshlangani haqida internetda tarqalgan ma'lumotni rad etdi.

Top