20:54 / 07.10.2018
72738

Xiva shahar hokimining o‘rinbosari pora olayotganida qo‘lga tushdi

Xiva shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jaliklari masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O.Sh. pora olayotganida ushlandi, deb xabar beradi Xorazm viloyati IIB matbuot xizmati.

O.Sh. fuqaro A.Z.ga qishloq xo‘jalik maxsulotlarini quritish, qayta ishlash sexi va omborxonasi qurilishi uchun 1 000 kv.m. yer uchastkasi ajratilishida yordam bergani uchun 2 000 AQSh dollari miqdorida pora talab qilayotganligi to‘g‘risidagi murojaat asosida, 2018 yil 6 oktabr kuni viloyat IIB JQB Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi  va prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xiva shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, 2 000 AQSh dollarini pora tariqasida olayotganida, jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan Xiva shahar hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlagan O.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda, uning o‘zi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.  

Ayni paytda, 2017 yil yanvar oyida qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ijrosini ta'minlash maqsadida, pora olish, pora berish yoki pora olish berishda vositachilik qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash hamda ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish borasida maqsadli chora-tadbirlar davom etmoqda, deyiladi IIB matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid
Top