16:51 / 10.10.2018
24583

O‘zbekiston bo‘ylab avtonom hojatxonalar o‘rnatilmoqda: tahorat xonalari, imkoniyati cheklanganlar uchun alohida xonalar

O‘zbekiston bo‘ylab to‘rt qismdan iborat hojatxona konstruksiyalari o‘rnatilmoqda. Ayni damda quyosh panellari yordamida ularni to‘liq avtonomlashtirish ustida ish olib borilmoqda. KUN.UZ muxbiri "Ipak yo‘lida turizm" ko‘rgazmasi doirasida RiaBuildingConstructionGroup kompaniyasi direktori Asliddin Tuksanov bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

"Mazkur yo‘nalishda biz O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Bugunga kelib biz Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida sayyohlar uchun hojatxona konstruksiyalarini  o‘rnatdik. Yaqinda Shahrisabzda bo‘lib o‘tgan Maqom festivali oldidan u yerda ham hojatxonalar o‘rnatildi. U yerda o‘rnatgan hojatxonalar to‘rt qism - erkaklar, ayollar hojatxonasi, imkoniyati cheklangan kishilar uchun hojatxonalar hamda yurtimizda ziyorat turizmi rivojlanayotganini inobatga olgan olgan holda tahorat xonalaridan iborat", - deya ma'lum qiladi Asliddin Tuksanov.

Ularning qulayligi shundan iboratki, bunday hojatxonalarni qurishga hojat yo‘q, konstruksiyalarni kerakli joyga olib borib joylashtiriladi, xolos.

"Hozir biz ularni 100 foiz avtonomlashtirish ustida ish olib boryapmiz. Ular suv batlari bilan ta'minlangan bo‘lib, quyosh batareyalarida ishlaydi. Endi boylerlarni ham quyosh batareyalariga bog‘lash variantini ko‘rib chiqyapmiz. Ular narxiga ko‘ra ham raqobatbardosh bo‘lishiga harakat qilyapmiz. Kelgusida barcha hojatxona konstruksiyalarimiz to‘liq avtonom bo‘lishiga erishishni rejalashtiryapmiz, ya'ni qanday hududga joylashtirishingizdan qat'i nazar, ularda chiroq va suv bo‘ladi", - deydi mutaxassis.

Asliddin Tuksanovning ta'kidlashicha, bu hali nisbatan yosh loyiha. Bugunga kelib hojatxona konstruksiyalari Toshkent viloyatining sayyohlar ko‘p tashrif buyuruvchi bir necha hududlarida o‘rnatilgan bo‘lsa, hozir yana boshqa turistik zonalarda o‘rnatishga doir loyihalar bor. Shahrisabz shahrida oltita katta avtonom hojatxona o‘rnatildi. Ayni damda Xorazm va Samarqand  viloyatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ma'lum bir kelishuvga erishilganidan so‘ng ishga kirishiladi.

"Hammasi endi boshlanyapti. Nasib qilsa, yiliga minglab  konstruksiya o‘rnatadigan darvlar ham kelib qolar", - deya umid bildiradi u.

Kompaniya Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi  vakillari bilan birgalikda xorijiy va mahalliy sayyohlar ehtiyojlarini o‘rganishda davom etadi. Bu borada mutaxassislar qator xorijiy mamlakatlarda ham bo‘lib, ularning tajribasini o‘rganishgan.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi 3514-sonli «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning 2020 yilning 1 yanvariga qadar sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini qayta tiklash, kapital ta'mirlash va qurishga yo‘naltirilgan xarajatlari 100 million so‘mgacha kamaytiriladi.

Shuningdek, har yili 2025 yilning 1 yanvariga qadar xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan sanitariya-gigiyena tarmoqlarini (farroshlar ish haqi, gigiyena, tozalash va yuvish vositalarini sotib olish, kommunal xarajatlarni to‘lash), turizm infratuzilmasi obektlarini (tarixiy va me'moriy yodgorliklar, muzeylar, teatrlar, madaniyat uylari, umumiy ovqatlanish punktlari, xizmat ko‘rsatish obektlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avtomobillar uchun vaqtincha to‘xtash joylari, yo‘lbo‘yi infratuzilmasining servis xizmatlar ko‘rsatiladigan hududlari, bozorlar, rastalar, do‘konlar va odamlar gavjum bo‘ladigan boshqa joylarni) saqlashga yo‘naltirilgan xarajatlari 12 million so‘mgacha qisqartiriladi.

Top