18:08 / 12.10.2018
30530

Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida yuk mashinalaridan iborat 6 kilometrlik navbat paydo bo‘ldi

Foto: Videodan kadr

Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida qariyb olti kilometr uzunlikdagi yuk mashinalaridan iborat navbat paydo bo‘ldi. Qozog‘istonning «KTK» telekanaliga ko‘ra, haydovchilar bojxona postida tekshiruvdan o‘tish uchun kunlab kutib turishibdi.

Bir necha kun davomida o‘nlab yuk mashinalari gullar, oziq-ovqat mahsulotlari, ayrimlar dori-darmonlarni olib o‘tishga harakat qilmoqda. Odamlar oddiy sharoitlarga ham ega bo‘lmagan mashina kabinasida yashashmoqda, ular hojatxona masalasida cho‘lga chiqishga majbur bo‘lishyapti.
 
Haydovchilarning e'tiroz bildirishicha, ular hech qanday qoidalarni buzmasalar ham, postlarda pul to‘lashlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston chegarasidagi postlar avral (yopirilib ishlash) rejimida 24 soat davomida ishlayapti. U yerda belgilangan 100ta yuk mashinasi o‘rniga, kuniga 150ta avtomobil o‘tmoqda. Bu holat mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlashning keskin o‘sishi bilan bog‘liq.

«Navbatsiz o‘tadiganlar 300-400 dollar beradi. Agar bermasangiz, uch-to‘rt kun turasiz. Agar navbat bilan bo‘lsa, baribir yana 100 dollar so‘rashadi. Misol uchun, men 8 tonna olib ketyapman, menga esa shunday deyishadi: agar pul bermasang, men senga 2 tonna ortiqcha yuk yozib qo‘yaman, bu esa jarima. Bu Qozog‘istonda, O‘zbekistonda bunday narsa yo‘q», - deydi haydovchilardan biri. 

Mavzuga oid
Top