00:37 / 14.10.2018
48797

Qarshida 90 kishining zaharlanishiga sababchi bo‘lgan kishi pora berayotib qo‘lga olindi

Shu yilning 27 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi «Baxtli oila» to‘yxonasida to‘y marosimida turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlarini aralash iste'mol qilishi tufayli 90 kishi zaharlangani haqida xabar berilgan edi.

13 oktabr kuni Qashqadaryo viloyat prokuraturasi ichki xavfsizlikni ta'minlash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida «Baxtli oila» to‘yxonasida o‘tgan o‘sha to‘y uchun uy sharoitida salat tayyorlagan M.Shukurov o‘ziga nisbatan tekshirish harakatlari olib borilayotgan ish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga soat 13:15 da Qarshi shahar prokuraturasi tergovchisi Sh.Najmiyevning xizmat xonasida unga 500 (besh yuz) AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ushlangan.

Bosh prokuratura tomonidan Kun.uz’ga taqdim etilgan ma'lumotga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi tomonidan jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top