07:58 / 19.10.2018
6997

Qirg‘izistonning sobiq bosh vazir o‘rinbosariga 3 yillik shartli qamoq jazosi berildi 

Bishkek tuman sudi Qirg‘izistonning sobiq bosh vazir o‘rinbosari Duyshenbek Zilaliyevga bomba haqidagi yolg‘on xabar uchun 3 yillik shartli qamoq jazosi tayinladi. Bu haqda 24.kg xabar berdi. 

Foto 24.kg

Sud qaroriga ko‘ra, sudlanuvchi “Tayyorlanayotgan portlash, o‘t qo‘yish yoki odamlarga xavf soluvchi boshqa harakatlar haqida yolg‘on xabar haqida”gi modda bo‘yicha aybdor deb topilgan. Sudlanuvchi so‘nggi so‘zida unga qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni buyurtirilgan deb atagan. 

Zilaliyev Qirg‘iziston bosh vazir o‘rinbosari lavozimini 2017 yil avgustidan noyabrigacha egallagan. 

2017 yil 24 noyabrda Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning inauguratsiyasidan keyin Zilaliyevga nisbatan “Terakt haqida yolg‘on xabar berish” moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Gap shundaki, Jeenbekovning inauguratsiyasi kuni prezident korteji yo‘lida bomba qo‘yilgani haqida xabar paydo bo‘lgan. Mahalliy OAV bu xabarni ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursanti olgani, unga esa buni 1532 BK davlat raqami ostidagi “Leksus” mashinasida harakatlangan noma'lum kimsa xabar qilganini ma'lum qilgan. Keyinroq ushbu mashina Zilaliyevga tegishli ekani aniqlangan. 

Joriy yilning 30 mart kuni Zilaliyevga ayblov qo‘yilib, unga nisbatan mamlakatni tark etmaslik ehtiyot chorasi qo‘llangan. 

Top