21:00 / 21.10.2018
119462

Uchta tuman paxta rejasini bajardi va sektor rahbarlari pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, prezident adminstratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov va bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzayev raisligida 2018 yilgi paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi selektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«Kun.uz» manbasi ma'lum qilishicha, selektor davomida respublikada davlatga paxta topshirish rejasini 100 foizga bajargan ilk tumanlar nomi e'lon qilingan. Ma'lum bo‘lishicha, 21 oktabr holatiga kelib, respublika bo‘yicha 3ta tuman rejani bajargan.

Marraga birinchi bo‘lib, Namangan viloyati Chust tumani yetib kelgan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Rishton hamda Andijon viloyatining Paxtaobod tumanlari paxta rejasini to‘ldirgan.

O‘zbekiston bosh vaziri bu tumanlarda sektorlar rahbarlari (tuman hokimi, tuman prokurori, tuman IIB boshlig‘i va tuman DSI boshlig‘i) 20 million so‘mdan pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishini ma'lum qilgan.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu mahalliy rahbarlarga minnatdorchilik bildirilgan.

Shuningdek, paxta rejasini birinchilardan bo‘lib bajargan 10 tuman ichida bo‘ladigan keyingi 7 tuman rahbarlariga ham 20 million so‘mdan mukofot puli va'da qilingan. Keyingi o‘ntalikda bo‘ladigan tuman rahbarlari esa 15 million so‘mdan, o‘ttiztalik ichida bo‘ladigan oxirgi 10 tuman rahbarlari esa 10 million so‘mdan mukofot puli olishadi.

Ma'lumot uchun, 2018 yil hosilidan tayyorlangan paxta xomashyosi to‘g‘risidagi 21 oktabr kungi ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Andijon viloyati peshqadamlik qilmoqda. Andijonliklar davlatga paxta topshirish rejasini 80 foizdan oshirishdi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (78,87) va Buxoro (78,30) viloyatlari borishmoqda. Samarqand (52,31) va Toshkent (50,69) viloyatlari oxirgi o‘rinlarda qolishgan. Respublikaning umumiy rejasi 66,47 foizga yetgan.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top