14:28 / 22.10.2018
3386

Senat va hamkorlik bo‘yicha Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi

2018 yil 22 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda huquq, investitsiya va savdo sohalarida hamkorlik bo‘yicha Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma qo‘mitasining uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar qilmoqda.

Kun tartibi doirasida O‘zbekiston Respublikasiga investitsiyalarni jalb qilish sohasida hamkorlik qilish ustuvorliklari haqidagi masala muhokama etildi.

“Jyeneral Motors”, “Jyeneral Elektrik”, “Ekson Mobayl”, “Koka Kola” kabi AQSh kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotini tarkibiy diversifikatsiyalash va texnologik modernizatsiyalash jarayonlarida muhim rol o‘ynamoqda. O‘zbekiston va AQShning ulkan salohiyatini hisobga olgan holda bu yo‘nalishlarda ikki tomonlama o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritish mumkin.
         
Uchrashuvda mamlakatda ochiq-oshkoralik, hisobdorlik bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish va qonun ustuvorligini ta'minlash orqali tadbirkorlar va AQSh kompaniyalari uchun, birinchi navbatda, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e'tibor berilayotgani qayd etildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi, energetika, kimyo, moliya, turizm, to‘qimachilik sanoati, sog‘liqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohasida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun sarmoya jalb qilish imkoniyatlari muhokama etildi. Shu munosabat bilan mamlakatda investitsiya muhitini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi doirasida erishilgan natijalar haqida fikr yuritildi.

Majlisda huquqiy muhitni mustahkamlashning turli jihatlari, huquq, investitsiya va savdo sohalarida O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Amerika-O‘zbekiston savdo palatasining strategiyasi va bo‘lajak tadbirlari, shuningdek, keyingi ishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma qo‘mitasining to‘rtinchi majlisi muddatlari ko‘rib chiqildi.

Top