14:33 / 29.10.2018
76331

Oqqo‘rg‘ondagi mashmasha. Bosh prokuratura voqeaga munosabat bildirdi

27 oktabr ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bloknot tutgan olti kishining ariq suvida turgani tasvirlangan suratni muhokama qilishdi. Kun.uz muxbirlari surishtiruvi davomida ushbu holat Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani, “Abdunosir G‘ulom” fermer xo‘jaligi maydonida yuz bergani aniqlandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu holat bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. 

Mahkama matbuot xizmati vakili Surayyo Rahmonovaning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Bosh prokuratura hozirgi paytda bu holatni tekshirmoqda.

«Bosh prokuratura bu holatni tekshirmoqda, qat'iy aytishimiz mumkinki, bunday holatning yuzaga kelishida aybdor bo‘lgan shaxslar, mansabi va darajasidan qat'i nazar, tegishlicha javobgarlikka tortilishi ta'minlanadi», - dedi Surayyo Rahmonova.

Kun.uzʼga yetib kelgan axborotga ko‘ra, ariq suviga oyoq tiqqan kishilar Oqqo‘rg‘on tumani hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari — Sherzod Murodov, Tuman suv xo‘jaligi boshlig‘i — Tohir Mirzakarimov, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i — Sharof Ahmedov, “Ozod” MFYning oqsoqoli — Zokir Musabekov, “Mavlonboy ota” fermer xo‘jaligini rahbari — Abror Mavlonov, “Abdunosir” fermer xo‘jaligi rahbari (ismi Nosir) bo‘lib chiqdi.

Ma'lum qilinishicha, rahbarlar g‘allani o‘z vaqtida sug‘ormagan mas'ul va fermerlarni shu ko‘rinishda jazolagan. 

Kun.uz’ga o‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘onda, suvga botgan oltovlondan sal narida bo‘lgani haqida tuman hokimi o‘rinbosari Sherzod Murodov aytib bergandi. 

Top