14:37 / 02.11.2018
19212

AIBA kongressi. G‘ofur Rahimov qariyb bir yillik faoliyatida nimalarga erishganini aytdi

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Rossiya poytaxti Moskva shahrida Xalqaro Boks Assotsiatsiyasining (AIBA) 2018 yilgi Kongressi ochildi. Kun.uz muxbiri xabar berishicha, unda AIBA prezidenti vazifasini bajaruvchi G‘ofur Rahimov o‘zining qariyb bir yillik faoliyati yuzasidan ma'ruza qildi. 

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

«Yanvar oyida AIBA vaqtinchalik prezidenti lavozimini egallaganimdan so‘ng, mening faoliyatimdagi ustuvorlik AIBA va boksni biz munosib bo‘lgan darajaga qaytarishga yo‘naltirilgandi. O‘tgan to‘qqiz oy mobaynida biz katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Men tashkilotimizda va sportimizda muhim islohotlarni amalga oshirdim. Garchi bu juda qiyin bo‘lgan bo‘lsa-da, biz ijobiy natijalarni bera boshlagan muhim islohotlarni boshladik», - dedi G‘ofur Rahimov.

Shuningdek, G‘. Rahimov yangi islohotlar dasturi haqida ma'lumot berdi. Bunday reja dinamik rivojlanish va AIBA hamda Olimpiya boksida ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqildi.

«Birinchisi - shaffoflik, samaradorlik va hurmatga qaratilgan yangi boshqaruv falsafasi yo‘lga qo‘yildi. Islohotlarimiz dasturidagi muhim qadam - AIBA’ni professional va zamonaviy tashkilotga aylantirish. Samarali boshqaruv amaliyotlarini joriy etishga ustuvorlik qaratiladi. Demokratiya, oshkoralik va yaxlitlik tashkilotimizning boshqaruv jarayonlariga muvaffaqiyatli integratsiya qilindi.

Ikkinchisi - Prezident vakolatlarini sezilarli darajada qisqartirib, uning ko‘plab huquq va imtiyozlarini AIBA Ijroiya qo‘mitasi a'zolariga topshirib, Ustavimizda muhim o‘zgartirishlarni amalga oshirdik. Ijroiya organini takomillashtirish va demokratlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. AIBA endi bir odamning irodasi va istagiga bog‘liq emas. Endi bizda nazorat mexanizmlari bor.

Uchinchisi - gender tengligida islohotlarni tatbiq etdik. Ayollarning bizning sportda ishtirok etishiga ko‘maklashish va rag‘batlantirish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Ham ringda, ham saylov va boshqaruv darajalarida. Joriy yilda AIBA gender tengligi bo‘yicha birinchi Forum o‘tkazilishi tashabbusi bilan chiqdik, u «Boksdagi xilma-xillik» dasturi doirasida moliyalashtirildi. Bundan tashqari, biz AIBA Ijroiya qo‘mitasi tarkibida gender balansini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rdik. Hozirda kamida 6 nafar ayol unga kirishi kafolatlangan. «Aralash juftlik boksi» deb nomlangan boks bo‘yicha yangi musobaqalar shakli taklif etildi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

To‘rtinchisi - eng asosiysi, bugungi kunda erishgan muhim narsa moliyaviy boshqaruv tizimini isloh qilishdir. Ko‘pchiligingiz yaxshi bilasizki, joriy yil boshida AIBA rahbariga aylanganimda, moliyaviy ahvolimiz juda yomon edi. Oldingi ma'muriyatdan qariyb 40 million dollar qarzdorlik qolgan. Avval kreditlar turli kompaniyalardan hech narsaga qaramay va yetarli moliyaviy prognozlarsiz olingan. Ushbu mas'uliyatsiz harakatlar va moliyaviy qoidabuzarliklar sababli AIBA bankrotlik yoqasida qoldi. Hozirda esa, 40 mln dollarlik qarz majburiyatlari bo‘yicha kelishuvlarga erishdik. Kreditorlar bilan ko‘plab uchrashuvlar hamda muzokaralar o‘tkazish orqali men AIBA qarzlarining katta qismi bekor qilinishiga erishdim. Qolgan kreditlarni homiylik shartnomalariga o‘zgartira oldik. Tashkilotdagi moliyaviy buzilishlar tufayli moliyaviy modelni qayta ko‘rib chiqdi. Shuning uchun AIBA moliyaviy boshqaruvi tizimi keskin yangilandi.

Beshinchisi - AIBA bosh qarorgohini qayta tuzish va yangi ijro etuvchi direktorni tayinlash ishimizning muhim bosqichi bo‘ldi. Joriy yilning boshida AIBA yangi ijrochi direktori lavozimiga amerikalik Toma Virjyets tayinlandi. U AIBA’ning Lozanna shahrida joylashgan shtab-kvartirasida doimiy asosda ishlaydi.

Oltinchisi - yangi hakamlik boshqaruv tizimini joriy etdik. So‘nggi yillar davomida AIBA hakamlik masalalarida muammoga duch keldi. Bu yil biz ziddiyatli nuqtalarni bartaraf etish uchun texnik va musobaqa qoidalarini to‘liq tahlil qildik. Natijada hakamlikni boshqarish tizimida katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Hakamlarga mustaqil va mas'uliyatli bo‘lishiga imkon beradigan yangi shaffof mexanizmlarni joriy etdik.

Yettinchisi - AIBA dopingga qarshi kurash bo‘yicha tajovuzkor strategiyani qo‘llashga oid majburiyatni o‘z zimmasiga oldi. 2018 yilda AIBA Testdan o‘tkazish bo‘yicha yangi xalqaro agentligi bilan xizmat ko‘rsatish shartnomasini imzolagan birinchi xalqaro federatsiyalardan biri bo‘ldi. Endi ushbu agentlik butun AIBA dopingga qarshi dasturini boshqaradi. So‘nggi bir necha yil ichida avvalgi ma'muriyat tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan, dopingga qarshi qoidalarning buzilishi bo‘yicha ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qirqdan ziyod ishni yopishga muvaffaq bo‘ldik.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Sakkizinchisi - AIBA uchun yangi homiylik imkoniyatlari. AIBA yangi, foydali homiylik shartnomalarini jalb qilish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Buning sababi, biz tashkilotimizning kelajakdagi moliyaviy barqarorligini ta'minlashni istaymiz. Ayni paytda biz bir nechta kompaniyalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdamiz va yaqin kelajakda sizga ijobiy ma'lumot berishga umid qilaman.

To‘qqizinchisi - «Boksdagi xilma-xillik» nomli maxsus jamg‘arma yaratdik. 2017 yilning dekabrida AIBA sobiq prezidenti iste'foga chiqqach, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi AIBA’ga dividendlar to‘lashni to‘xtatdi. Bu bizning tashkilotimiz va milliy federatsiyalarni, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda, juda qiyin vaziyatda qoldirdi. Vaqtinchalik prezidentga aylanib, men ushbu rivojlanayotgan milliy federatsiyalarga «Boksdagi xilma-xillik» nomli dastur orqali yordam berishni taklif qildim. Ushbu dasturning maqsadi - qiyinchiliklarga duch kelayotgan federatsiyalarga moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatish.

Xulosa qilib aytishim mumkinki, biz hali-hanuz murakkab davrlarni boshdan kechirib, moliyaviy holatimiz yaxshilanishga muhtoj bo‘lsa ham, AIBA bugun bir yilgi avvalgidan ancha sog‘lom, barqaror va shaffof ekanidan xursandman hamda faxrlanaman», - dedi G‘ofur Rahimov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvada AIBA kongressi ochilgani xabar berilgandi.

Mavzu
XOQ va AIBA urushi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi o‘zbekistonlik G‘ofur Rahimov AIBA prezidenti bo‘lishini istamayapti va boks sportini olimpiada dasturidan chiqarish bilan tahdid qilmoqda
Barchasi
Mavzuga oid
Top