14:40 / 05.11.2018
19529

Tomog‘idan nafas olayotgan, joni azobda buvaydalik 5 yoshli Asilbek ko‘makka muhtoj

Murojaat tushgan joyga borib, yosh bolakayning holatini ko‘rgach,  ancha vaqt o‘zimizga kela olmadik.  

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani, Yangiqadam qishlog‘i, Yoshlar mahallasidagi ko‘makka muhtoj xonadon. Oilaning ahvoli juda og‘irligi yashash sharoitidan ko‘rinib turibdi.  Oila boshlig‘i Rahmonjon Dehqonovga “Tasvirga olamiz, bemorni chaqiring”, deymiz. Ichkaridan onasi bilan yoqimtoygina bolakay chiqib keldi. Bolaning ko‘zlari kulib turardi. Ko‘rinishidan bemorga ham o‘xshamaydi. Lekin uning inson zoti chidashi qiyin bo‘lgan azoblanishi bor ekan.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

“Asilbek bundan uch yil avval qo‘shnimizning uyida o‘ynayotib, hasharotlarga qarshi sepiladigan zaharli kimyoviy dorini ichib yuborgan. Tomog‘i, nafas yo‘llari kuyib, qattiq shikastlangan. Ayni paytda tomog‘idagi trubka(naycha) orqali nafas oladi”,-deydi uning otasi Rahmonjon.

Asilbek har yili bir-ikki marta jarrohlik amaliyotidan o‘tarkan. Zaharli dori zararlagan hiqildoq va ichakda chandiqlar o‘sib chiqadi va uni jarrohlik yo‘li bilan operatsiya qilib olib tashlanadi.

Eng yomoni, bemor bolakayning tomog‘ida turgan trubka bir kunda ikki marta balg‘amga to‘lganida, nafasi qisa boshlar ekan. Trubkani tomoqdan sug‘urib olib, tozalash kerak. Onasi bolaning azoblanib dodlashiga chiday olmaydi. Oyoq-qo‘lini bosib turishadi.  Bu ishni otasi bajaradi. Har kuni ikki marta og‘riq va uqubat... Ovqatlanish jarayoni ham og‘riqli kechadi.

Oilada uch farzand katta bo‘lyapti. Katta o‘g‘il kollejni tamomlabdi. U birovlarning xonadonlarida mavsumiy ishlarni bajarib, ro‘zg‘orga qarashyapti. O‘rtanchasi o‘quvchi. Onasi Hilolaxon ertayu kech bemor Asilbek bilan birga. Aftodahol xonadonning barcha a'zolari bitta xonada yashar ekan. Ayanchli sharoit. Farg‘ona viloyati va Buvayda tumani hokimliklarining shu paytgacha oilaning holidan xabar olmagani esa yanada achinarli holat. Buvayda tumani hokimiga murojaat qilib borishganida, dakki eshitib qaytishibdi.  

“Qarz olmagan qarindoshimiz qolmadi hisob. Asilbekning tomog‘iga qo‘yiladigan trubka ham chet elniki. 200 dollar turadi. Qarindoshlar ahvolimizni bilganidan pulini so‘rashmayapti. Har oyda ikki marta Toshkentga davolangani mashinada borib kelish 300 ming so‘mga tushadi. Oyiga uch million pul bolani davolagani ketyapti”,-deydi ota.

Bechora oilaning viloyat mutasaddilari, tuman hokimligi, prokuraturasi va boshqa ma'sullarga qilgan murojaatlaridan naf bo‘lmagan. Onasining “Hatto MFY 14 yoshgacha bo‘lgan “Bolalar puli”ga ham qo‘shmadi”, degani bizni hayron qoldirdi.

Asilbek, ovozi chiqqan payti yodlagan she'rlarini unutmabdi. Tomog‘idagi trubkadan pishillab tovush chiqarib, she'r aytib berishga urindi. Uning tomog‘idan chiqqan “ona”sini eshitib, yana ezildik.

Pestitsid, ya'ni zaharli dorini ichib yuborib azoblanayotgan 5 yoshli Asilbek Sherqo‘ziyevga “hiqildoq va traxeyaning surunkali chandiqli torayishi. Traxeokanlyuyar” tashxisi qo‘yilgan.

Bor umid mana shu maqolani o‘qib turgan va o‘qiganidan so‘ng boshqalarga ham yetkazgan insonlardan.

Asilbekni chet elda davolash mumkin. Lekin o‘zi shunday ham ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ota-onasi uni qayga ham olib borsin? Uning yaqinlari bizni umid bilan kuzatib qolishdi.  Bolaning davolanishi va dori-darmonlar xarid qilinishi uchun katta miqdorda mablag‘ zarur. Biz barchadan uning davolanishiga baholi qudrat ko‘mak ko‘rsatishni so‘rab qolamiz. Savob ishga birgalikda bosh qo‘shaylik, azizlar.

Pul o‘tkazmoqchi bo‘lganlar uchun Asilbekning dadasi Rahmonjon Dehqonov nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/Payme: 8600 0423 3549 0685           

MFO: 00525

INN: 200163038

H/R:  23120000700000525001

Telefon raqami: +998 (94) 136 15 80 (dadasi)

Elmurod Ermatov tayyorladi

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top