20:19 / 05.11.2018
9113

Toshkentdagi sport inshootlari qurilish-ta'mirlash ishlariga mas'ullar qat'iy ogohlantirildi

Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev tomonidan Toshkent shahrining Yakkasaroy, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlaridagi sport inshootlarining qurilishi, kapital ta'mirlanishi borasida olib borilayotgan ishlar qoniqarli darajada tashkil etilmayotganligi aniqlandi. Bu haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Xususan, Mirobod tumani Qo‘yliq-3 mavzesida joylashgan Sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining sun'iy qoplamali stadionidagi ishlar o‘z nihoyasiga yetkazilmaganligi aniqlandi. 

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumani 1-bolalar-o‘smirlar sport maktabiga qarashli «Katta Qorasuv» mahallasi hududida joylashgan yopiq suzish havzasi va Uchtepa tumani «Ko‘hna Cho‘ponota» mahallasida joylashgan 2-bolalar-o‘smirlar sport maktabining yopiq suzish havzalari joriy yil foydalanishga topshirilishi belgilangan. Biroq  ayrim mas'ullarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi sababli, qurilish ishlari orqada qolgan. 

Vazir mas'ullarga ushbu holat va mavjud muammolarning yechimi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar va qat'iy ogohlantirish berdi hamda kuniga navbati bilan ikki smenada ish tashkil etib, 2018 yil 25 dekabr sanasiga qadar obektni topshirish vazifalarini yukladi.

Dilmurod Nabiyev muassasa rahbarlariga zamonaviy marketing usullaridan unumli foydalangan holda davlat-xususiy sherikchiligi ko‘rinishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, olingan daromad hisobidan suzish havzalari faoliyatini samarali tashkil etish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va fidoyi murabbiylarni taqdirlash lozimligini qayd etdi. 

Ta'kidlash joizki, joriy yilning 20 sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida qurilish ishlari orqada qolayotgan inshootlar bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. 

Top