22:30 / 09.11.2018
7388

Neymarga yaxshi xulq uchun har oy 375 ming yevro mukofot puli to‘lanmoqda

“Pari Sen-Jyermen” klubi rahbariyati o‘z o‘yinchilariga ham futbol maydonida, ham undan tashqarida o‘zlarini yaxshi tutganlari va axloq me'yorlariga amal qilganlari uchun bonus to‘lashi ma'lum qilindi.

Bu bonuslar miqdorini France 2  telekanali “PSJning kichik sirlari” hujjatli filmida oshkor qildi.

Keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, Parij klubi yetakchisi Neymar namunali xulq uchun har oy qo‘shimcha 375 ming yevro oladi. Bu dunyoning eng qimmatbaho o‘yinchisining bir oylik maoshining 10 foizini tashkil qiladi.

Biroq Neymarning jamoadoshlari jurnalistlar bilan yaxshi muomalada bo‘lganlari, muxlislarni olqishlaganlari va shu kabi “mulozamatlar” uchun ancha kamroq olishar ekan. Misol uchun, Kilian Mbappega 117 ming yevro, Dani Alvesga 70 ming yevro, Tyago Silvaga esa 33 ming yevro qo‘shimcha haq to‘lanar ekan.

Futbolchilar bu pul evaziga o‘yin oldidan va o‘yindan keyin muxlislarni qarshilashlari va ularga minnatdorlik bildirishlari, mashg‘ulotlarga vaqtida kelishlari, jurnalistlar bilan xushmuomala bo‘lishlari va klub imijiga putur yetkazmasliklari lozim bo‘ladi. Qoidabuzarliklar uchun mukofot pulining qisman yoki to‘liq ushlanib qolinishi ko‘rinishida jarimalar belgilangan.

Top