12:34 / 09.11.2018
8933

O‘zbekiston mudofaa vaziri AQSh harbiy delegatsiyasini qabul qildi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

8 noyabr kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov AQSh mudofaa vazirining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari Kolin Jyekson boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Kolin Jyeksonga AQShning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Alan Meltser ham hamrohlik qildi.

AQSh qurolli kuchlari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifidan maqsad ikki mamlakat mudofaa idoralari o‘rtasida xalqaro harbiy hamkorlikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikr almashildi.  

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

«AQSh — biz uchun ishonchli, uzoq yillar davomida sinalgan hamkor bo‘lib, o‘rtamizdagi do‘stlik va o‘zaro munosabatlar doimiy ravishda oldinga qarab siljimoqda. Dunyodagi qudratli jangovar imkoniyatga ega mamlakat bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, shubhasiz, bizning armiyamiz jangovar shayligini oshirishga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi», — dedi uchrashuv davomida Abdusalom Azizov.

O‘zbekiston mudofaa vaziri bilan uchrashuvdan so‘ng AQSh delegatsiyasi Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘ldi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mehmonlar akademiya binosida joylashgan AQSh mudofaa sohasiga oid mavzuviy mashg‘ulot xonasi bilan ham tanishib, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadi.

Mazkur tashrif davomida Oq uy, Davlat departamenti va Pentagon rasmiylari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida tomonlar mudofaa sohasida amaliy hamkorlik yo‘nalishini aniq belgilab olishlariga keng imkon yaratildi.

Top