20:40 / 11.11.2018
7781

Golovkin Alvares bilan uchinchi jang o‘tkazishi mumkin  

Qozog‘istonlik mashhur bokschi, 4 ta versiya bo‘yicha sobiq jahon chempioni Gennadiy Golovkinning manfaatlarini bildiruvchi promouter Tom Leffler bokschining hozir WBC/WBA/IBO versiyalari bo‘yicha jahon chempioni, meksikalik Saul “Kanelo” Alvaresga qarshi uchinchi jangi 2019 yil sentabri yoki dekabrida o‘tishi mumkinligini aytdi.  

“Biz hanuzgacha Gennadiyning translyatsiyachi bilan shartnomasi masalasini hal qilmadik. Biz unga eng yaxshi taklifni tanlamoqdamiz. Shartnomani imzolaganimizdan keyin, raqiblarni tanlaymiz. Fikrimcha, Golovkin keyingi yil mart, aprel yoki mayida ringga qaytadi. Golden Boy bilan muzokaralarimiz maydagi jangga taalluqli bo‘lmaydi. Ular jangni dekabrda o‘tkazishmoqchi, chunki mayda biror boshqa bokschi bilan uchrashishmoqchi. Shu sababli Golovkin va Alvares o‘rtasidagi 3-jangni ko‘ra olishimiz mumkin bo‘lgan eng erta muddat keyingi yil sentabri yoki dekabri bo‘ladi”, deb aytgan Leffler.

Golovkinning Alvaresga qarshi mag‘lubiyat bilan yakunlangan 2-jangi uning joriy yildagi oxirgi jangi bo‘ldi. GGG revansh jangni o‘tkazishni so‘ragan, biroq WBC rad javobini bergan. Meksikalik keyingi jangini 15 dekabrda Nyu-Yorkda ikkinchi o‘rta vazn bo‘yicha WBA chempioni, britaniyalik Rokki Fildingga qarshi o‘tkazadi. Alvares bu jangni yutadigan bo‘lsa, uchta vazn toifasida jahon chempioniga aylanadi.

15 sentabrda Las-Vegasda o‘tgan jangda bungacha “yengilmas” bo‘lib kelgan Golovkin Alvaresga yutqazib qo‘ygan hamda WBA, WBC, WBA Super va IBO’dagi chempionlik kamarlaridan mahrum bo‘lgan. 

Bokschilarning bundan bir yil muqaddam o‘tgan 1-jangida durang natija qayd etilgandi.

Mavzuga oid
Top