17:25 / 12.11.2018
22978

«Toshkent 2025: O‘zgarish» loyihasi taqdimoti o‘tkazildi

Foto: Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati

Toshkent shahar hokimiyatida «Toshkent 2025: O‘zgarish» loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur taqdimotda so‘zga chiqqan Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtning yangicha ko‘rinishi, undagi o‘zgarishlar, loyihaning ahamiyati, jalb qilinadigan xorijiy va mahalliy ekspertlar haqida ma'lumot berdi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

— Mazkur loyiha, eng avvalo, shaharliklar uchun ishga tushirilmoqda, — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev. — Bu poytaxtni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini yaratishdagi birinchi faza. Rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar hamda ularni amalga oshirishni baholashning shaffof indikatorlarisiz yaxshi natijalarga erishib bo‘lmaydi, — deya ta'kidladi u.  

Mazkur loyiha ma'muriy islohotlar, iqtisodiy rivojlanish strategiyasi, shaharsozlik rejalari, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ijtimoiy soha va inklyuziv rivojlanish hamda ekologiya yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.

Loyihaning asosiy maqsadi poytaxt iqtisodiyoti raqobatbardoshliligini ta'minlash, aholi turmush tarzini yaxshilash va barqaror rivojlantirishdan iborat. Ma'lumotlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish va rejalashtirish uchun 2019 yil yakuniga qadar mutaxassislar bilan hisobotlarni tayyorlanadi. Birinchi fazada shu yilning noyabr oyida jamoani shakllantirish, yakuniy metodologiya, maqsadlarni aniqlab olish, mavjud ma'lumotlarni yig‘ish ishlari amalga oshiriladi. Dekabr oyida esa ilk bosqichdagi ma'lumotlar yig‘ilib, yo‘l xaritasi tuziladi. Strategiyaga start beriladi.

2019 yilning sentabr oyiga qadar esa 2025 yilga mo‘ljallangan Yagona Strategiya ishlab chiqiladi, yo‘l xaritasi bo‘yicha yakuniy hulosalar, dizayn shuningdek, natijalar o‘rganib chiqiladi. 2019 yilning oktabr oyida esa loyihani amalga oshirish bo‘yicha davomiy konsultatsiyalar o‘tkazishni rejalashtirilgan.

Loyiha tashabbuskorlari tomonidan 20 ta ochiq muhokama va seminar tashkil etilishi, ularda Jamoatchilik kengashi ekspertlari va istovchilar uni amalga oshirishni muhokama qilishlari kutilmoqda.

Top