09:13 / 17.11.2018
12026

Jurnalistga qo‘ng‘iroq. Saudiyaning AQShdagi elchisi bayonot berdi

Foto: AP

Saudiya Arabistonining AQShdagi elchisi, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning akasi Xolid bin Salmon o‘ldirilgan muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchi bilan telefon orqali hech qachon gaplashmaganini ma'lum qildi. Bu haqda u tvitterdagi sahifasida xabar bergan.

Avvalroq, The Washington Post gazetasi MRB Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon saudiyalik muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchini o‘ldirish haqida buyruq berganini aniqlagani haqida xabar tarqatgandi. 

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi Xolid bin Salmonning Qoshiqchi bilan telefon orqali muloqotini tutib olgan. Xolid jurnalistga nikoh qurish uchun Istanbuldagi Saudiya elchixonasiga borish va tegishli hujjatlarni olish kerakligini aytgan. Shu bilan birga, u Qoshiqchini tashrif xavfsiz o‘tishiga ishontirgan.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, ularning Qoshiqchi bilan so‘nggi aloqasi 2017 yil 26 oktabrda bo‘lib o‘tgan va matnli xabarlar orqali amalga oshirilgan.

«Men u bilan telefonda hech qachon gaplashmaganman, unga Turkiyaga qandaydir sabab bilan borishni taklif ham qilmaganman», - deb yozgan Xolid bin Salmon.

Shuningdek, diplomat AQSh hukumatiga gazeta ayblovlarini tasdiqlaydigan ma'lumotlarni e'lon qilish talabini qo‘ydi.

Saudiya hukumatini tanqid qilgan Qoshiqchi The Washington Post uchun maqolalar yozgan. Oktyabr oyi boshida nashr jurnalist Saudiya Arabistonining Istanbuldagi elchixonasiga tashrif buyurganidan so‘ng yo‘qolib qolgani haqida ma'lum qildi. Turk tomoni surishtiruviga ko‘ra, jurnalist konsulxona binosida o‘ldirilgan. Keyinchalik, Saudiya OAV bosh prokurorning Qoshiqchi konsullik xodimlari bilan janjallashish paytida vafot etgani haqidagi bayonotini tarqatdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Turkiya va Saudiya Arabistonini yarashtirib qo‘yish yo‘lini topgani xabar berilgandi.

Mavzu
Jamol Qoshiqchining o‘limi
The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketgach, izsiz yo‘qoldi
Barchasi
Top