20:45 / 21.11.2018
37660

Andijon viloyati hokimligi «ma'naviyat hashari» qonuniy o‘tkazilganini kuchini yo‘qotgan hujjat bilan asoslamoqchi bo‘ldi

«Kun.uz» saytida «Ma'naviyat hashari». Andijon viloyatida hukumat qaroriga zid tarzda «navbatdan tashqari hashar» e'lon qilindi» sarlavhali material nashr qilingan, unda vodiyning bu viloyatida o‘tkazilgan umumxalq hashari huquqiy asosga ega bo‘lmagan holda uyushtirilgani tanqid qilingandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning joriy yilning noyabr va dekabr oylarini viloyatda «ma'naviyat oyi» deb e'lon qilgani haqidagi qaroriga munosabat bildirgandi.

Hashar shunchaki jismoniy mehnatdangina iborat bo‘lmay, hududdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlarining bir kunlik maoshi ixtiyoriy asosda viloyat hokimiyatining maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi bo‘yicha topshiriq berilgani bilan ham e'tiborli edi. Hokim farmoyishida mablag‘larni to‘liq o‘tkazib berish uchun muhlat berilgandi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi izohida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar qanday shartlarga qat'iy rioya etilgan holda tashkil etilishi va o‘tkazilishi eslatib o‘tilgan.

«Kun.uz» muxbiri vaziyatga bevosita izoh olish maqsadida Andijon viloyatida bo‘ldi. Viloyat hokimi ayni paytda hududga tashrif buyurgan prezident davlat maslahatchilaridan biri bilan uchrashuvdaligi uchun uning qabuliga kirishning imkoni bo‘lmadi. Ammo hokim muovini bevosita intervyu bermasada, hokimlikning bu tashabbusi qonunchilikning barcha tamoyillariga muvofiq kelishini bildirib, bir qator hujjatlarni taqdim etdi. Sayt o‘z navbatida bu hujjatlarning mazmuni va ro‘yxatini omma e'tiboriga havola etishga qaror qildi.


«Ma'naviyat hashari». Andijon viloyatida hukumat qaroriga zid tarzda «navbatdan tashqari hashar» e'lon qilindi» maqolasi yuzasidan

MA'LUMOT

Viloyat hokimining 2018 yil 7 noyabrdagi 207-f sonli farmoyishi quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarga asoslanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 5 oktabrdagi 458-sonli qarorining 1-bandi;

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi 120-sonli qarori bilan tasdiqlangan 1-ilovaning 9-10,12 va 19-bandlari;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 apreldagi 301-son qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 25 avgustdagi PQ-451-son qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi PF-5467-son farmonining 4-bandining to‘rtinchi va yettinchi xatboshisi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi PQ-3812-son qarorining 9-bandida ko‘rsatilgan normalar asosida, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi Andijon viloyati bo‘limining 2018 yil 25 oktabrdagi 01/15-319-sonli hamda O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining 2018 yil 27 sentabrdagi 01/450-sonli tashabbus xatlarini inobatga olib, 2019 yilda madaniy-ma'rifiy targ‘ibot tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish, sport va jismoniy tarbiya sohasini rivojlantirish, tarixiy meros, milliy urf-odat, an'ana va qadriyatlarning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini ochib berishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada mustahkamlash maqsadida qabul qilingan.

Farmoyishning 2-bandiga asosan viloyatda umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi munosabati bilan viloyatdagi idora, boshqarma, korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilarining bir kunlik ish haqlari ixtiyoriylik asosidagi yozma roziligiga ko‘ra xayriyaga yo‘naltirilishi belgilangan.

Mazkur farmoyish natijasida yig‘ilgan xayriya mablag‘lari:

Turar-joy mavzelari, qishloqlar, mahallalar, ko‘cha va yo‘llar hamda bolalar sport maydonchalarini tartibga keltirish, daraxtlarni oqlash va butash;
Ko‘p qavatli binolar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, tarixiy obidalar, ziyoratgoh va qabristonlarni, shuningdek, ariq va zovurlarni tozalash hamda qurilish va maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga tashib ketish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish;
Keksa va nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan kishilar, kam ta'minlangan oilalar hamda faxriylar holidan xabar olish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga amaliy yordam ko‘rsatish va homiylik ishlarini tashkil etish;
Hududlarda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bilan bog‘liq barcha muammolarni hal etish choralarini ko‘rish masalalariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Qabul qilingan ushbu farmoyish O‘zbekiston Respublikasining «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonuni 3-5-moddalariga asosan umummajburiy xarakterga ega emas bo‘lib, mazkur farmoyish ixtiyoriylikni ko‘zda tutgan holda tavsiyaviy (konsultativ) xarakterga egadir.

Mazkur farmoyishga asosan xayriya hasharida ishtirok etmaslik hech qanday ta'qib va huquqiy javobgarlik keltirib chiqarmaydi.


Ko‘rinib turibdiki, Andijon viloyati hokimligi bu hasharni uyushtirishda bir qancha hujjatlarga tayangan. Ularning ro‘yxati yuqorida zikr etildi.

Biz shulardan eng birinchisini misol tariqasida oldik va kerakli qismini keltirdik:

Viloyat hokimligiga 3 milliondan ortiq aholiga taalluqli va bugungi kunda faqat Prezident yoki Vazirlar mahkamasi qarori asosida e'lon qilinadigan hashar e'lon qilish uchun ko‘pchilikka hatto unut bo‘lib ketgan bosh vazirning bundan 26 yildan ortiqroq (!) vaqt ilgari bitta jamiyat to‘g‘risida qabul qilingan qarori (bu qaror 1992 yil 5 oktabrida O‘zbekiston Respublikasining o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Abdulhoshim Mutalov tomonidan qabul qilingan) ham asoslardan biri bo‘lishi mumkin ekan.

Bundan tashqari, ushbu Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomda umumxalq hashari e'lon qilish nazarda tutilmagan, balki O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati hisobiga mablag‘ to‘plash bo‘yicha xayriya aksiyalari tashkil etish belgilangan bo‘lib, xayriyadan tushgan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamiyat hisob-raqamiga borib tushishi kerak, viloyat hokimligining hisob-raqamiga emas!

Shuningdek, viloyat hokimligi asos sifatida keltirgan normativ-huquqiy hujjatlardan biri, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 25 avgustdagi PQ-451-son qarori allaqachon, aniqrog‘i 2017 yil 28 iyuldagi PQ-3160-sonli Prezident qarorining 15-bandiga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.

Qoyil, viloyat hokimligi bugungi kunda qonuniy kuchga ega bo‘lmagan hujjatlarga asoslanib hashar e'lon qilayotgan ekanda?!

Yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi PQ-3812-son qarorining 9-bandini olaylik. Ushbu bandda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari Davlat ekologiya qo‘mitasi va tegishli sanitar tozalash korxonalari bilan birgalikda «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan mahallalarda chiqindilarni yig‘ish maydonchalarini barpo etish, muntazam ravishda chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish xizmatlarini tashkil qilish choralarini ko‘rsin, deya belgilangan. Lekin har qancha urinmaylik Prezidentning ushbu qarorida ham, viloyat hokimligi asos sifatida keltirgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda ham hokimlik umumxalq hashari o‘tkazsin, xodimlarning bir kunlik ish haqini xoh ixtiyoriy, xoh majburiy ushlab qolsin, deyilgan joyini uchratmadik.

Demak, Andijon viloyatida hashar hech qanaqasiga qonuniy asoslarga ko‘ra o‘tkazilmagan. Bu esa Andijon viloyati hokimligi davlat ishchilariga bir kunlik ish haqlarini qaytarib berishi kerak deganidir.

Top