14:20 / 30.11.2018
28039

Samarqand viloyatidagi ikki tuman hokimiga ma'muriy chora ko‘rildi. G‘alla yetishtirishdagi kamchiliklar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 sentabrdagi «2019 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlari navlarini joylashtirish va boshoqli don yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan muntazam nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Zarnews.uz nashri Bosh prokuratura huzuridagi agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasiga asoslanib bergan xabariga ko‘ra, mazkur tadbirlar davomida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 2 nafar mas'ul shaxs ogohlantirilib, 1 nafar shaxsga nisbatan intizomiy, 79 nafar shaxsga ma'muriy javobgarlik choralari qo‘llangan.

Jumladan, Jomboy tumani hokimi Umidjon Nazarov va Oqdaryo tumani hokimi Feruz Abilov Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosiga mas'uliyatsizlik bilan yondashgani uchun ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy ish qo‘zg‘atilgan.

Past Darg‘om tumani suv iste'molchilar uyushmasi boshlig‘i Q.Xalilov o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan holda «Zarafshon» MMTP hududidagi g‘alla maydonlarini sug‘orish uchun ajratilgan suvni nazoratsiz qoldirgani sababli ma'muriy jazolandi.

«Shu kabi nazorat tadbirlari davomida boshoqli don ekishni asossiz ravishda kechiktirgan Oqdaryo tumanidagi «Avnamas-saxovatli diyor», «Dahbet ne'matlari», «Oqdaryo Navro‘z hosili», «Jasur Oripov», «Chorbog‘ kelajak bog‘lari», «Xusenov Maxsud hosili», «Maxsum Bog‘lari», «Begoyim», «Madina-bonu bog‘i», «Dahbet Diyorbek g‘allasi», «Baraka» fermer xo‘jaliklari rahbarlariga ham ma'muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi», deyiladi xabarda.

«Jomboy don mahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatining Urgut tuman don qabul qilish maskani mudiri Z.Mirzayev urug‘lik bug‘doyning muvofiqlik sertifikatini olmasdan tarqatgani aniqlanib, unga nisbatan ma'muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan.

Ma'lumot o‘rnida, 2019 yil hosili uchun viloyatdagi 9 ming 628 fermer xo‘jaligi tomonidan 104 ming 249 gektar sug‘oriladigan maydonda g‘alla parvarishlanmoqda.

Biroz avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan, unga ko‘ra, suvli yerlarda g‘allaning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish «yerga nisbatan xiyonat» deb baholanishi belgilangandi.

Top