14:32 / 01.12.2018
21562

Haydovchilik guvohnomalarini berish huquqi xususiy biznesga o‘tkazilishi mumkin

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Iqtisodiyot vazirligining “Iqtisodiyotda davlat rolini yanada qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan davlat organlarining muayyan turdagi funksiyalari xususiy sektor va fuqarolik jamiyati institutlariga topshirilishi mumkin.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga haydovchilik guvohnomalari va sertifikatlarni berish funksiyasi xususiy sektorga o‘tkazilishi mumkin. Bunda Ichki ishlar vazirligi xususiy biznesni akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan nazorat qiladi.

Shuningdek, yuk tashish xizmatini litsenziyalash, xalqaro yuk tashish faoliyatini olib boruvchi haydovchilar malakasini oshirish, ruxsat blankalarini berish kabilar ham xususiy sektorga o‘tkazilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq haydovchilik guvohnomasini yangisiga soddalashtirilgan tartibda almashtirish 2021 yil 1 yanvargacha davom etishi xabar qilingandi.

Top