14:35 / 04.12.2018
64319

Bari antibiotiklar haqida: muhim savollarga 22 ta javob

Dorini maydalash, uni sut bilan ichish mumkin yoki aksincha ekani haqida ma'lumot oling.

  1. Alkogol antibiotiklar samaradorligini pasaytirishi to‘g‘rimi?

Spirtli ichimliklarni kam miqdorda ichish antibiotiklarga kasallik chaqiruvchi bakteriyalar bilan kurashishga xalaqit qilmaydi. Ya'ni, nazariy jihatdan ichish mumkin. Biroq baribir bunday qilish yaramaydi.

  1. U holda nima uchun spirtli ichimliklarni ichish mumkin emas?

Chunki u antibiotiklarning qo‘shimcha ta'sirini kuchaytiradi: uyqu chaqirish, bosh aylanishi, yengil ko‘ngil aynishi, oshqozon buzilishi.

Ya'ni siz:

  • kuchli bosh og‘rig‘i;
  • oshqozondagi og‘riq va qayt qilishlar;
  • haddan tashqari ko‘p terlash;
  • yurakning tez-tez urishi;
  • qon bosimining keskin ravishda ko‘tarilishi;
  • jigarning shikastlanishi;
  • o‘lim holati yuzaga kelishi mumkin.

Bu vaqtda organizm infeksiyalar sabab kuchsizlangani hisobga olinsa, alkogol iste'mol qilish (u sog‘liqqa ta'sir qilmasa ham) sog‘ayish jarayonini sekinlashtirishi mumkin.

Foto: Fotolia
  1. Aytishlaricha, antibiotiklarni apelsin sharbati va sut bilan ichish mumkin emas ekan. Shundaymi?

Ha. Apelsin, greypfrut, olma, ananas va boshqa meva sharbatlari, shuningdek, sut ham antibiotikning so‘rilish jarayonini o‘zgartirib, davolash samaradorligiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Ha aytgancha, yuqorida nomi keltirilgan sharbatlarni dori qabul qilgandan uch soat o‘tgach ichsa bo‘ladi.

  1. U holda dorini nima bilan ichgan ma'qul?

Eng to‘g‘ri yo‘l – xona haroratidagi suv bilan. Bir stakan suvning (200 ml) hammasini ichishga harakat qiling. Bu ko‘ngil aynishi va oshqozon bilan bog‘liq boshqa qo‘shimcha ta'sirlar ehtimolini kamaytiradi.

  1. Antibiotiklarni ovqat vaqtida qabul qilsa bo‘ladimi?

Bu antibiotikning turiga bog‘liq. Ayrimlari faqat och qoringa ichiladi: ana o‘shandagina samarali bo‘ladi. Ayrimlari esa aksincha qorin to‘q bo‘lgan vaqtda qabul qilinadi. Bu bo‘yicha shifokoringiz bilan maslahatlashing va hech bo‘lmaganda dori qutisidagi yo‘riqnoma bilan tanishib chiqing.

  1. Antibiotik bilan birga iste'mol qilish mumkin bo‘lmagan mahsulotlar bormi?

Oziq-ovqatlar bo‘yicha qat'iy cheklovlar yo‘q, ratsionni o‘zgartirish shart emas. Yuqorida antibiotiklarni sut bilan ichib bo‘lmasligi aytib o‘tildi. Sariyog‘, yogurt, pishloq, shuningdek, tarkibida kalsiy bo‘lgan oziq qo‘shimchalarni dori ichishdan bir-bir yarim soat oldin va dori ichilganidan keyin uch soatgacha iste'mol qilib bo‘lmaydi.

  1. Dorilar-chi?

Spirt asosidagi har qanday preparatlar tavsiya etilmaydi. Aytgancha, og‘izni chayish vositalari tarkibida ham alkogol bo‘lishi mumkin. Shuning uchun o‘ramlarni diqqat bilan o‘qing.

Boshqa dorilarga keladigan bo‘lsak, muayyan antibiotikning yo‘riqnomasida mumkin bo‘lmagan kombinatsiyalar ko‘rsatib o‘tiladi. Ana ularni nazardan qochirmaslik kerak, aks holda, dorilar bir-birining qo‘shimcha ta'sirini kuchaytirishi yoki samarasiz bo‘lishi mumkin.

  1. Qo‘shimcha ta'sirni kamaytirish uchun antibiotiklar dozasini kamaytirsa bo‘ladimi?

Yo‘q. Aks holda, nafaqat organizm, balki bakteriyalar uchun xavfni ham kamaytirasiz. Natijalar salbiy bo‘ladi. Yo‘q qilinmagan mikroblar tezda mutatsiya qilib antibiotikka moslashadi, ya'ni unga reaksiya qilmay qo‘yadi. Tuzalib ketolmaysiz, shifokor sizga yana boshqa dorilar yozib berishiga to‘g‘ri keladi.

Yodingizda bo‘lsin: antibiotik dozasi eng boshdan preparat bakteriyalarni samarali yo‘q qilishi va shu bilan birga sizga kamroq xavf tug‘dirishini o‘ylab hisoblangan.

  1. Oson yutilishi uchun dorilarni maydalasa bo‘ladimi?

Yo‘q. Bu antibiotikka ishlashda xalaqit qilishi mumkin.

Foto: Fotolia
  1.  Antibiotiklarni qanday qilib kuniga bir necha marta to‘g‘ri qabul qilish mumkin?

Antibiotikning samarasi kun davomida bir tekisda taqsimlanishi lozim. Shuning uchun “kuniga ikki mahal ichish” so‘z birikmasi har 12 soatda qabul qilishni anglatadi. Agar gap uch marta qabul qilish haqida borsa, oraliq vaqt 8 soatgacha kamayadi.

  1.  Antibiotiklar gormonal kontratseptivlar samarasini kamaytirishi to‘g‘rimi?

Ha. Kontratseptsiyaning qaysi usulidan foydalanishingizni shifokorga ayting. Mutaxassis homiladorlik bo‘lmasligi uchun qanday chora ko‘rishni maslahat beradi.

  1. Nima uchun antibiotiklar ichaklar bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltiradi?

Antibiotiklarning asosiy vazifasi – kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarni o‘ldirish. Biroq keng ta'sirga ega antibiotiklar qo‘llanganida ichakdagi foydali bakteriyalar ham zarar ko‘radi.

Natijada mikroorganizmlar muvozanati buziladi va ich ketishi, qorin dam bo‘lishi kam holatlar kuzatilishi mumkin.

Antibiotiklarni bir hafta davomida ichish ichak mikroflorasi tarkibini bir yilgacha o‘zgartirishi mumkin.

  1. Ichaklar tezroq tiklanishi uchun qanday yordam bersa bo‘ladi?

Probiotiklar qabul qilish kerak. Tirik mikroorganizmlarga ega bioqo‘shimchalar ana shunday ataladi. Ular antibiotiklar tomonidan bo‘shatilgan ichakni to‘ldirib, mikroflorani normal holatga keltiradi va buzilishlar ehtimolini kamaytiradi.

  1.  Yogurt yoki kefir ichish ichaklar mikroflorasini yaxshilashda yordam beradimi?

Probiotiklar oziq-ovqat tarkibida ham bo‘ladi. Ichaklar holatini yaxshilashda antibiotiklar bilan davolanish vaqtida va undan keyin iste'mol qilingan fermentlashgan mahsulotlar yordam beradi:

  • kimchi sabzavotlari;
  • sirka qo‘shmasdan tayyorlangan tuzlamalar;
  • yogurt va kefir.
  1. Men antibiotiklar bir kursini ichdim, biroq hali ham tuzalmadim. Nima qilish kerak?

Infektsiya qaytgan bo‘lsa, bu yaxshi belgi emas. Balki bakteriyalar o‘sha doriga adaptatsiya qilgan bo‘lishi mumkin. Biroq boshqacha holat bo‘lishi ehtimoli ham bor: immunitet pasaygani sabab yangi bakterial infeksiyani yuqtirib olgandirsiz.

Har nima bo‘lganida ham shifokor bilan maslahatlashing. U davolanish protokolingizni ko‘zdan kechirib, yana antibiotik buyuradi.

Kurslar orasidagi vaqtga amal qilish kerak emas. Vazifangiz – kasallikni tezroq yengish.

Foto: RIA "Novosti"
  1.  Antibiotiklar tez-tez ichilsa, ta'sir qilmay qo‘yishi mumkinmi?

Mumkin emas, aniq shunday bo‘ladi. Mikroblarning antibiotiklarga nisbatan barqarorligi inson salomatligi uchun jiddiy xatarlardan sanaladi. Mikroorganizmlar mutatsiyani boshdan kechirib, dorilarga moslashadi.

Bu juda xavfli.

Antibiotiklar ta'sir qilishda davom etishi uchun ularni qabul qilishdagi muhim qoidalarga rioya eting.

  1. Organizmga xavf tug‘dirmagan holatda yiliga necha marta antibiotik qabul qilsa bo‘ladi?

Antibiotiklar vitaminlar emas. Ular faqat shifokor ko‘rsatmasi bilan ichiladi. Agar sizda bakterial infeksiya bo‘lsa, shifokor o‘tgan yili qancha antibiotik qabul qilganingizni hisobga olmay ham antibiotik buyuraveradi.

  1.  Bolalarga antibiotik ichish mumkinmi?

Albatta. Agar bolada shifokor fikriga ko‘ra (faqat va faqat shifokor!) antibiotik buyurishni talab qiluvchi bakterial infeksiya bo‘lsa.

  1. Antibiotiklarni qabul qilish qon tahliliga ta'sir qiladimi?

Ha. Ayrim antibakterial preparatlar:

  • Leykotsitlar darajasini tushiradi. Xususan, keng ta'sirga ega levometsetin (xloramfenikol) ana shunday reaksiya beradi.
  • Gistamin darajasini oshiradi. Glikopeptid antibiotiklar ana shunday ishlaydi.
  • Jigardagi sinovlar natijalarini o‘zgartiradi. Penitsillin va streptomitsin ana shunday samara beradi.

Bundan tashqari, antibiotiklar gemoglobin, trombotsitlar darajasini pasaytirishi mumkin.

Shifokorlar bu kabi o‘zgarishlardan xabardor.

Foto: Fotolia
  1. Antibiotiklar qon tahliliga ta'sirini qachon to‘xtatadi?

O‘zgargan natijalarni olmaslik uchun qonni antibiotiklar kursidan 14 kun o‘tgach topshiring.

  1. Antibiotiklar qabul qilinayotganida toblanish mumkinmi?

Tavsiya etilmaydi. Ayrim antibiotiklar terining fotosezgirligini oshiradi. Natijada shokolad rangidagi toblanish o‘rniga dog‘ yoki kuyishni orttirib olishingiz mumkin. Yoki eng yaxshi holatda toblanish terida bir tekis bo‘lmaydi.

Odatda yo‘riqnomada qo‘shimcha ta'sir haqida yoziladi. Agar shubhalansangiz, shifokor bilan maslahatlashing.

  1. Sport bilan shug‘ullanish mumkinmi?

Yaxshisi shug‘ullanmagan ma'qul. Antibiotiklarning qo‘shimcha ta'siri ko‘p – diareyadan tortib, yurak aritmiyasigacha.

Shuning uchun agar imkoni bo‘lsa, antibiotiklarni qabul qilish vaqtida jismoniy mashg‘ulotlardan voz kechgan ma'qul. Agar fitnes bilan shug‘ullanishni davom ettirishni istasangiz, mashg‘ulotlar davomiyligini qisqartiring.

Top