17:52 / 06.12.2018
13817

Harbiy xizmatga chaqiruv bahor oylariga ko‘chirilishi mumkin

Foto: parliament.gov.uz

Joriy yilning 5 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2018 yil 28 noyabrda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadigan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Mudofaa vazirligi mas'ul xodimlari, siyosiy partiyalar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbirda o‘tgan davr mobaynida yangilangan Mudofaa doktrinasi, Qurolli Kuchlarni isloh qilish bo‘yicha Prezident farmon va qarorlari ijrosi bo‘yicha Mudofaa vaziri o‘rinbosarining axboroti eshitildi. 

Tadbirda Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqadigan vazifalar haqidagi ma'ruzasi tinglandi.

Muhokamalar jarayonida deputatlar davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda parlament a'zolarining roli, shu jumladan, islohotlarning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish, deputatlarning harbiy xizmatchilar bilan muntazam muloqotini yo‘lga qo‘yish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda deputatlik korpusi imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalariga alohida e'tibor qaratishdi.

Harbiy xizmatga chaqiruvni bahor oylariga ko‘chirish, harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishning mutlaqo yangi, samarali tizimini yaratish, harbiy xizmatchilarning oila a'zolarini ishga kafolatli joylash, harbiy ta'lim muassasalari o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda mohir lashkarboshi bobolar haqida ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitoblar, kinolar yaratish kabi masalalarning tashkiliy-huquqiy yechimini ishlab chiqish, shu maqsadda qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.    

Yangilangan Mudofaa doktrinasi, Qurolli Kuchlarni isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning samarali ijrosini ta'minlash yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish zarurati qayd etilib, bu borada bir qator tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Mavzuga oid
Top