17:00 / 06.12.2018
14880

«Siz bizga keraksiz!». O‘tish o‘yinlari haqida

Bir teatrda navbatdagi spektakl boshlanmasdan oldin, parda ortidan zalga qaragan aktyorlardan biri grimxonaga yugurib keladi va «qo‘rqmanglar, hayajonlanmanglar, biz ulardan ko‘pmiz», deydi. Bu eski latifa. Yangisini «So‘g‘diyona» – «Mash'al» o‘yinini televizorda sharhlagan Xayrulla Hamidov to‘qidi – «stadionga tashrif buyurgan muxlislar tarkibini ham bemalol tanishtirib o‘tsa bo‘ladi». 

Xuddi mana shunday sharoitda Superligaga o‘tish o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. O‘tgan mavsumda yuqori ligada o‘ynagan «So‘g‘diyona» va OTMK kamtarona tarzda Pro-liganing ikkinchi va uchinchi jamoalari bo‘lgan «Mash'al» va «Istiqlol» ustidan g‘alaba qozonishdi. Jizzaxliklar shu bilan to‘rtinchi bor mana shunday o‘tish o‘yinida qatnashishmoqda va barchasida muvaffaqiyat qozonishgan. Umuman, 2000 yildan buyon ba'zida yil oralab o‘tkazilib kelinayotgan o‘tish o‘yinlarida doim yuqori ligadan «tushgan» klublar g‘alaba qozonib, ligadagi o‘rinlarini saqlab qolishgan.

Bu o‘yinlar o‘z holicha ikki holatni izohlab beradi. Birinchisi, mavsum boshida, aniqrog‘i, o‘tgan mavsum oxirida Superliga jamoalari sonini qisqartirgan tashkilotchilarning «agar Superligadan ko‘proq jamoalarni pastga tushirsak, Pro-liga ham raqobatbardosh bo‘lib, kuchayadi», degan iddaolari noto‘g‘ri ekanini isbotlaydi. Ikkinchisi, raqiblar o‘rtasida saviya farqining katta ekani, umuman bunday o‘yinlarni o‘tkazishdan mantiq yo‘qligini ham namoyon etib beradi. Bu shubhasiz. Xo‘sh, o‘tish o‘yinlarini o‘tkazish shartmi?

Biror bir liganing kuchini, saviyasini aniqlashning turli mezonlari bor. Masalan, yetakchi klublarning xalqaro maydondagi ishtiroki yoki chempionlikka kurashuvchi jamoalarning qanchalik ko‘pligi va hokazo.

Yana bir o‘ziga xos o‘lchov bor – ushbu ligadan quyida bo‘lgan liganing saviyasi. Ya'ni, ushbu ligaga chiqish uchun kurashuvchi jamoalarning saviyasi qay darajada? Mavzuni sal aniqlashtiradigan bo‘lsak, Pro-ligamizda Superliga saviyasidagi, Superliga jamoalari bilan tarkib, saviya, byudjyet jihatidan bellasha oladigan klublar bormi? Javobni bilamiz. Albatta yo‘q!

Afsuski, O‘zbekistonda bu ikki liga orasida yer bilan osmoncha farq saqlanib qolmoqda. Superliga klubining byudjyeti bir necha barobar ko‘p. Superliga klublarida sezilarli darajada saviyaliroq futbolchilar to‘p suradi. O‘zimizni aldab nima qilamiz, o‘tish o‘yinlaridan oldin ham «So‘g‘diyona» va OTMK raqiblarini yengib, ligada qolishlarini hammamiz bilib turgandik.

Shu yerda bir paradoksal fikr aytmoqchiman. Superliga va Pro-liga saviyasi o‘rtasida juda katta farq bor ekan, demak o‘tish o‘yinini o‘tkazishdan mantiq yo‘q. Aslida «So‘g‘diyona» yoki OTMK (yoki ikkalasi) birinchi ligaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib ketib, «Mash'al» va «Istiqlol» (yoki ulardan biri) Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish kerak edi. Qizig‘-a, Superliga jamoalarining pastdagilardan kuchli ekanini aytib turib, nega «Mash'al» Superligada qatnashishi kerak edi, deyapman?

Chunki, Pro-liga g‘olibi hozir Superliga autsayderidan kuchsiz, mavsumning istalgan qismida shunday bo‘ladi, ammo, agar Superligaga chiqqanida bahorga kelib, kuchliroq bo‘lar edi. Ya'ni, maqsad aynan hozir kim kuchliroq ekanini aniqlashda emas, ushbu mavsumdagi omadli va omadsiz jamoalarni aniqlash, bo‘lishi kerak.

Bugun «Mash'al» «So‘g‘diyona»dan kuchliroq bo‘lib, o‘tish turnirida g‘alaba qozonishi umuman ilojsiz ish edi. «Mash'al» – birinchi liga jamoasi. Byudjyetini aynan Pro-ligaga moslagan. Tarkibida to‘p surayotgan futbolchilar ham shu liga futbolchilari. «Mash'al» Pro-ligada o‘ziga qarshi o‘ynaydigan raqiblarga mos o‘laroq tarkib tuzgan.

«So‘g‘diyona» esa, Superligada to‘p surdi. Jamoa tarkibi, holati shu ligaga mos. Qanday qilib, bu yerda «Mash'al»da g‘alaba uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin? Butun mavsum Pro-ligada o‘ynaydigan «Mash'al» o‘z tarkibini mavsum oxiridagi o‘tish o‘yinida «So‘g‘diyona» bilan o‘yinga moslab olib yurolmasdi, to‘g‘rimi? O‘tish o‘yini oldidan transferlarga ruxsat berish esa, kattaroq maynavozchiliklarga sabab bo‘lishini avval kuzatgandik. Bir necha yil oldin «Sho‘rtan» jamoasi oliy ligaga o‘tish turnirida qatnashish oldidan mavsumni oliy liganing boshqa jamoalari safida yakunlagan bir qator tajribali futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olib, g‘olib chiqqan edi.

Bundan tashqari, Pro-ligada jamoalarga o‘yinlarda tarkibda 2 nafar yosh futbolchini maydonga tushirish shart qilib ham qo‘yilgan. Murabbiy tarkibini, o‘yinini mana shu talablarga mos ravishda qilishga majbur. O‘tish o‘yinida esa, bunday talab olib tashlanadi, bu ham bir noqulaylik. Superliga jamoasiga farqi yo‘q, o‘zi o‘ynab yurgan tarkibida tushaveradi. Ba'zida esa, mavsum davomida amal qilingan biror cheklov olib tashlanishi ham noqulay – uzoq vaqt zanjirda turgan kuchukni yugurtirib ko‘ring, muvozanatini yo‘qotib, g‘alati holatga tushishini ko‘rasiz. 

Yuqori ligaga pley-off o‘yinlari orqali chiqish tajribasi masalan Germaniya va Angliyada ham qo‘llaniladi. Lekin farqi bor. Germaniyada bundesliga va ikkinchi bundesliga o‘rtasidagi farq bizniki kabi katta emas. Alohida o‘yinlarda har qaysi biri g‘olib chiqishi mumkin. Ligalar o‘rtasidagi farq kattaroq bo‘lgan Angliyada esa, pley-off Chempionship jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi. Ya'ni, g‘olib, yil davomida bitta turnirda qatnashib, kurashgan jamoalar o‘rtasida aniqlanadi.

Biz Pro-liga vakiliga «sen 2-o‘rinni olsang, o‘tish o‘yinida Superliga jamoasi bilan o‘ynaysan va yutsang, Superligaga chiqasan» deyishimiz, masalan ularga «Sen Pro-ligani yutsang, APLga chiqishing mumkin, faqat buning uchun oxirida o‘tish o‘yinida aytaylik, «Sauthempton»ni yutishing kerak» deyishdek gap. Har ikki holatda ham imkoniyat nolga yaqin, Pro-liga g‘oliblaridan biri mavsum oxirida shunchaki, Superliga jamoasi bilan 20 nafar muxlis qarshisida bitta o‘yin o‘tkazish imkoniyatini qo‘lga kiritadi xolos. 

Kuchli jamoani tushirib yuborib, kuchsizroq «Mash'al»ni oliy ligaga chiqarish ligani kuchsizlantirib yuborishi mumkin, deyish ham xato. Baribir bahorga borib, shartli «Mash'al» ham boshqa Superliga jamoalari singari tarkibini kuchaytirib olish, byudjyetini aynan ligadagi raqiblariga moslab olish imkoniyatiga ega bo‘lardi. Ya'ni, butun mavsum yuqori o‘rinlar uchun kurashib, yilni muvaffaqiyatli o‘tkazgan jamoa birgina o‘yin natijasida qolib ketmasligi kerak edi.

Yoki mavsum boshidan Superligani birgina jamoa tark etib, faqatgina Pro-liga g‘olibi uning o‘rnini egallashini belgilab qo‘yish kerak. Ana o‘shanda e'tiroz bo‘lmaydi, hammasi to‘g‘ri bo‘ladi. «Mash'al» ham, «So‘g‘diyona» ham mavsum yakunida o‘zining keyingi o‘rnini bilib oladi.

Bu ikki jamoani o‘zaro o‘ynatib, «kuchli»sini aniqlashdan foyda yo‘q. Shundoq ham bilamiz kim kuchli ekanini.

Q.Aslanov

Mavzuga oid
Top