16:43 / 07.12.2018
17744

Aholiga tabiiy gaz yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilish taklif etildi 

Foto: RIA Novosti / Stringer

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida aholiga tabiiy gaz yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, aholi xonadonlarini gazlashtirish ishlarining pala-partish amalga oshirilgani natijasida iste'mol uchun tabiiy gazning yetarli ekanligiga qaramasdan, chekka hududlarning aksariyat joylariga gaz quvurlari yetib borgan bo‘lsa ham, kuz-qish mavsumida ushbu hududlarga gaz yetib bormaydi.

Shu sababdan, ushbu tizimda modernizatsiya ishlarini amalga oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish hamda tizimni bosqichma-bosqich xususiy sektorga topshirish va tijoriy munosabatlar asosida narxning shakllantirilishiga imkon beruvchi qonunchilik bazasini yaratish lozim. Shu bilan birga, aholiga gaz yetkazib berish tizimini avtomatik boshqarishni joriy qilish tizimdagi yo‘qotishlarning kamayishiga hamda xizmat sifatining keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, avtomatik boshqaruv tizimining qo‘llanilishi natijasida, gaz yetkazib berish tizimini har yili qishki yoki yozgi mavsumga moslashtirish ishlarini bajarishga zarurat qolmaydi, deyiladi murojaatda. 

“Joriy qilingan avtomatik tizim biror-bir aholi punktida gaz iste'moli ko‘paygan vaqtda avtomatik tarzda ushbu hududga yetkazib berilayotgan gaz miqdorini oshiradi, aksincha iste'mol qisqarganida esa kamaytiradi. To‘g‘ri, ushbu tizim qimmat turadi. Ammo uning qiymatini yetkazib berilayotgan gaz narxiga qo‘shish orqali ushbu tizimni joriy qilish, unga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qoplash mumkin”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Top