12:42 / 07.12.2018
14287

Ravon’ning Rossiya bozoridagi ulushi 0,3 foizgacha kamaydi

Foto: Ravon

2018 yil yanvar-noyabr oylari yakuni bo‘yicha Rossiya bozorida Ravon’ning ulushi 0,3 foizni tashkil etdi. Bundan Yevropa biznesi assotsiatsiyasi ma'lumotlari darak bermoqda.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning xuddi shu davrida brend ulushi 0,9 foizni tashkil qilgandi. Kamayish Rossiyada butun yoz va kuz faslida birorta Ravon avtomobili sotilmagani bilan izohlanadi - ular savdoda yo‘q.

So‘nggi bor kompaniya avtomobillarni may oyida sotgan - 508 dona. O‘shanda ular Rossiyadagi aksariyat dilerlik markazlaridan yo‘qolib qoldi.

Taqchillikka kamida ikkita sabab bor - Rossiya bozoridagi narxlarning qayta ko‘rib chiqilishi va kompaniya biznes modelidagi sezilarli o‘zgarishlar.

«Narxlarni qayta ko‘rib chiqish Rossiya va O‘zbekiston milliy valyutalari kursi o‘zgarishi hamda Rossiya Federatsiyasida utilizatsiya yig‘imi stavkalari oshishi bilan bog‘liq. Biznes modelidagi o‘zgarishlar rebrending va yangilangan modellar qatori ishga tushirilishi bilan kechdi hamda Ravon brendining rivojlanishi, Rossiya bozori uchun yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar va dilerlik tarmog‘ini kengaytirish bilan davom etmoqda», - deya xabar qilishgan Ravon Motors Rus/GM Uzbekistan’dan.

Mavzuga oid
Top