09:11 / 12.12.2018
12177

“Yandeks. Karty”da Isroil va Turkiyaning yuzlab maxfiy obektlari oshkor qilib qo‘yildi

Foto: RIA Novosti / Valeriy Melnikov

Rossiyaning “Yandeks. Karty” kartografik servisi Isroil va Turkiyaning yuzlab harbiy obektlari hamda NATOning ikkita harbiy bazasining aniq joylashgan o‘rnini oshkor qildi. Bu haqda amerikalik olimlar federatsiyasi (FAS) xodimi Mett Kord ma'lum qildi.  

Jumladan, Kord servisning xaritalarida Isroil va Turkiyadagi ba'zi hududlar perimetri bo‘yicha tanib bo‘lmas darajada “chaplab yuborilganini” aniqladi. Kord ularni Google Earth’dan olingan tasvirlar bilan taqqoslab, Google servisida nomlanmagan, ba'zilari maxfiy bo‘lgan ko‘plab harbiy obektlar, jumladan yirik aerodromlar, bunkerlar, shahar dahalaridagi kichik binolarni ajrata olgan. U umumiy hisobda 300ga yaqin shunday joyni aniqlagan. 

Kordning aytishicha, bunday “chaplab yuborish” Isroil va Turkiyadagi har bir harbiy obekt hamda NATOning ikkita harbiy bazasi: NATOning quruqlikdagi qo‘mondonligining Izmirdagi bazasi hamda AQShning o‘z hududidan tashqarida eng katta yadroviy quroli joylashtirilgan Injirliqdagi aviabazaning aniq joyini ko‘rsatadi. 

Biroq Kordning ta'kidlashicha, u “Yandeks” xaritalarida Rossiyaning bunday darajada “chaplab yuborilgan” birorta harbiy obektini topa olmagan. Bundan tashqari, Suriya hududi xaritada juda past sifatda taqdim qilingan va unda biror-bir narsani ko‘rishning iloji yo‘q.

Kordning ta'kidlashicha, xaritada “chaplab yuborilgan” joylar Isroil va Turkiya harbiylarining murojaati bilan paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, biroq joyni bunday yashirish usulini muvaffaqiyatli deb atash dargumon va aksincha, bu obektlarga e'tiborni jalb qiladi.

Mavzuga oid
Top