16:40 / 13.12.2018
31039

O‘zbekiston qamoqxonalarida «yil qo‘shib berish» amaliyoti bo‘lganmi?

O‘zbekistonda muqaddam jazoni ijro etish tizimida mahkumlarga, turli sabab va vajlar ko‘rsatilib, «yil qo‘shib berish» amaliyoti kuzatilgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Tarbiyaviy va ijtimoiy-psixologik ishlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov «Taraqqiyot markazi»da Jinoyat-ijroiya tizimida olib borilayotgan ishlar samaradorligi, jazoni ijro etish tizimida islohotlarni davom ettirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida aytib o‘tdi. U «buni inkor etib bo‘lmasligi»ni ta'kidlab o‘tgan.

«Shavkat Mirziyoyev prezidentligining ilk kunlaridanoq, ushbu amaliyot alohida nazoratga olingan. Shuningdek, prokuratura organlari tomonidan ham qattiq nazorat qilinadi. Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga nisbatan jazo choralarini qo‘llash va ularni bekor qilish chog‘ida prokurorning shaxsan ishtirokini ta'minlash talab etiladi», - deya bosh boshqarma boshlig‘ining so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Jamshid Sultonovning aytishicha, ayni paytda mahkumlarning jazo muddatini sun'iy ravishda uzaytirish kuzatilmayapti. Biroq, Jinoyat kodeksining 221-moddasiga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilish joyida jazoni o‘tayotgan shaxsning jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmasligi yoxud ma'muriyatning o‘z faoliyatini amalga oshirishiga boshqacha yo‘sinda to‘sqinlik qilishi uch yilgacha, og‘irlashtiruvchi holatlarda esa besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlashga sabab bo‘ladi.

Qamoqxonalar islohoti xalqaro tashkiloti (PRI) mutaxassisi Entoni Amaechi ham bu borada o‘z fikrlarini bildirgan.

«Men mamlakatimdagi bir tajribani sizlarga aytib o‘tmoqchiman. Buyuk Britaniyada hibcxona ma'muriyati boshqaruv tizimi va qonunda ko‘rsatilmagan holat asosida mahkumlarga «kun qo‘shib berishgan». Ayni paytda, mahkum jiddiy qoidabuzarlik qilsa, uning harakatiga mustaqil sud huquqiy baho beradi. Shuningdek, bizning tajribamizda, sodir etilishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar ro‘yxati va unga yarasha jazo qanday bo‘lishi aniq belgilab qo‘yilgan. Tartibdan chetga chiqib, o‘zboshimcha jazo tayinlanishi mumkin emas», - degan Entoni Amaechi. 

O‘zbekiston qamoqxonalarida sud tomonidan belgilangan jazo muddatni allaqachon o‘tab, boshqa sabablar bilan jazo muddati uzaytirilayotgan mahkumlar mavjud. 

Ma'lumot uchun, tergov izolyatorida ushlab turilgan shaxslar yo qamoqqa olinganlar qamoqda bo‘lgan payti muassasa ma'muriyati, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hamda jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tillarda arizalar, taklif va shikoyatlar bilan murojaat etish va ularga yozma javoblar olish huquqiga ega.

Top