12:30 / 20.12.2018
26463

Kelajakka nazar: YeChL 1/8 finalidagi barcha juftliklar haqida

Foto AFP

Fevralda Chempionlar Ligasida pley-off o‘yinlari boshlanadi. U paytgacha hali vaqt bor va jamoalar ayniqsa, yanvar transfer oynasidan keyin qanday holatda bo‘lishlari noma'lum bo‘lsa-da, biz asosiy juftliklarga yana bir bor nazar tashlab ko‘rishni lozim topdik.

«Manchester Yunayted» — «PSJ»

Foto: Srdjan Stevanovic/Getty Images

Agar o‘yin ertaga bo‘lganida, hammasi aniq, top o‘yinlarda raqibni yutish tugul, munosib qarshilik ham qila olmayotgan «Manchester Yunayted»ni dunyodagi eng kuchli hujum triosi (bahsli) chilparchin qilib tashlashi muqarrar edi.

Ammo o‘yin ikki oydan keyin bo‘lib o‘tadi va muammolarni yechish borasida inglizlar dastlabki qadamni tashlab ulgurishdi. Joze Mourino iste'foga chiqarildi. Bu degani jamoa tarkibi masalan, «Liverpul»ga qarshi bo‘lganidek emas, birmuncha yulduzliroq bo‘ladi. Sababi, Pogba, Sanches, Marsiyal kabi futbolchilar murabbiy taktikasiga mos kelmagani uchun ham chetda qolayotgandi. Rahbariyat mavsum oxirigacha jamoaning sobiq futbolchisi Ole Gunnar Sulsherni bosh murabbiy etib tayinladi.

Parij jamoasi har jabhada Yevropaning eng kuchli tarkibiga ega bo‘lishi bilan birgalikda, muammo shundaki, Fransiya chempionatida yetarlicha qarshilik yo‘qligi tufayli, yevrokuboklardagi top o‘yinlarda muammolar yuzaga kelmoqda. Misol uchun, guruh bosqichidagi «Napoli» va «Liverpul»ga qarshi to‘rt o‘yindan atigi bittasi g‘alaba bilan yakunlandi, xolos. To‘g‘ri, Tuxel jamoasi guruhda birinchi o‘rinni oldi, ammo avvalo, buning uchun «Tsrvena Zvezda»dan minnatdor bo‘lish kerak. Aynan serblar asosiy raqiblardan ochko olib berishdi.

Frantsuzlarga muammo tug‘dirgan «Napoli» va «Liverpul»ning o‘xshash jihatlari bor – har ikki jamoa ham yuqori pressingda o‘ynashni afzal biladi. Asosiy quroli hujum chizig‘ida bo‘lgan «PSJ» uchun bu ancha noqulaylik tug‘dirdi. Agar Mourino Manchesterda qolganda, balki uning uslubi «PSJ» uchun ancha qulay bo‘lishi mumkin edi. Endi esa, fevralda «MYu» qanday o‘yin ko‘rsatadi, qaysi uslubda va qanday tarkibda bo‘ladi, aytish qiyin. Hatto yanvardagi transfer oynasi ham ingliz klubini o‘zgartirishi mumkin.

Yana bir qo‘shimcha intrigalardan biri Anxel Di Mariyaning «Old Trafford»ga qaytishidir. «MYu»ga to‘rt yil oldin katta transfer bilan kelgan, ammo omadi chopmagan futbolchi sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, yosh futbolchilar ichida o‘z vaqtida solishtirilgan ikki yosh hujumchi Reshford – Mbappe qarama qarshiligi ham qiziq bo‘lsa kerak. Frantsuz hozirda ancha oldinlab ketgan, ammo alohida o‘yinlarda bularning qaysi porlashini taxmin qilish qiyin.

«Atletiko» — «Yuventus»

Foto: Emilio Andreoli/Getty Images

Chempionlar Ligasi finali bu safar Madriddagi «Vanda Metropolitano» stadionida bo‘lib o‘tadi. Ushbu stadion egasi bo‘lgan «Atletiko», albatta, so‘nggi bosqichlarga qadar borishni maqsad qilgani tabiiy. Ammo guruh bosqichida juda yaxshi formaga kirgan «Borussiya»ga qarshi kelish natijasida, Simeone shogirdlari guruhda ikkinchi o‘ringa tushib qolishdi va aytish mumkinki, dastlabki bosqichdayoq, vazifani qiyinlashtirib olishdi. Qur'a, u darajada omadli yoki omadsiz keldi, deb aytish qiyin, chunki madridliklarga faqat «Portu» qulayroq raqib bo‘lishi mumkin edi xolos. Ammo Turin jamoasi uchun qur'a ters kelganini aytsak bo‘ladi. «Atletiko» guruhda 2-o‘rinni olganlar ichida eng kuchlilaridan biri edi.

Ba'zi boshqa juftliklar oldida, balki bu juft soyada qolar, ammo natijalarga qarasak, so‘nggi 5 yildagi YeChL finalining 4tasida bu jamoalardan biri to‘p surganini ta'kidlash mumkin. Bu fakt aslida YeChLning bugungi kundagi eng barqaror jamoalari 1/8 finalda raqib bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘z navbatida, eng omadsiz ham deyish mumkin, zero bu finallarda «qahramonlarimiz» mag‘lubiyatga uchrashgan.

Umuman, tarkibdagi muvozanat, bo‘shliqlar yo‘qligi borasida bu ikki klub Yevropadagi eng old jamoalardan sanalishadi. Madridliklar mehnatkashlik va yuqori motivatsiya hisobiga, kuchliroq jamoalar bilan ham munosib kurasha olsa, «Yuventus» har bir chiziqda tajribali va mahoratli futbolchilarni yig‘ib ulgurdi.

Shuningdek, Krishtianu Ronalduning ham Madridga qaytayotganini ta'kidlash mumkin. Portugaliyalik hujumchi ayniqsa, «Atletiko»ga qarshi juda samarali harakat qiladi – 31 o‘yinda 22 gol. Chempionlar Ligasini alohida olsak, bundan ham qo‘rqinchli natijani olamiz – 4 gol, 3 golli pas, shuningdek, 2016 yilgi YeChL finalida hal qiluvchi penalti.

Jamoalar yevrokuboklarda o‘zaro 7 marotaba duch kelishgan va bu o‘yinlarning aksariyat qismi 60-yillardagi Yarmarka Kubogiga to‘g‘ri keladi. Yangi davrda esa, ikki klub 2014/15 yilgi mavsumda Chempionlar Ligasi guruh bosqichida to‘qnash kelishgandi. Madridda mezbonlar g‘alaba qozonishgan bo‘lsa, Italiyada durang qayd etilgan. Ammo yakunda har ikki jamoa ham keyingi bosqichga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

«Tottenhem» — «Borussiya»

Foto: Dean Mouhtaropoulos/Bongarts/Getty Images

Angliya chempionatining uch jamoasi uch nemis jamoasiga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. Birato‘la, qaysi liga kuchliroq ekani haqidagi savollarga ham oydinlik kiritib olamiz.

So‘nggi turda yaxshigina omad hisobiga keyingi bosqichga chiqib olgan «Tottenhem»ga qur'ada ham tole kulib boqdi, deb bemalol aytish mumkin. Yo‘q, hozirda Bundesligani boshqarayotgan dortmundliklarni pastga urish niyatimiz yo‘q, ammo guruh g‘oliblari ichida Pochettino jamoasi uchun bir xil vazndagi raqib aynan «Borussiya» edi.

Jamoalar o‘tgan yili ham YeChLda ro‘para kelishgan. Muammolar girdobida qolgan «Borussiya» guruhda qolib ketgan, bunga albatta, «Tottenhem»ga qarshi ikki o‘yindagi mag‘lubiyat sabab bo‘lgandi. Ikki yil oldin esa, bu jamoalar Yevropa Ligasi nimchorak finalida to‘qnashishdi. U paytlarda aksincha, «Borussiya»ning qo‘li baland kelgan, nemislar asosiy e'tiborini APLdagi kurashga qaratgan va ikkinchi darajali turnirga aralash tarkiblarni tushirgan inglizlar ustidan har ikki o‘yinda g‘alaba qozongandi.

Umuman futbolning go‘zalligi, hujumkorlik va tomoshaboplik nuqtai nazaridan eng e'tiborga loyiq juftliklardan biri shu bo‘lsa kerak. Har ikki jamoa ham hujumga urg‘u beradi, yuqori pressing, muxlislar uchun o‘ynash bobida ham bir-birlariga o‘xshab ketadi. Faqat Dortmund jamoasi biroz yosh va yangi qahramonlar bilan yurishini davom ettirayotgan bo‘lsa, «Tottenhem» to‘rt yildan beri ayni murabbiy va deyarli ayni tarkib bilan barqaror o‘yin ko‘rsatmoqda. Shu tomondan inglizlar biroz ustunroq bo‘lishi mumkin – sababi, Sancho, Pulishich, Hakimi kabi yosh futbolchilar uzoq muddatga yuqori sport formasida bo‘lib turishadimi yoki pasayish bo‘ladimi, oldindan bilish qiyin. «Tottenhem» esa mavsumning istalgan davrida qanday o‘yin ko‘rsata olishini yaxshi bilamiz. Agar ochkolar va o‘yinlar, gollar tomonidan tahlil qilinsa, «Tottenhem» APLdagi eng barqaror, mavsumning istalgan paytida bir xil ochko olayotgan jamoa ekaniga guvoh bo‘lamiz.

«Tottenhem» uchun noqulaylik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan jihat, xuddi boshqa ingliz jamoalarida bo‘ladigandek, fevral oyida raqibga nisbatan biroz horg‘inlik kuzatilishi mumkin. Chunki kelasi haftadan «boksing-dey» va qisqa vaqt ichida bir qator o‘yinlar bo‘lib o‘tadi, to fevralgacha dam olishga vaqt yo‘q. Bu paytda esa, yanvarda Bundesliga uchun ikki haftalik ta'til bor. 

«Liverpul» — «Bavariya»

Foto: Julian Finney/Getty Images

Birgalikda yutilgan Chempionlar kuboklarini hisoblaganda, «Real» va «Ayaks» juftligi albatta ustun, ammo kuchlar muvozanati nuqtai nazaridan, bu o‘yinlar nimchorak finalning markaziy dueli bo‘ladi, deb bemalol aytish mumkin. Tomonlar shu paytgacha besh marotabadan Yevropaning eng nufuzli turnirida g‘alaba qozonishgan.

Nemislarning so‘nggi zafarida raqib jamoa murabbiyi aynan Yurgen Klopp bo‘lgandi. «Liverpul» ustozi uchun «Bavariya» eng noqulay raqib sanaladi, Klopp murabbiy sifatida eng ko‘p aynan shu jamoaga yutqazgan. Ammo shu bilan birga, 2011-2012 yillarda Klopp Dortmundda «Bavariya» gegemonligiga soya tashlay oladigan kuchli jamoa tuzgandi. Hozir murabbiy Liverpulda shunga o‘xshash kurashuvchan va hujumkor jamoa tuza oldi, o‘tgan yili hatto finalda ham o‘ynadi. Bundan kelib chiqib, «Liverpul» bu safar ham turnirni erta tark etishni xayoliga keltirmasligi tabiiy.

Niko Kovach jamoasi esa, mavsumni juda yomon boshladi, murabbiy iste'fo yoqasiga kelib qolgan paytlari ham bo‘ldi. Ammo «Bavariya»da tajriba va tarkib jihatidan juda katta salohiyatga ega deyish mumkin. Shubhasiz, nemislar turnirning yaqqol favoritlaridan biridir.

«Liverpul» va «Bavariya» Chempionlar Ligasida biror marta ham to‘qnash kelishmagan. Ammo «Bavariya» ingliz jamoalariga qarshi so‘nggi 3 o‘yinni bir xil – 5:1 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlagan.

«Lion» — «Barselona»

Foto: Jeroen Meuwsen/Soccrates/Getty Images

Jamoalar rasmiy uchrashuvlarda ilk marta 2001 yilda to‘qnashishgan: shundan keyin o‘tkazilgan 6 o‘yinda «Barsa» 4 bor g‘alaba qozongan va ikki marta durang o‘ynagan. «Lion» bu vaqt davomida bir necha bor «Real»ni YeChLdan chiqarib yuborgan, ammo katalonlarga qarshi hech narsa qila olmagan.

«Barselona»ga noqulaylik tug‘dirishi mumkin bo‘lgan asosiy jihat shuki, «Lion» — to‘pga egalik qilishga harakat qiladigan klublar sirasidan. Bu ularning o‘ziga xosligi: fransuzlar hamisha yuqori pressing uyushtirishadi. Fransiya chempionatida bu ko‘p ham ish bermasada, Chempionlar ligasida muvaffaqiyat keltirdi. Bunday jamoalar ko‘p emas, «Liverpul» raqobatdan tashqari, «Lion» «Siti»ga muammolar tug‘dirganining asosiy sababi ham shunda edi. «Siti» bilan ikki o‘yindagi 4 ochko shuni ko‘rsatmoqdaki, «Lion»ning pressinglari har qanday raqib uchun ham xavfli.

«Ayaks» — «Real»

Foto: NurPhoto/NurPhoto via Getty Images

Bu jamoa bilan oxirgi uchrashuvlarda «Real» bir xil hisoblarda g‘alaba qozongan. 2012 yilning kuzida Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Ayaks» ikki marta 4:1 hisobida mag‘lub etilgandi. 2011 yili ham jamoalar guruh bosqichida bitta guruhdan joy olishgan va o‘shanda ham madridliklar ikki o‘yinda ham bir xil hisoblarda ustun kelishgan - 3:0. Bu davrda niderlandlar darvozasiga asosan Krishtianu va Kalexon gol urishgan. 2010 yil kuzida ham «Real» bu jamoa darvozasini ikki o‘yinda 6 bor ishg‘ol etgan. Yaqin o‘tmishdagi statistika faqat madridliklar ustunligini ko‘rsatmoqda. Ammo qachonlardir bari boshqacha bo‘lgan. 1995 yilda van Gaalning Davids hamda Klyuyvert kabi yosh yulduzlar porlagan jamoasi Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongandi. 1973 yilda esa Yohan Kroyf boshchiligidagi «Ayaks» madridliklarni Chempionlar Kubogi yarim finalida to‘xtatgandi.

Hozirgi «Real» ham qiyin vaziyatda. Chempionlar ligasi guruh bosqichida klub ikki marta TsSKAga mag‘lub bo‘ldi, ammo guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqdi. Murabbiy almashganidan keyin jamoa durang o‘ynamadi: barcha turnirlar doirasidagi o‘yinlarda 2 mag‘lubiyat va 11 g‘alaba. «Real» tarkibi pley-offning boshqa ishtirokchilaridan qolishmaydi, ammo Santyago Solari davrida madridliklar o‘yinda ustunlik qilmasdan natija uchun o‘ynashga odatlanib olishdi.

«Ayaks» esa guruh bosqichida «Bavariya»ga qarshi kurash olib bordi va bu bosqichni mag‘lubiyatsiz yakunladi. Niderlandiya chempionatida esa jamoa mavsum yarmiga kelib faqat bir o‘yinla mag‘lub bo‘lishgan va turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoada ayni vaqtda bir guruh yosh yulduzlar yig‘ilgan, Chempionlar ligasining bu mavsumidagi yorqin o‘yinlar evaziga Mateys de Ligt va Frenki de Yong kabi futbolchilar katta klublarga yo‘l olishi oydinlashmoqda, qolaversa jamoa o‘yini tajribali Dushan Tadich va Deyli Blindga ham ma'lum miqdorda bog‘liq, ular to‘p nazoratiga javobgar, David Neres va Hakim Ziyosh esa gollar urish va golli paslar berish bilan mashg‘ul. Bu jamoada hamma gol urishi mumkin: himoyachi Blind Erediviziyaning oxirgi turida 3 gol urdi. Bu jamoa yana bir sensatsiya qilishi mumkin, ayniqsa hozirgi «Real» yengilmas emas.

«Roma» — «Portu»

Foto: Tvitter

O‘tgan asrning 80-yillarida «Portu» rimliklarni Kubok egalari kubogining 1/8 finalida turnirdan chiqarib yuborgandi, ikki yil muqaddam ham jamoalar Chempionlar ligasining nimchorak finalida o‘zaro to‘qnashishdi – yana portugallar ustun keldi. O‘shanda javob uchrashuvida Luchano Spalletti ilojsiz ahvolda qolgandi, Emerson va De Rossi maydondan chetlatilgan, ikkinchi bo‘limni to‘qqiz kishi bo‘lib o‘tkazgan «Roma» 0:3 hisobida yutqazgandi.

«Portu» hozir ham ustunroq ko‘rinmoqda. Jamoa guruh bosqichida eng ko‘p ochko olgan jamoa bo‘ldi (16 ochko). Tarkib ikki yil oldingidan ko‘p ham o‘zgarmagan, hali ham Iker Kasilyas darvozada, qanotlarga Aleks Telles, Felipe va Maksi Perreyra, yarimhimoya markazida – Ektor Errera. Guruh bosqichida «Shalke», «Galatasaroy» va «Lokomotiv»ga qarshi o‘yinlarda portugallar jami 5 g‘alaba va bir durang qayd etib, birinchi o‘rinni egallashdi.

«Roma»da esa muammolar mavjud. Eusebio Di Franchesko yozda bir qator transferlar amalga oshirgandi: Chorich, Dzaniolo, kichik Klyuyvert, Kristante. Ammo yosh talantlar murabbiyga faqat xalal berishmoqda: Di Franchesko doimiy rotatsiyalar qilmoqda va ideal tarkib tuza olmayapti. Naynggolan va Strotmanning ketishi «Roma»ning maydon markazini zaiflashtirdi: N'Zonzi hali ham jamoaga moslasha olmadi, Pastore bilan ham shunday. «Roma»da portugal jamoasi bilan taqqoslaganda ko‘plab taniqli futbolchilar jamlangan, ammo jamoa bir muvaffaqiyatsizlik bilan sochilib ketmoqda.

«Shalke-04» — «Manchester Siti»

Foto: Michael Regan/Getty Images

«Manchester Siti» o‘z tarixida faqat bir marta «Shalke 04» bilan to‘qnashgan. Bu 1970 yilda, Yevropa Kubok egalari kubogi yarim finalida sodir bo‘lgan. O‘shanda inglizlar «Shalke 04»ni musobaqadan chiqarib yuborishgan (5:1, 0:1) va yakunda ushbu sovrin egasiga aylanishgan. Bu kubok «Manchester Siti» tarixidagi yagona yevrokubok hisoblanadi. Balki yana tarix takrorlanar?...

Nemislarning hozirgi bosh murabbiyi Domeniko Tedesko jamoa bilan Chempionlar ligasidagi eng kuchsiz guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi. Tedeskoda tarkib bilan muammolar bor, murabbiy va bir qator yetakchilar o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan (qishda «Shalke» bir qancha futbolchilarini sotib yubormoqchi va bir qancha futbolchilar sotib olmoqchi), jamoa pressing orqali o‘ynashga harakat qilmoqda, ammo Bundesligada bu ko‘pam ish berayotgani yo‘q. Jarohatlar tufayli Tedesko ideal tarkibga ega bo‘la olmayapti. Bu juftlikda barchasi ma'lum.

FIKRLAR:
MeSSI: «Nomlar nuqtai nazaridan bilinmasligi mumkin, ammo «Lion» oson raqib emas. Qarang, ular Yevropadagi eng kuchli jamoalardan biri «Manchester Siti»ga munosib qarshilik qila olishdi».

Yurgen KLOPP: Rostini aytsam, qur'a paytida faqat ikki jamoaga raqib bo‘lishni istamagandim. «Borussiya» va «Yuventus». Dortmundliklar bilan buncha erta uchrashishni istamayman, «Yuventus»ni esa turnir favoriti deb bilaman. Turinliklar himoyachilarining yoshidan kelib chiqsak, ular oxirgi imkoniyat ekanini yaxshi bilishadi. «Bavariya»ga kelsak, masalan ikki yil oldin, umuman imkoniyat yo‘q, degan bo‘lardim. Hozir esa, bor. To‘g‘ri bizga ham, ularga ham oson bo‘lmaydi, buni bilamiz. Bizni ikkita katta o‘yin kutib turibdi».

Franchesko TOTTI: «Bizga raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan jamoalar safiga qarab, bizga omad kulib boqdi deyish mumkin. Lekin «Portu» ham kuchli jamoa va ular buni guruh bosqichidagi o‘yinlarda ham isbotlashdi. Biz esa, fevralgacha bugungi muammolarni yechib, yaxshiroq holatda bo‘lamiz, deb umid qilaman».

Kliment VILYaVeRDe: «Agar finalgacha yetib bormoqchi bo‘lsak, kuchli raqiblar bilan o‘ynashimiz tayin va «Yuventus» ulardan biridir. Biz faqat Ronaldu haqida o‘ylaganimiz yo‘q, u raqiblarimiz tarkibidagi bir qator yaxshi futbolchilardan biridir. Bizning ham o‘z qurollarimiz bor».

Tomas TUXeL: «Men xafa ham, xursand ham emasman. «Manchester Yunayted» – turnirning tajribali jamoalaridan biri, bir necha bor g‘olib ham chiqishgan. Bu bosqichda oson o‘yinlar bo‘lmaydi. Ammo biz «Old Trafford»da g‘alaba qozona oladigan salohiyatga egamiz, deb hisoblayman».

Pavel NeDVeD: «Qur'a biz uchun qiyin keldi, ammo keyingi bosqichga o‘tishga harakat qilamiz. «Atletiko» juda yaxshi himoyalanadigan va oldinda Kosta va Grizmann yordamida muammo tug‘dirishi mumkin bo‘lgan raqibdir. Menimcha, u qadar ko‘p gol urilmaydigan ikki jangovor o‘yin bizni kutib turibdi».

DARVOQe...
Infogol portali nimchorak finaldagi juftliklarning imkoniyatlarini chamalab chiqdi. Unga ko‘ra, keyingi bosqichga o‘tish uchun eng yaxshi imkoniyat «Shalke»ga qarshi o‘ynaydigan «Manchester Siti»da. Nemis klublarining «Liverpul» va «Tottenhem»ga qarshi duellari esa, juftliklar ichida eng murosasiz, deb belgilandi.

Dastlabki uchrashuvlar 12-13 va 19-20 fevral kunlari, javob o‘yinlari esa, 5-6 va 12-13 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top