01:38 / 21.12.2018
8093

III Paraosiyo o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari munosib taqdirlandi

III Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishlari imzolangandi.

20 dekabrda Olimpiya shon-shuhrati muzeyida ushbu mukofotlarni egalariga topshirish marosimi o‘tkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Paralimpiya Milliy assotsiatsiyasi raisi Ulug‘bek Mirhaydarov va boshqalar ishtirok etishdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi

Dastlab, Prezidentning yoshlar, fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yil 4 dekabr kuni imzolangan “III Parosiyo o‘yinlarining g‘oliblari va sovrindorlarini taqdirlash to‘g‘risida”gi Farmoyishini o‘qib eshittirdi.

Unga ko‘ra, Paraosiyo o‘yinlari oltin medali sohiblari 5000, kumush medal sovrindorlari 3000, bronza medaliga ega chiqqan sportchilarga 2000 AQSh dollari miqdoridagi, shogirdlari oltin medalni qo‘lga kiritgan murabbiylar 2500, kumush medal 1500, bronza medalga ega chiqqan sportchilarimizning murabbiylari esa 1000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot puli bilan birma-bir taqdirlanishdi.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 6-13-oktabr kunlari Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan III Paraosiyo o‘yinlarida 42 ta davlat sport delegatsiyasi ishtirokida 2831 nafar sportchi ishtirok etdi.

Ushbu musobaqalarida sportning 17 ta turi bo‘yicha 421 komplekt medallar o‘ynaldi. O‘zbekiston sport delegatsiyasi o‘yinlarda 5 ta sport turida (dzyudo, yengil atletika, suzish, o‘q otish va pauerlifting) 54 nafar sportchi bilan ishtirok etdi.

O‘zbekiston terma jamoasi umumiy hisobda 35 ta oltin, 24 ta kumush, 18 ta bronza, jami 77 ta medalga sazovor bo‘lib, umumjamoa hisobida 42 ta davlatdan 5-o‘rinni egalladi hamda o‘zbek sporti tarixidagi Paraosiyo o‘yinlarida medallar bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd etgan.

Mavzuga oid
Top