22:53 / 23.12.2018
16387

Abdusaid Ko‘chimov O‘zA va O‘zbekiston24 qo‘shilishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari Abdusaid Ko‘chimov O‘zA agentligi va «O‘zbekiston24» telekanali qo‘shilib, bir agentlikka birlashtirilishi haqida tarqalgan mish-mishlarga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

Video: Youtube.com

Video: Tas-IX

«Biz bu mish-mish haqidagi xabarni turli saytlardan o‘qib hayron bo‘ldik. Shu bahonada bir narsani aytgim keladi. Aytishim shart. Birinchidan, norasmiy yoki u rasmiy manba bo‘ladimi, davlat yoki nodavlat tashkilot bo‘ladimi, mish-mishning ortidan ergashgan, mish-mish bilan obro‘ topaman degan tashkilot yutqazadi. Ikkinchidan, norasmiy manba tomonidan aniq tasdiqlanmagan axborotni tarqatish - bu jinoyat. Bunday manbalarning faoliyati hali qonunchiligimizda ko‘rib chiqilmagan.

Nima uchun biz bir sifatsiz mahsulot chiqargan odam bilan yoki zarar yetkazgan odamni qamaymiz, sud qilamiz? U bitta odamga zarar yetkazgan bo‘ladi, lekin yolg‘on, noto‘g‘ri informatsiya bir necha yuzlab yoki minglab insonlarning xayolini buzishi mumkin. Bu juda katta jinoyat. Buni his qilish kerak. So‘z - bu otilgan o‘q. Uni qaytarib bo‘lmaydi, u tekkan joyiga zarar yetkazmay qolmaydi. Mish-mish informatsiya ham xuddi shu toifaga yaqin sanaladi. Qancha odamlarga shovqin qilib, ularni bezovta qilib. Undan ko‘ra mendan so‘raganida aytardim. Hozircha menda bunday informatsiya ham yo‘q, taklif ham yo‘q. Bu birinchidan. Ikkinchidan, davlat ishlarini davlatning o‘zi biladi.

Bir mahallar yoshligimizda biz ham turli idoralar haqida hali tasdiqlanmagan, ko‘chadagi gaplarni hazil-huzul qilib gapirib yurgan paytlarimizda rahmatli ustozimiz Abdulla Oripov «Davlat, hukumat shunday bir aqlli va keng qamrovli tafakkurli bog‘bonki, bog‘ining qayeriga qanday daraxt ekishni, qayeriga qaysi gulni o‘tqazishni yaxshi biladi. Sizlar bunday narsalarga boshlaringni qotirib, muhokama qilib, o‘zlaringni o‘zlaring ovora qilmanglar», derdilar. Bu gaplarning masalaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor. Falonchi u yoqqa o‘tibdi, pismadonchi bunaqa bo‘lar ekan, mana bu bunga qo‘shilibdi yoki ajralibdi degan gaplar bu ishsizlikdan, bekorchilikdan yoki kimningdir topshirig‘i bilan qaysidir odamning manfaatini ko‘zlab yoki kimningdir obro‘sini to‘kmoqchi, kimgadir sun'iy obro‘ keltirish niyati bilan qilingan provokatsiya bo‘lishi mumkin. Shu xabar chiqqach, ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi. Noqulay sezdik o‘zimizni. Bu odamni xijolatga qo‘yadigan holat.

Shunday nomaqbul ishlar bilan shug‘ullanadigan, o‘ziga soxta obro‘ yig‘adigan, keyinchalik ham shu yo‘nalishda ishlash niyatidagilar u yo‘ldan qaytishi kerak. Busiz ham mehnat qilsa, o‘z ustida ishlasa, yozsa, obro‘ orttiradigan maydon juda katta. Haqiqat, to‘g‘riso‘zlik bilan undan o‘n chandon ko‘proq va mustahkam obro‘ topish mumkin.

Ko‘p joylarda jamoatchilikni bezovta qiladigan mish-mish xabarlar uchrab turadi. Odamlar hamisha mish-mishlarga juda qiziqadi. Bu qiziqish darajasi qay millatda qanchaligi haqida biror nima deya olmayman. Xudoyim mish-mishga qiziqishni bandalariga tarqatayotganida o‘zbeklarga hammadan ko‘proq bergan bo‘lsa kerak. Kap-katta odamlar, mas'ul joylarda o‘tirganlar ham, hatto o‘zi ko‘p narsani bilib turgani holida ham mish-mishning orqasidan ergashadi. Undan qandaydir bahra oladi. Hatto munosabat bildirgisi keladi», deydi u.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi rahbari Abdusaid Ko‘chimov bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz'ning YouTube va Mover'dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Top