22:25 / 24.12.2018
17103

O‘zbekistonda aybsizlik prezumptsiyasi: amalda undan to‘g‘ri foydalanilyaptimi?

Foto: Depositphotos

Huquqiy hujjatlar inson manfaatiga xizmat qiladi yoki aksincha, erkin harakatlanishga to‘siq bo‘lishi ham mumkin. Jahon tajribasida deyarli barcha mamlakatlar qonunchiligida aybsizlik prezumptsiyasi (aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha, u aybsiz hisoblanadi va aybsizligini isbotlab berishi shart emas) mavjud. Xo‘sh, O‘zbekiston qonunchiligida vaziyat qanday? Aybsizlik prezumptsiyasiga amal qilinmoqdami?

Qoidalar jonli yashashi uchun, avvalo, qonunchilikning o‘zida aybsizlik prezumptsiyasiga zid kelmaydigan tartib belgilanishi lozim. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual Kodeksining 297-moddasida jinoyat sabablarini bartaraf etish va oldini olish haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror tegishli organlar (shaxsning ish joyi, mahallasi)ga taqdimnoma kiritishi aytiladi. Hali sud tomonidan shaxsning harakat yo harakatsizligiga huquqiy baho berilmay, jinoyatni keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etilishi so‘raladi. Tabiiyki, savollar paydo bo‘ladi: tergov organining bunday taqdimnomani kiritishi aybsizlik preziumptsiyasiga zid kelmayaptimi?

Toshkent Davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi O‘tkir Xolmirzayevning aytishicha, aybsizlik prezumptsiyasi umumhuquqiy norma bo‘lib, unga amal qilish jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ustuvor hisoblanadi.

«Aslida, jinoyatlarning oldini olish jinoyat-protsessual qonun hujjatlarining asosiy vazifalaridan hisoblanmasa-da, JPKda jinoyat ishlarini yuritishning jinoyat-protsessual qonunlarda belgilangan tartibi jinoyatlarning oldini olishga yordam qilmog‘i lozimligi ko‘rsatilgan.

Taqdimnoma faqatgina jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan kiritiladi. Mantiqan olib qaralganda, jinoyatning zaruriy belgisi sifatida shaxsning aybi isbotlanishi bilan jinoyat (jinoiy holat emas) sodir etilganligi e'tirof etiladi. Bu esa sud hukmi bilan tasdiqlanadi. Demak, sud hukmi bo‘lmasdan turib jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etishni so‘rash noto‘g‘riday ko‘rinadi.

Masalan, shaxs firibgarlik jinoyatida ayblanyapti, tergovchi u yashaydigan mahallaga firibgarlik jinoyatning sabablarini, shart-sharoitlarni bartaraf etishni so‘rab taqdimnoma kiritdi, deylik. Mahallada ushbu holat muhokama etiladi, odamlar firibgarlik holatidan ogohlantiriladi. Biroq sudda shaxsning aybi isbotlanmay, tergovchi firibgarlik, deb malakalagan qilmishni sud qarz munosabati, deb topsa-chi? Umuman sudlanuvchining aybi bo‘lmay, u oqlansa-chi? Oqibatda sudlanuvchi shaxsning yashash joyida sharmanda bo‘lgani qoldi, sha'ni-qadr qimmati kamsitildi. Ba'zida, hatto taqdimnomadan kelib chiqib ayrim xodimlarga intizomiy ta'sir choralari qo‘llash holatlari ham uchrab turadi. Bunda sudgacha ish yuritishdagi taqdimnoma tartibining aybsizlik prezumptsiyasiga zid qo‘llanilishini ko‘rish mumkin. Taqdimnoma kiritilgandan keyin tashkilotlar uni ijro etishda shaxsning keyingi taqdiri haqida ham chuqur o‘ylashlari kerak»​, - deydi u.

Advokat Abdumalik Abdullayev esa taqdimnoma kiritish amaliyoti bekor qilinishi tarafdori. U kiritilayotgan taqdimnomalar joylarda o‘zgacha talqin etilayotgani haqida gapirdi.

«Amaliyotda shunday holatlar kuzatilyaptiki, tergov organi tomonidan taqdimnoma tayyorlanib, tegishli idoralarga yuborilib, uni tayyorlagan mansabdor shaxs (tergovchi) ishtirokida jamoa oldida muhokama qilish hollari, o‘z navbatida muhokama qilish natijasiga ko‘ra, tegishli choralar (xayfsan, jarima, lavozimdan chetlatish kabilar) ko‘rilishiga sabab bo‘lmoqda. Jinoyat ishi bo‘yicha yuborilayotgan taqdimnomalarga asosan shaxsni jinoyat sodir etganlikdagi aybi jamoada muhokama qilinib, yig‘ilish bayonnomalarda ko‘rsatilib, lavozimdan chetlatish haqida buyruqlar chiqarilishiga olib kelmoqda. Vaholanki, lavozimdan chetlatish O‘zR JPKning 258-moddasiga asosan faqatgina sud tomonidan amalga oshiriladigan majburlov chorasi hisoblanadi»​, - deb ta'kidlaydi advokat.

Adliya vazirligi mas'ul xodimi Alisher Ismoilov esa taqdimnoma kiritishni asosli, deb baholaydi. Uning aytishicha, taqdimnoma yoki xususiy ajrim bajarilmagan yoki vijdonan bajarilmagan taqdirda korxona, muassasa yoki tashkilotning aybdor rahbari qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.

«Taqdimnomani kiritishdan maqsad shaxsning xulq-atvorini muhokama qilish emas, balki jinoyat sodir etilishiga sababchi bo‘lgan omillarni bartaraf etishdir»​, - deydi vazirlik xodimi.

Uning mantig‘iga muvofiq, tegishli organning taqdimnomasi kiritilgan bo‘lsa, unda bayon etilgan holat sud qaroriga qadar bo‘lsa-da, jinoyat sifatida talqin etiladi, taqdimnomada ko‘rsatilgan holat jinoyatga turtki bo‘luvchi omillar sifatida bartaraf etilishi lozim.

O‘zbekiston Respublika Bosh prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, taqdimnomalar har qanday holatda ham qaytarib olinmaydi, chunki u shaxsga emas, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarga nisbatan kiritiladi. Shaxs oqlangan holatda ham u ahamiyatli bo‘lib qoladi. 2018 yilning 11 oyi davomida jami 16090​ta taqdimnoma kiritilgan. Ular asosan:

  • qasddan odam o‘ldirish;
  • hokimiyat yoki fuqarolik burchini bajargan shaxsga qarshilik ko‘rsatish;
  • sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish;
  • soliq va boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlash jinoyatlari yuzasidan kiritilgan.

Bosh prokuratura Matbuot xizmatining Kun.uz’ga aytishicha, bu turdagi taqdimnoma faqat jinoyatning oqibatlarini va uni sodir bo‘lishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish va jinoyatchilikni oldini olish maqsadida chiqariladi. U fuqarolarning qonuniy huquqlar va manfaatlarini amalga oshirilishiga daxl qilmaydi, aksincha qonun buzilishini oldini olish maqsadida qo‘llaniladi. Aybsizlik prezumptsiyasi va prokuror taqdimnomasi ikki xil tushuncha bo‘lib, bir-biriga zid emas, aksincha ular bir maqsad ya'ni fuqarolarni huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonuniylikni ta'minlash yo‘lida xizmat qiladi.

Sud qaroriga qadar muayyan holat jinoyat sifatida ko‘rsatilib, uni mahallada muhokama qilib yurishsa, sudya tergov organining ayblov xulosasini notarial tasdiqlab beruvchi organ bo‘lib qolmaydimi? Ushbu amaliyotning sud jarayoniga biror ta'siri bormi? Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudi raisi Baxtiyor Mamadaminov o‘z fikrini bildirib, shunday deydi:

«Prokuraturaning taqdimnoma kiritishi sud hukmiga hech qanday ta'siri yo‘q. Biz holat bo‘yicha barcha aspektlarni ko‘rib chiqqan holda so‘nggi xulosani beramiz. Taqdimnoma kiritishning o‘zini oladigan bo‘lsak, mening fikrimcha, JPKdan uni olib tashlash kerak. U aybsizlik preziumptsiyasi tamoyillarini qat'iy buzadi. Negaki, taqdimnoma kiritilganidan so‘ng shaxsning keyingi hayoti haqida ko‘p ham qayg‘urishmaydi.

Oliygohda o‘qib yurgan vaqtimda professor-o‘qituvchilarimiz taqdimnoma kiritish shaklini o‘zgartirish kerak, ya'ni bunda shaxsning ism-familiyasi oshkor etilmasligi, faqat jinoyat sodir bo‘lganligi haqida xabardor qilish kerak, degan fikrni aytishardi. Taqdimnoma kiritilsa-yu, sud hukmi bilan shaxs aybsiz deb topiladigan bo‘lsa, noto‘g‘ri kiritilgan taqdimnoma yuzasidan tergov organiga qonun bo‘yicha hech qanday jazo qo‘llanilmaydi»​, - deydi sudya.

Fikrlar turlicha va bir-birini inkor qiluvchi zid holatlar yuzaga kelyapti. Kimdir taqdimnomani bekor qilish, yana boshqalar bu qonuniy to‘g‘ri yondashuv ekanligini ta'kidlamoqda. Juda ko‘p holatlarda jamoat birlashmalari, mahalla va boshqa tegishli idoralar taqdimnomani noto‘g‘ri talqin qilishi oqibatida salbiy oqibatlar kelib chiqqan. Sud so‘nggi qarorni aytmasdan turib ayblanuvchiga «aybdor»​ tamg‘asi qo‘yilishi nechog‘lik to‘g‘ri?

Taqdimnomada illatli shart-sharoitlarga kurash belgilab berilgan bo‘lsa, ayblanuvchini ishdan bo‘shatish eng oliy yechim, deb bilish – barcha masalaga nuqta qo‘ya oladimi? Balki, sud hukmi o‘qilganidan keyin taqdimnomani kiritish to‘g‘ridir. Jinoyat protsessining har bir holatida (jamiyatning barcha sohalarida ham) inson omili oliy o‘ringa olib chiqilishi lozim. Ana shunda inson huquqlarini himoya qilishda yana bir muhim qadam tashlangan bo‘lardi.​

Muhabbat Ma'mirova

Top