00:48 / 01.01.2019
38547

Buloqboshilik uch egizaklarning muammolari ijobiy hal qilindi

KUN.UZ sayti noyabr oyi boshida va 28 dekabr kuni Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi uch egizak dunyoga kelgan oila muammolari haqida maqola e'lon qilgan edi.   

Mazkur chiqishlarda Buloqboshi tumani, “Shirmonbuloq” MFY, Oqsuv ko‘chasida yashovchi Xidirovlar oilasida dunyoga kelgan uch o‘g‘il egizak - Izzatbek, Islombek va Imronbeklarga 2 yoshgacha nafaqa puli tayinlab berilmayotgani  masalasi ko‘tarilgandi.

Maqola saytda e'lon qilingach, muammoli holat mutasaddi tashkilotlar tomonidan har tomonlama o‘rganilgan.

Andijon viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi 30 dekabr kuni o‘z o‘rganishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma'lumot jo‘natdi.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova tomonidan yuborilgan xatda Xidirovlar oilasiga zarur bo‘lgan uy jihozlari, bolalar ozuqasi, tagliklar hamda chaqaloqlar uchun eng kerakli barcha mahsulotlar zahirasi bilan yetkazib berilgani haqida ma'lumot berilgan.

Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tuman hokimligining yordami bilan Xidirovlar oilasi uy-joyga muhtojligini inobatga olib, ularga tumanda namunali loyihalar asosida 2019 yilda qurib-bitkazilishi ko‘zda tutilayotgan Sharif Kenjayev massividagi ko‘p qavatli uylardan biri navbatsiz ajratilishi, ushbu uy-joyning boshlang‘ich to‘lovini imtiyozli ravishda to‘lash uchun sharoit yaratilganini bildirdi. Oila Yangi yil bayrami munosabati bilan tuman hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, tuman moliya bo‘limi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlangan.  

Andijon viloyat prokuraturasining holat tegishli soha mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqilgani va barcha muammolar hal qilingani haqidagi  xabarida esa jumladan shunday deyiladi:

“Buloqboshi tumani, “Shirmonbuloq” MFY, Oqsuv ko‘chasida yashovchi fuqaro D.Xidirovaning 28.12.2018 yilda “KUN.UZ” internet saytiga yo‘llagan murojaati Buloqboshi tuman prokuraturasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqildi.

Xidirovlar oilasi 14.06.2018 yilda tug‘ilgan 3 nafar farzandlari uchun MFY tomonidan 2 yoshgacha bola parvarishi bo‘yicha nafaqa puli tayinlab berilmayotganligidan noroziligini bildirgan.

D.Xidirova tomonidan taqdim qilingan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.02.2013 yildagi “Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi 44-sonli qarori talablari asosida ko‘rib chiqildi va “Shirmonbuloq” MFY nafaqa tayinlash maxsus komissiyasi tomonidan ushbu oilaga 2019 yil yanvar oyidan  bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa puli tayinlanishi ta'minlandi”.

Bundan tashqari, viloyat Majburiy ijro byurosi tomonidan oilaga bir million so‘mlik pampers, bolalar ozuqa bo‘tqasi, bir marotabalik moddiy yordam puli berilgan. Oila boshlig‘ining oylik ish haqiga ustama puli to‘lab borilishi ham belgilangan.

Egizaklarning onasi Diyoraxon Xidirova bilan suhbatlashganimizda o‘ziga ko‘rsatilayotgan e'tibordan mamnun ekanligini bildirdi.

Elmurod Ermatov, Andijon

KUN.UZ muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top