17:32 / 10.01.2019
14861

Yong‘in xavfsizligi institutida «Temur tuzuklari»ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi

2019 yilning 9 yanvar kuni “Vatanparvarlik oyligi” doirasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti hamkorligida “Oliy harbiy ta'lim muassasalari tinglovchi va kursantlarida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda “Temur tuzuklari”ning ahamiyati”ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati instituti, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnika instituti, Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti, Toshkent Tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy-tibbiyot fakulteti, Yong‘in xavfsizligi institutining kursantlari va tinglovchilari hamda Toshkent shahridagi “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari ishtirok etdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, vatanparvarlik yuksak ma'naviy-axloqiy qadriyat ekanligini tushuntirish muhim vazifa ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Bu borada Amir Temur siymosi, mazmun-mohiyati bilan qomusiy ruhni o‘zida mujassam etgan “Temur tuzuklari” g‘oyalarining yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanligini e'tirof etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti boshlig‘i, polkovnik Nuriddin Narmatov Vatan himoyasida turmoq, uning tinchligi, osoyishtaligi, osudaligi uchun xizmat qilmoq eng sharafli va muqaddas burch ekanligi, Vatanni har jihatdan yetuk, barkamol, bilim saviyasi yuqori va albatta ma'naviyati, ma'rifati yuksak shakllangan, o‘z yurti, xalqi, millatining o‘tmishi, tarixi, ma'naviyat ildizlarini chuqur bilgan, anglagan farzandlargina munosib himoya qila olishini tarix ko‘p bor isbot etganligiga alohida to‘xtaldi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori – Baxtiyor Hasanov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori – Xurshid Fayziyev, Amir Temur ilmiy ekspeditsiyasi rahbari – Faxriddinxo‘ja Ashrafxo‘jayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a'zosi To‘lqin Hayitlar so‘zga chiqib, tarixiy manba sifatida “Temur tuzuklari”ning yoshlarda, xususan oliy harbiy ta'lim muassasalari tinglovchi va kursantlarida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashdagi tarbiyaviy va ma'rifiy ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.

Anjumanda Buyuk Amir Temur zamondoshlari tomonidan yozib qoldirilgan “Temur tuzuklari” kitobida sohibqironning davlat va jamiyatni boshqarishdagi boy tajribasi yoshlar qalbida g‘urur uyg‘otib, ularni chinakam inson qilib yetishtirishda, qo‘rqmas va dovyurak, aqlli va vatanparvar sifatida tarbiyalashda bebaho manba vazifasini bajarishi to‘g‘risida ma'lumotlar misollar orqali tushuntirib berildi.

- Buyuk davlat arbobi Amir Temur o‘zining o‘tkir aql-zakovati, noyob yetakchilik qobiliyati, harbiy mahorati bilan jahon tarixida munosib o‘rin tutadi. Sarkardaning hayot yo‘li, davlat boshqaruvi, o‘z faoliyati davomida erishgan muvaffaqiyatlari bir qator tarixiy asarlarda, jumladan “Temur tuzuklari” kitobida ham yaqqol aks etgan, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti 5-kurs kursanti Davron Sulaymonov.

O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minovning ishtiroki, Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna asarlaridan monologlar hamda ijod namunalari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Anjuman yakunida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ma'naviy-ma'rifiy va huquqiy asoslarini takomillashtirish, yoshlar ma'naviyati, madaniyati va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda “Temur tuzuklari” g‘oyalaridan har tomonlama foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga binoan ta'lim muassasalarida O‘zbekiston tarixi va “Temur tuzuklari”ni o‘rganish tizimini takomillashtirishga oid tavsiyalar ishlab chiqildi.

- Amir Temur o‘z davlatini aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora qilgan. Uning “Davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim” degan so‘zlari yuqoridagi fikrimizning dalilidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti 3-kurs kursanti Nurislombek Teshaboyev. — Temur do‘st-dushmanni farqlashda aql bilan ish yuritishni ta'kidlaydi. Shu sababli uning mard, jasur va mohir lashkarboshilari ko‘p bo‘lgan. 

Shuningdek, tadbir doirasida Institutning iqtidorli kursantlari tomonidan yaratilgan ixtirolar va innovatsion ishlanmalar, Yong‘in o‘chirish amaliy sporti namoyishi hamda kitob yarmarkasi tashkil etildi.

Top