10:21 / 12.01.2019
19892

Osiyo Kubogi. Yana uch jamoa pley-off yo‘llanmasini naqd qilish arafasida

12 yanvar, shanba kuni Osiyo Kubogi guruh bosqichida 2-turning 3ta uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Sensatsiyalar kuzatilmagan taqdirda, ushbu bahslardan so‘ng pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritgan jamoalar soni 3tadan 6taga yetishi kutilmoqda.

«D» guruhi
Kunning ilk o‘yini Abu-Dabida, tarkib jihatdan musobaqadagi eng yosh jamoalardan biri Vetnam va tajribali futbolchilardan iborat Eron terma jamoalari o‘rtasida kechadi.

Forslar o‘tgan turda Yaman darvozasiga javobsiz beshta to‘p yo‘llagan edi. Vetnamliklar esa bir oy oldin Janubi–Sharqiy Osiyo chempioni bo‘lishdi, Osiyo Kubogi ilk turida Iroqqa qarshi maydonga chiqib, ikki marotaba hisobda oldinda borayotgani holda 90-daqiqada gol o‘tkazib yubordi va mag‘lubiyatga uchradi. O‘yinoldi matbuot anjumanida Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Karlush Keyrush ayni shu jihatga urg‘u berdi; raqib oktabr oyidan buyon 13ta o‘yin o‘tkazgani va iroqliklarga katta tashvish tug‘dira olganidan kelib chiqib, raqibga past nazar bilan qaramasligini asoslashga urindi.

Poytaxt amirlikdagi ushbu uchrashuv yakuniga yetgach, Sharjada Yaman – Iroq o‘yini start oladi. Srechko Katanets murabbiyligidagi iroqliklar, yuqorida ta'kidlanganidek, ilk turda iroda ko‘rsatib Vetnamni mag‘lubiyatga uchrata oldi. Osiyoning 2007 yilgi chempioni ikkinchi turda debyutant Yamanni mag‘lub etishning uddasidan chiqsa, pley-off masalasini hal etib oladi.

16:00. Vetnam – Eron
18:30. Yaman – Iroq

«E» guruhi
Livan Osiyo Kubogida so‘nggi marta bundan 19 yil oldin ishtirok etgan, 2000 yilgi qit'a birinchiligini o‘zida qabul qilib, turnirda debyut qilgan edi. Miodrag Radulovich qo‘l ostidagi jamoa chorshanba kuni Qatarga 0:2 hisobida yutqazdi, bugun esa Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga chiqadi: livanliklar ko‘p ehtimol bilan so‘nggi turda KXDRni mag‘lub etib, eng yaxshi uchinchilar qatorida keyingi bosqichga chiqishni mo‘ljal qilgan. Saudiyaliklar esa, eslatib o‘tamiz, birinchi turda koreyslar darvozasiga javobsiz to‘rtta to‘p yo‘llashgan edi.

21:00. Livan – Saudiya Arabistoni
13 yanvar, 16:00. KXDR – Qatar

Top