18:29 / 15.01.2019
5452

O‘zbekistonda innovatsion laboratoriyalar tarmog‘i joriy etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi va mamlakatda laboratoriyalar tarmog‘ini yaratayotgan «Swisslab» O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasi tomonidan Hamkorlik memorandumi imzolandi. Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Hujjat Toshkent shahri va mamlakatning boshqa hududlarida xalqaro standartlarga muvofiq keluvchi Laboratoriya-diagnostika markazlarini yaratish orqali O‘zbekistonda yuqori texnologik tibbiy va diagnostik yordamni rivojlantirish maqsadlarida imzolangan. 

Toshkentda Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izamov hamda «Swisslab» QK bosh direktori Natalya Dudkova tomonidan imzolangan memorandum tomonlar roziligiga ko‘ra muddatni uzaytirish imkoni bilan 5 yilga mo‘ljallangan. Shveytsariya tomon birinchi bosqichning o‘zida 12 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadi.

Dudkovaning so‘zlariga ko‘ra, «Swisslab» imkon qadar qisqa muddatda (2 soatdan  boshlab) tahlillarning asosiy turlarini o‘tkazuvchi va o‘z faoliyatini shaffof muhitda amalga oshiruvchi birinchi innovatsion laboratoriyalar tarmog‘i bo‘ladi. Ochiq laboratoriyada bemor biomaterial olingan vaqtdan to tahlillar javobini olguniga qadar tadqiqotlarning bajaralishini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Ayni damda poytaxtda mazkur xizmatlar ko‘rsata boshlangan. 

"Birinchi bosqichda" bu xizmatlar butun Toshkent shahri bo‘ylab ko‘rsatiladi, bu yerda biomaterial olish uchun 15 punkt va laboratoriya faoliyat yuritadi. Keyinroq xizmatlar ko‘lami butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi", - deydi Dudkova.

O‘zbekistonning barcha hududlarida o‘z bo‘limlariga ega Milliy palata bunda xorijiy kompaniyaga ko‘mak berishni rejalashtirmoqda. Shu tariqa butun mamlakat bo‘ylab ilg‘or xalqaro tajribalar va standartlar darajasidagi tahlillarni o‘tkazish imkoni paydo bo‘ladi. Laboratoriya tadqiqotlarining xalqaro sifat tizimi tufayli mazkur natijalar butun dunyoda tan olinadi. 

"Bunday darajadagi laboratoriyalar "referens laboratoriyalar"ga mansub bo‘lib, ularning faoliyati barcha xalqaro standartlarga to‘g‘ri keladi. Bu juda aniq sifat nazorati, maxsus reagent va boshqalar, ya'ni har bir bosqichda tegishli sifat darajasi. Bunday laboratoriya yaratishning o‘ziyoq ancha murakkab jarayon, bunda barchasi muhim - inshootni jihozlash, uskunalarni to‘g‘ri tanlashdan tortib to zarur reagentlarni tegishli metodikalar bo‘yicha qo‘llashgacha. Shu tariqa O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatiga xalqaro standartlar kiritiladi, bu esa Milliy palataning asosiy vazifalaridan biridir", - deydi R.Izamov.

Mavzuga oid
Top