13:22 / 17.01.2019
10481

Otabek Murodov Pak Sang Gi bilan uchrashdi

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Otabek Murodov Koreya Respublikasi adliya vaziri Pak Sang Gi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida mehmonlarga prokuratura organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va asosiy o‘zgarishlar haqida ma'lumot berildi.

Uchrashuv ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Koreya Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasidagi hamkorlik professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish va shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish orqali izchillik bilan rivojlanayotganligi ta'kidlandi.

Suhbatdoshlar o‘zaro manfaatli bo‘lgan keng qamrovli masalalarni muhokama qildilar va idoralararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashdilar.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan Koreya Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolandi. Ushbu hujjatning amalda tatbiq etilishi huquqiy sohada axborot va ilg‘or tajriba almashish orqali ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishini yangi bosqichga ko‘taradi.

Koreya delegatsiyasining tashrifi shakllangan sermahsul aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash yo‘lida muhim qadam ekanligi qayd etildi.

Mavzuga oid
Top