22:50 / 19.01.2019
63904

Facebook Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bog‘liq shubhali sahifani o‘chirdi

Facebook ma'muriyati O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bog‘liq bo‘lgan shubhali sahifani o‘chirib tashladi. Bu haqda Facebook matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Bugun Facebook 364ta sahifani o‘chirdi. Ular Rossiya tomonidan yaratilgan bo‘lib, Boltiqbo‘yi, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Markaziy va Sharqiy Yevropada amal qiluvchi tarmoq doirasida shubhali harakatlarni amalga oshirishgan. 

Shuningdek, AQSh huquq-tartibot idoralari tavsiyasiga ko‘ra, Facebook tarmog‘idagi 107ta sahifa, guruh va akkauntlar, shuningdek Instagram tarmog‘idagi 41ta akkaunt o‘chirildi. Ular ham Rossiyada yaratilgan bo‘lib, Ukraina hududi tarmog‘ida shubhali harakatlarni amalga oshirishgan», - deyiladi xabarda.

Xususan, Facebook tarmog‘idan go‘yo Shavkat Mirziyoyev siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, amalda esa shubhali harakatlarni sodir qilgan sahifa ham o‘chirilgan. U «Nash Prezident Shavkat Mirziyoyev» deb nomlangan edi. 

Facebook xabariga ko‘ra, bu sahifalar Rossiyaning Sputnik yangiliklar agentligi xodimlari bilan bog‘liq bo‘lgan va ular tomonidan boshqarilgan.

«Sahifa va akkaunt egalari ob-havo, sayohat, sport, iqtisodiyot va siyosat to‘g‘risidagi materiallarni chop etishgan. Ular Ozarboyjon, Gruziya, Tojikiston va O‘zbekiston hududida faoliyat yuritishgan. Bundan tashqari, ularning faoliyati izlari Qozog‘iston, Moldova, Rossiya va Qirg‘iziston hududida ham topilgan. Sahifa egalarining shaxsi yashirilgan bo‘lishiga qaramay, biz ularni Moskvadagi «Sputnik» axborot agentligi xodimlari bilan bog‘liq ekanini aniqladik», - dedi kompaniya vakili.

Mavzuga oid
Top