11:52 / 21.01.2019
9413

Elektrdan noto‘g‘ri foydalanish ham uvol ekanligini tushunish kerak –​ «O‘zdavenergonazorat»​ rahbari​

Odamlar elektrdan noto‘g‘ri foydalanish ham uvol ekanligini to‘g‘ri tushunishi kerak. Xalqimiz nonni ko‘zga surtganday, energiyadan oqilona foydalanish, tejamkorlik haqida o‘ylash kerak, deb fikr bildiradi ​«O‘zdavenergonazorat»​ rahbari Dadajon Isoqulov.

​Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi boshlig‘i Dadajon Isoqulovning Kun.uz'ga  bergan intervyusida aytishicha, eng rivojlangan davlatlardan biri, Yaponiyada energiyadan oqilona foydalanish masalasi 70 -yillardayoq boshlangan. 1978 yilda yaponlar Energiya tejamkorligi markazini tashkil etgan. Hozirgacha energiya samaradorligini 40 foizga oshirganiga qaramay, hukumat bu masalada to‘xtab qolgani yo‘q. 

«Katta yoki kichikligidan qat'iy nazar energiya iste'molini har yili bir foizdan kamaytirib borish barcha korxonalar uchun belgilangan, bu borada yil yakunida hisobot beriladi. 
Yana bir misol, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 20/20/20 strategiyasi ishlab chiqilgan. Bu energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, atrof-muhitga yetayotgan zararni 20 foizga kamaytirish, muqobil energiyadan foydalanishni 20 foizga ko‘paytirishni ko‘zda tutadi. AQShda 2005 yilda 2020 yilgacha energiya samaradorligini oshirish hisobiga elektr iste'molini 25 foizgacha kamaytirish bo‘yicha dastur qabul qilingan.

Biz ham elektr iste'molini 20 foizgacha kamaytirishimiz mumkin, buning uchun texnologiya, vaqt va odamlardagi mas'uliyat talab etiladi.

Odamlarga elektrdan noto‘g‘ri foydalanish ham uvol ekanligini to‘g‘ri tushuntira olishimiz kerak. Nega odamlar bolasiga qimmat telefon olib beradi, lekin ozgina qimmat, tejamkor elektr jihozini sotib olmaydi?

Mana shunaqa biz mayda deb o‘ylagan jihatlardan katta isrofgarchiliklar kelib chiqadi», –​ deydi inspeksiya rahbari.

Tas-IX

YouTube

 

 

Top