14:24 / 23.01.2019
28681

O‘zbekiston va Tojikiston davlat chegarasi demarkatsiyasini yakunlamoqda

Foto: AP

O‘zbekistonning tegishli tuzilmalari vakillarini o‘z ichiga olgan hukumat ishchi guruhi Dushanbe shahrida bo‘lib turibdi va Tojikiston hukumat guruhi bilan birgalikda 27 yanvarga qadar ikki davlat chegarasini to‘liq demarkatsiya qilishni yakunlash niyatida. Bu haqda «AP» Tojikiston hukumatidagi manbaga asosan xabar berdi.

Davlat chegarasini to‘la delimitatsiya qilish o‘tgan yili yakunlandi.

«Ya'ni, o‘shanda tomonlar chegara chizig‘i o‘tishi to‘g‘risida yozma ravishda kelishib oldilar, endi esa davlat chegarasini demarkatsiya qilish natijasida ikki davlatning aniq chegara chizig‘i xaritalarda ko‘rsatiladi», - deya ta'kidlab o‘tdi manba.

2018 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbega davlat tashrifi chog‘ida tojik-o‘zbek davlat chegarasi alohida uchastkalari bo‘yicha Tojikiston - O‘zbekiston bitimi imzolangandi.

O‘tgan yilning 19 aprelida Tojikiston parlamenti ushbu bitimni ratifikatsiya qildi.

Chegaraning eng bahsli qismi, xususan, Farhod GES bo‘yicha kelishuvga 2018 yil 10 yanvar kuni Dushanbedagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishida erishildi.

Farhod GES joylashgan hudud Tojikiston hududi, gidroenergetika obektining o‘zi - O‘zbekiston mulki sifatida tan olindi. Obektni Tojikiston tomoni qo‘riqlaydi, O‘zbekiston unga texnik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

O‘tgan yilning 24 fevralidan 1 martigacha Toshkentda ikki respublika hukumatining ishchi guruhlari navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda ishchi guruhlar Tojikiston - O‘zbekiston davlat chegarasining alohida uchastkalari bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi Bitim loyihasiga qo‘shimchalar tayyorladi.

Tojikiston Yer resurslari va geodeziya davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, tojik-o‘zbek chegarasining uzunligi 1 332 km keladi. Umumiy uzunlikda daryo bo‘yicha chegara 105 kilometrga teng, quruqlikda - 1227 km.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston - Tojikiston chegarasida tez orada yangi nazorat-o‘tkazish punktlari ish boshlashi xabar berilgandi.

Top