23:56 / 26.01.2019
18981

Surxondaryo viloyati hokimi orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga hissa qo‘shayotgan hasharchilar bilan uchrashdi

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida Orolni qutqarish, uning qurigan hududida o‘rmonzorlar barpo etish, jumladan 2019 yilda 500 ming gektarlik o‘rmon yaratish masalasiga alohida e'tibor qaratgandi.

Hozirda Orolning qurigan maydonida saksovul ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Unga Qoraqalpog‘iston va respublikamizning barcha viloyatlaridan jami mingdan ortiq ishchi, 549 texnika, 2 samolyot jalb qilingan. Ma'lumotlarga qaraganda, shu kungacha bu yerda saksovul ekish uchun jami 326 ming 60 gektardan ortiq yer maydoni, 622 ming 500 kilogramm saksovul urug‘i tayyorlangan. Shundan 103 ming 235 gektariga 412 ming 275 kilogramm saksovul urug‘i ekilgan. Samolyotlar yordamida 51 ming 800 gektar yerga 156 ming 600 kilogramm saksovul urug‘i sepilgan.

Bu ezgu ishlarda Surxondaryo viloyatidan ham 25 ta texnika hamda yaqin qishloq xo‘jaligi va favqulodda vaziyatlar idoralari xodimlaridan iborat 60 nafarga yaqin malakali mutaxassislar jalb etilgan bo‘lib, ular Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Kecha Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida bo‘lgan Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir Po‘latov hasharchilar bilan uchrashib, ularning unumli mehnat qilishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ularga viloyatdan olib borilgan turli xildagi oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Viloyat hokimi bilan bo‘lgan samimiy muloqot Orol muammosining oqibatlarini bartaraf qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash, yuz berishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida olib borilayotgan saksovul ekish tadbirlarini samarali davom ettirishda hasharchilarimizga g‘ayrat-shijoat bag‘ishladi.

Mavzuga oid
Top