12:30 / 29.01.2019
60382

Eski tizim absurdlari. O‘zbekistonga 2019 yilda qanday islohotlar kerak?

Kun.uz muxbiri Shokir Sharipovning Iqtisodiy yuksalishga ko‘maklashish markazi (CED) direktori Yuliy Yusupov bilan suhbatining to‘rtinchi qismini e'tiboringizga havola etamiz.

I qism. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning sababi nimada?

II qism. Muammolarni tan olish — rivojlanish sari qadam

III qism. Islohotlar importi. O‘zbekiston Gruziya tajribasini o‘zlashtirishi kerakmi?

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Shokir Sharipov: — 2018 yildan nimalarni kutgan edingiz?

Yuliy Yusupov: — Nazarimda, 2017 yilda bizda muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Avvalo, valuta bozori erkinlashtirildi. O‘shanda tushunarli bo‘ldiki, islohotlar o‘tkazilishi muqarrar. Nega? Chunki, bungacha mavjud bo‘lgan valuta rejimi — eski rejimning sterjeni edi. U rejimni mahkam ushlab turardi. Qolgan barcha institutlar va qoidalar konvertatsiya rejimiga bog‘liq edi. Ana shu sterjenni chiqarib tashlaganimiz, konvertatsiya rejimini o‘zgartirib, erkin bozor joriy etganimizdan so‘ng eski tizimning g‘ishtlari bittalab titila boshladi. Hokimiyat buni istadimi yo‘qmi, u islohot o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Shuning uchun men 2018 yilda islohotlar davom ettirilishini kutgan edim. Avvalo, soliq islohotidan katta umid qilayotgan edim. Eslayman, 2018 yildagi maqolalarimdan biri «2018 yil soliq islohotlari yili bo‘lishi kerak», deb nomlangan edi. Men shuningdek, ma'muriy islohotlarni ham kutgan edim. Boz ustiga, 2018 yil boshida ma'muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilingan edi. Juz'iy o‘zgarishlarga muhtoj agrar islohotlar o‘tkazilishidan ham umidvor edim. Chunki agrar sektor bizda eng ko‘p tartibga solinadigan soha. U yerda bozor munosabatlari suv va havodek zarur.

Men 2017 yilda boshlangan bank islohotiga ham umid bog‘lagan edim. Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida keyingi islohotlarga.

Agar siz men kutgan narsalardan qay biri amalga oshdi, deb so‘rasangiz, avvalo, soliq islohoti derdim, chunki soliq islohoti konsepsiyasi qabul qilindi. U anchalik qat'iy va keskin. Bizning konsepsiyamiz ma'lum bir darajada gruzinlar amalga oshirgan ishni takrorlamoqda. Agar menga yil boshida bu konsepsiyani ko‘rsatishganida men qattiq taajjubga tushgan bo‘lar edim, men hukumatimizdan bunaqasini kutmagandim, ochig‘i, ancha yomonroq bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Lekin anchayin inqilobiy konsepsiya ishlab chiqildi. Lekin qabul qilingani — birmuncha yomonlashgan variant. Dastlabki versiya ancha inqilobiy bo‘lgani uchun keyingisidan biroz hafsalam pir bo‘ldi.

Konsepsiyani qabul qilish boshqa ish, hali uni amalga oshirish ham kerak. Umuman, asosiy narsalar yanvardan boshlab amaliyotga tatbiq etildi. Lekin konsepsiyada 1 dekabrda Soliq kodeksining yangi varianti taqdim etiladi, deb yozilgan, bu sodir bo‘lmadi. Uni bahorgacha kechiktirishdi. Endi mavjud Soliq kodeksiga ayrim o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Va bu hol soliq islohotining ijobiy natijalarini cheklaydi. Ya'ni, bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarning hammasi ham bajarilmadi. Garchi, konsepsiyaning o‘zi yaxshi ma'noda keskin xarakterga ega bo‘lsa-da.

Bank sektori islohoti bo‘yicha ham ko‘p ishlar amalga oshirildi. Tadbirkor sifatida men konsalting xizmatini ko‘rsataman. Banklarimiz bilan ishlay turib qanday muammolarga duch kelganimni eslayman, buni har qanday ishbilarmon ham hikoya qilib bera oladi — bu qandaydir aql bovar qilmas hol edi. Bankka borib doimo asabiylashib chiqardingiz. Boz ustiga, son-sanoqsiz bema'ni cheklov, taqiqlarning barchasi Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan edi. Hozir ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘ldi, ular sirtdan ham, bankdagi ish bilan to‘qnash kelganingizda ichkaridan ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Men hozirgi va bundan besh yil avvalgi holatni taqqoslayapman. Farqi — yer bilan osmoncha. Ya'ni, bank sektorida islohotlar bormoqda, garchi hali u yerda qilinadigan ishlar juda ko‘p bo‘lsa-da.

2017 yilda boshlangan tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish ham sekin-asta ilgarilamoqda va bu yerda ham katta muvaffaqiyatlarga erishilgan. Ayniqsa, eksportni erkinlashtirish qismida. Import bo‘yicha, taassufki, siljish juda kam. Menga chegaradan avtomobil transporti vositasida yuk olib kirish naqadar qiyinligini gapirib berishdi. Bu dahshat! U yerda ulkan, boz ustiga, sun'iy yaratilgan navbatlar, pul ta'ma qilishlar ro‘y bermoqda. Ya'ni, bu yerda muammolar hali juda ko‘p.

Yilning umidni puchga chiqargan ikki hodisasi — bu kutilgan, lekin amalga oshirilmagan ishlar bo‘ldi. Bu ma'muriy va agrar islohotlar. Bu sohalarda, afsuski, hech qanday siljish ko‘zga tashlanmadi.

— Qishloq xo‘jaligini rivojlantirib, farovon yashayotgan ayrim mamlakatlar tajribasi ma'lum. Nega uni o‘zlashtirmayapmiz?

— Buning uchun islohotlar o‘tkazish kerak. Bizda qishloq xo‘jaligining asosiy muammolari tuxumdan tortib paxtagacha, barchasi davlatga topshirilgan sotsialistik o‘tmish — davlat buyurtmasi tizimi bilan bog‘liq. Kolxoz va sovxozlar davlatga mahsulot yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Biz 90-yillar boshida bu tizimdan uzoqlasha boshladik. Ko‘pgina mahsulotlarga davlat buyurtmasini bekor qildik. Lekin 1996 yilda jadal sanoatlashtirish yo‘lini tanladik. O‘sha yili konvertatsiyani bekor qildik. Hukumatga investitsiyalarga yo‘naltirish, sanoatni rivojlantirish uchun mablag‘ kerak edi. Oqibatda eng jabr ko‘rgan soha qishloq xo‘jaligi bo‘ldi. Resurslar zarur, ularning bosh manbasi esa qishloq xo‘jaligi bo‘lgan va talangan 1930-yillardagi stalincha sanoatlashtirish davridagidek, bu yerda ham shunga o‘xshash hodisa yuz berdi. Paxtaga davlat buyurtmasi bor edi, endi g‘allaga ham kiritildi, boz ustiga, reja bajarilishi talab etila boshlandi. Kolxozlar o‘rniga shirkatlar tuzildi. Mohiyat o‘zgarmadi. Keyin shirkatlar tarqatilib, fermerlar paydo buldi. Nega endi fermerlar? Nega Xitoydagidek ko‘pchilikka kam-kamdan emas, bir guruh kishilarga? Chunki bu holda boshqaruv oson, arzon paxtani qo‘lga kiritish mumkin, uni xorijga sotish, olingan valutani sanoatlashtirish maqsadlariga sarflash mumkin. Biz hozir aynan o‘sha siyosat tutqunlari bo‘lib turibmiz.

— Bu ham SSSRdan merosmi?

— Bu endi SSSR emas, biz o‘zimiz o‘ylab topgan narsa …

— Lekin o‘sha-o‘sha stereotiplar.

— Lekin u nimagadir bizdagi boshlarni tark etmayapti. Boshqa mamlakatlar undan voz kechib bo‘lishgan. Hozir nimaga egamiz? Bizda yerning katta qismi fermer xo‘jaliklariga tegishli. Ular paxta va g‘alla bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarishi kerak. Davlat bu fermerlarni doimo zo‘riqish ostida, «agar rejani bajara olmasang yeringni tortib olamiz», degan tahdid ostida ushlab turadi. Bu yerdan ikkinchi muammo kelib chiqadi — mulk huquqining himoyalanmaganligi. Fermerlarimiz o‘zlarini o‘sha yerning egasi sifatida his qilishmaydi. Chunki istalgan onda ularning yerini tortib olishlari mumkin.

Bu yerning unumdorligida juda yomon aks etadi, fermerlar yerga investitsiya kiritmaydi, chunki ular o‘zlarini ega sifatida his etishmaydi. Shuning uchun islohotlarning bosh sterjeni — davlat buyurtmasidan voz kechish. Sohani bozor munosabatlariga o‘tkazish kerak. Shundagina hokimlarda fermerlarni qiynashga, ularga yerni tortib olish bilan tahdid qilishga rag‘bat tugaydi.

— Siz ko‘p muammolarni xabardor bo‘lmaslikka bog‘lamayapsizmi? Qishloqdagilarning muammosidan go‘yoki hech kim xabardor emas. Nazarimda, pastdan yuqoriga jo‘natilayotgan hisobotlar vaziyatni umuman aks ettirmaydi.

— Bilasizmi, xabardor bo‘lmaslik muammosi borligi tayin. Albatta, yuqoridagilar bexabar juda ko‘p muammolar bor. Asosiy muammolarni yuqoridagilar bilishadi. Lekin asosiy masala bexabarlikda emas, xabardor bo‘lishni istamaslikda. Qiziqishmagan ham. Mening o‘zim ko‘plab hujjatlar yozganman, nafaqat men, boshqa ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan. O‘zim bir hujjat tayyorlashda qatnashganman va oldimizga shunday masala qo‘yilgan: hukumat davlat buyurtmasini bekor qilmaydi! Biz, kelinglar, unda davlat buyurtmasini takomillashtirish mexanizmini o‘ylab topaylik, toki hukumat manfaatlariga ham zid bo‘lmasin, fermerlar holatini ham yaxshilasin, deya taklif berdik. Nimalar deyapman-a? Joriy tizim doirasida yer faqat paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratiladi, tamom! Siz esa rejani bajarishingiz kerak.

Rejani-ku bajarasiz, lekin yerni kvotalash nima uchun? Fermer bu yerlarda nima yetishtirayotganining davlatga qanday farqi bor? Balkim paxta yetishtirish va rejani bajarish uchun ekin maydonlarining uchdan biriga chigit qadash yetarlidir. Qolgan yerda u o‘zi uchun daromad keltiradigan boshqa narsa ekar. Ayrim joylarda paxta yetishtirish mutlaqo befoyda. Fermer bu yerlarda boshqa narsa eksin. Olingan daromaddan yeri paxta ekishga mos fermerdan paxta sotib olsin.

Bir qaraganda, oddiy narsa. Davlat hech narsa yo‘qotayotgani yo‘q. Biz ko‘proq mahsulot olamiz, hamma yutadi. Hattoki shu takliflar ham yuqorida hech qanday reaksiya uyg‘otmadi. Ular hech narsani o‘zgartirishni istashmadi.

Biz muloqot qilgan aqlli-hushli mansabdorlar ham «biz hech narsa qila olmaymiz», deb yelka qisishgan edi.

— Qishloqlarda abgor manzara hukmron — qishloq aholisi fermerlardan ijaraga olingan yerlarda ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishadi, mahsulot pishib yetilganida ko‘pincha u sotilmasdan chirib ketadi.

— Bu yomon o‘yin qoidalarining bir misoli. Bozor iqtisodiyotida fermerlar o‘z mahsuloti realizatsiyasi bilan shug‘ullanmaydi. Ular hosilni yig‘ib olishadi, yuk mashinalari dalaning boshidan mahsulotni tashib olib ketishadi. Bozor iqtisodiyotida kooperatsiya tizimi mavjud. Vositachilik qiluvchi firmalar bo‘ladi. Bizda esa vositachini tahqirlovchi qoidalar bor edi. Dehqonlardan nok va olmani davlat xarid qilmasligi kerak. Bu ishni xususiy tijoriy tizimlar amalga oshirishi kerak. Lekin soliq tizimi va imtiyozlar tizimi vositachini nomuvofiq sharoitga tushirib qo‘ydi. Fermer o‘z mahsuloti realizatsiyasi bilan shug‘ullanishi shart edi. Bu — absurd. Har kim o‘z ishini qilishi kerak. Davlatning o‘zi bu yumushni bajarmoqchi bo‘ldi. Bu yerda samaradorligi chandon yuqori bo‘lgan xususiy sektorni rivojlantirish o‘rniga, allaqanday kompaniyalar tuzila boshlandi, kamiga ular davlat kompaniyasi bo‘libgina qolmasdan, narxlarni ham davlat tartibga soladi. Shu sababli kompaniya dehqonlardan gilosni arzonroqqa xarid qila olmaydi. Shu vaqt aytaylik, jahonda gilos narxi tushib ketdi. Tamom! Kompaniya gilosni xarid ham qila olmaydi, xorijga sota olmaydi ham. Natijada, gilos sotilmaydi. Bu yerda davlat go‘yoki dehqonlarning dardiga quloq solgandek bo‘layapti, ammo ularni o‘z stereotiplari orqali eshitmoqda.

Davlat bu ishlar bilan shug‘ullanmasligi kerak. Davlatni juda ko‘p sohalardan chiqarish kerak. Bozor iqtisodiyotida davlatning ma'lum bir funksiyalari bor. Ayrim o‘ziga xos funksiyalar borki, u o‘sha yerdagina faol bo‘lmog‘i kerak. Lekin ko‘plab sektorlarda, xususan qishloq xo‘jaligida davlatning ishtiroki cheklanishi kerak. Bu yerda davlat nima bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak? U fan bilan shug‘ullanishi kerak. Fermerlarga yangi urug‘liklar, chorvadorlik uchun vaksinalar masalasida yordam berishi kerak. Moliyaviy sektorni rivojlantirishi kerak, toki fermerlar arzon kreditlar ololsin. Ular o‘z yerini garov sifatida tika olsin, hozir bunday qila olishmaydi. Mana, davlat nima ishlar qilishi kerak, gilos sotishning o‘rniga.

— Siz bilan tan olish haqida gaplashgan edik. Demak, hamma ham tan olmagan?

— Detallar bo‘yicha hamma ham tan olmadi.

— Yuliy Batirovich, joriy yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlarni sanab o‘tsangiz.

— 2019 yilda islohotlar tezlashishidan katta umid qilmoqdaman. Chunki shunday islohotlar borki, ularsiz bizga og‘ir bo‘ladi. Uchta asosiy islohot bor. Uchalasi ham o‘ta muhim. Men soliq islohotini gapirmayapman. Konsepsiya bor va umid qilamanki, u amalga oshiriladi. Uning biznes va aholi uchun kamchiqim qilib amalga oshirilishini istardim.

Birinchi asosiy islohot bu — ma'muriy islohot. Konsepsiya qabul qilingan, amalda hech ish qilingani yo‘q. Uni 2019 yilda o‘tkazish juda muhim. Modomiki, biz boshqa islohotlar samarali o‘tkazilishini istar ekanmiz, davlatning o‘zini boshqatdan qayta qurish kerak. Funksiyalar va iqtisodiyotni yuritish usullari o‘zgartirilmog‘i lozim.

Ahamiyati undan kam bo‘lmagan ikkinchi yo‘nalish — agrar islohot. Siz bilan gaplashgan narsalarimiz. Davlat buyurtmasidan voz kechish va mulk huquqini mustahkamlash kerak.

Ko‘plab yo‘nalishlar, masalan, paxta bozor munosabatlaridan chiqarilgan. Bizda erkin paxta bozori yo‘q. Bizda uzoq yillar mobaynida iste'molchi korxonalar paxtani valutaga xarid qilib kelishgan. Absurd! Erkin konvertatsiya mavjud bo‘lmagan mamlakatda o‘z paxtangizni xorijiy valuta evaziga xarid qilasiz. Bu ushbu sektorda nechog‘lik absurdlar va samarasiz qoidalar to‘planib qolganidan birgina misol.

Bu joydan nafaqat qishloq xo‘jaligida, boshqa sohalarda ham muammolar kelib chiqadi. Yildan yilga tekstil sanoatini rivojlantirish haqida gapirib kelmoqdamiz. Lekin, mohiyatan, ip yigiruv sektoridan uyog‘iga o‘ta olganimiz yo‘q. Bu esa aynan erkin paxta bozori yo‘qligi va agrosanoat kompleksiga davlatning aralashuvi bilan bog‘liq.

Men umid qilayotgan uchinchi yo‘nalish — davlat korxonalari va tabiiy monopoliyalar islohoti. Bizda iqtisodiyot o‘ta monopollashgan. Umuman olganda, bu ikkisi farqli narsalar: davlat korxonalari va monopollashtirish, lekin bizda aralashib ketgan.

Ma'muriy islohot tarmoq darajasida ham o‘tishi kerak. Chunki eski, sovetcha boshqaruv tizimi hamon mavjud. Sobiq vazirliklar konsernlar, aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirilgan, mohiyatan ular o‘sha-o‘sha sobiq vazirliklar, sovet davridan farqli o‘laroq, endi vazirlik funksiyalarini amalga oshiribgina qolmasdan, biznes bilan ham shug‘ullanishmoqda. Buni endi sovet davri merosi, deb ham bo‘lmaydi, bu umuman dahshatli bir narsa.

Islohotlarni tarmoq darajasida ham o‘tkazish kerak. Sovetcha tizim sarqitlarini yo‘qotish kerak. Raqobatni rivojlantirish kerak. Xususiylashtirish zarur.

Lekin avvalo boshqaruv tizimini o‘zgartirib, raqobatni rivojlantirib, shundan so‘ng xususiylashtirishni o‘tkazish kerak. Chunki hozir xususiylashtirish boshlansa, davlat monopoliyalari o‘rniga xususiy monopoliyalarga ega bo‘lamiz. Buning esa yaxshi tarafi yo‘q. Bu yo‘nalishlar bo‘yicha ulkan ishlar turibdi.

Soliq islohotining asosiy muammolaridan biri — davlat islohot natijasida budjetga tushumlar kamayib ketishidan cho‘chimoqda. Bu holda pensiya, stipendiyalar, budjet sohasi xodimlariga maoshlarni to‘lash va hokazolarga pul bo‘lmaydi. Lekin ulkan resurs aynan davlat korxonalarida yashirinib yotibdi, chunki ularning aksariyati hozir soliqlardan ozod qilingan. Ularning ko‘pchiligi foyda olmaydi. Davlatga ham ulardan foyda kam. Davlat ularni sun'iy ushlab turibdi, bizga ularning sifati pastroq mahsulotlari uchun qimmatroq narx to‘lashga majburlayapti, chunki u yerda raqobat yo‘q, davlatning o‘zi esa ulardan deyarli hech vaqo olmaydi. Bu nega kerak? Boz ustiga, bu korxonalarning ko‘pchiligi raqobatbardosh, ularni shunchaki raqobat muhitiga tushirib qo‘yilsa bas.

Avtomobilsozlik sektorini olaylik. Avtosanoatimizni 20 yildan ortiqroq himoya qilib keldik. Oyoqqa turib olishiga qo‘yib beraylik, avtomobil ishlab chiqarishni o‘rganishsin, dedik. Shuncha yil o‘tdi. Bizga endi sifati shubha ostida bo‘lgan, eskirgan modeldagi avtomobillarni qimmat narxlarda taklif etishyapti. Xuddi shu kompaniya avtomobillarining xorijda sotiladigan narxlaridan qimmatroq narxda. Bu axir absurd-ku? Bularning barchasiga sabab raqobat yo‘qligida.

Ko‘pchilik boshqa ishlab chiqaruvchilar uchun chegarani ochsak avtosanoatimizni o‘ldirib qo‘yamiz, deydi. Bu avtosanoatni o‘ldirmaydi. Bu yerda mashinalar butlovchi qismlardan terilmoqda, ishchi kuchi arzon, avtosanoat deyarli soliq to‘lamaydi, elektr energiyasi ham arzon. Nima uchun avtomobillar qimmat bo‘lishi kerak? Qaysi sababdan? Bu — sof monopoliya natijasi. Mikroiqtisodiyot darsligini oling-da, u yerdan monopoliyalarning faoliyati qanday tasvirlanganini o‘qing. Monopoliyachilar narxni oshirish uchun ishlab chiqarish hajmini qisqartirishadi. Agar davlat narxni ham nazorat qiladigan bo‘lsa, xarajatlarni oshirishadi. Davlatga: biz arzon sotmaymiz, deb isbotlash uchun. Monopoliyalarning klassik fe'l-atvori. U yerga kimni boshliq qilib tayinlashingiz ahamiyatsiz. Har qanday kompaniya, har qanday boshliq monopoliya sharoitida o‘zini aynan shunday tutadi.

Mana, «Feysbuk»da o‘zimizning konfet ishlab chiqaruvchilarni ukrainalik hamkasblaridan himoya qilish kerakmi, degan munozara bo‘lib o‘tdi: «Mana, bizga Ukraina konfetlarini olib kirishga ruxsat berishdi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qanday zarba bo‘ladi bu?!».

Lekin bizning qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarimiz doimo raqobat sharoitida ishlashgan. Birinchidan, ular ko‘p. Ikkinchidan, ular doim o‘zaro raqobat qilishadi, bozorlarimizda doimo Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya konfetlari bo‘lgan. Ularning olib kirilishini cheklashganda ham ular kontrabanda yo‘li bilan kirib kelavergan. Shuning sharofati bilan bizda chidasa bo‘ladigan narxlarda sotadigan konfet ishlab chiqaruvchilar bor. Buning sababi raqobatda.

Agar biz avtosanoatdagidek qilganimizda — chegaralarni xorijiy konfetlarga taqqa-taq yopib qo‘yganimizda — biz bir yarim barobar qimmatroq va sifatsizroq konfetlar xarid qila boshlardik. Raqobatga rahmat aytish kerak.

Avtosanoatda ham ahvol shunday. Chegaralarni oching, normal bojxona to‘lovlarini joriy eting — hozirgidek 100 foiz emas, aytaylik, 30 foiz. Budjet ham tushumga ega bo‘ladi. Hozir budjetga hech narsa tushmayapti, amalda yo‘q qilingan importdan ham, avtosanoatning o‘zidan ham.

Agar bozor boshqa ishlab chiqaruvchilarga ochilsa, budjetga tushumlar paydo bo‘ladi, avtosanoatimiz ham raqobatga kirishib, xarajatlarni kamaytirib, narxlarni pasaytirib, sifatni oshira boshlaydi. Raqobatsiz, hozir ularni koyib, yaxshi bo‘lish uchun yana 5 yil muddat berish — mutlaqo bema'ni mashg‘ulot. Chunki tashqi stimullar bo‘lmasa, ishlab chiqaruvchini hech kim sifatni oshirib, xarajatlarni kamaytirib, iste'molchi uchun ishlashga majburlay olmaydi.

Nazarimda, joriy yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan asosiy uchta islohot mana shu. Aslida, avval aytib o‘tganimdek, islohotlar hamma joyda kerak. Ta'lim tizimida ham, pensiya islohoti ham, budjet islohoti ham, bank islohotini ham davom ettirish kerak, import erkinlashtirilmog‘i lozim va hokazo va shu kabilar.  Islohot hamma joyda kerak.

Lekin mana shu uch islohot — eng ustuvori. Bu islohotlar qolganlarini ham tortib chiqaradi.

Top