07:56 / 29.01.2019
24423

Nurota tumanidagi G‘ozg‘on qo‘rg‘oni aholisining muammolariga yechim bormi?

Kun.uz tahririyatiga Navoiy viloyati Nurota tumani G‘ozg‘on qo‘rg‘onida istiqomat qiluvchi Rifat Karimovdan murojaat kelib tushdi. Murojaatda mahalla aholisini qiynayotgan bir nechta muammolar bayon etilgan.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Nurota tumaniga yo‘l oldik. Aholi bilan uchrashib, ularning e'tirozlarini tingladik.

Nurota tumanidagi G‘ozg‘on qo‘rg‘onida 4 ta – «Shayxon», «Marmarobod», «Guliston» va «Tumor» mahalla fuqarolar yig‘inlari mavjud bo‘lib, ushbu mahalla fuqarolar yig‘inlarida 10 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Rifat Karimovning aytishicha, ularni ichimlik suvi, yo‘llar ta'mirtalabligi, zamonaviy bozor yo‘qligi va qishloq orasidan o‘tgan sel yo‘lidagi ko‘prik talabga javob bermasligi kabi muammolar yillar davomida qiynab kelmoqda.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham hududda ichimlik suvi muammosi bor. Suv maxsus texnikalarda olib kelinadi va aholi belgilangan narxda xarid qilib, ichimlik suvni g‘amlaydi. Ichki yo‘llarni tegishli tashkilotlar tomonidan ta'mirlanishi boshlangan.

Soy yo‘lidagi ko‘prik haqiqatan yaroqsiz holga kelgan. Sel kelganda qishloq orasidagi qatnov uziladi.

Shuningdek, faqat haftada bir kun bo‘ladigan G‘ozg‘on qo‘rg‘onidagi bozorda sotuvchi va xaridorlar uchun yetarli sharoit yaratilmagan.

Muammolar bor. Xo‘sh, yechimi-chi?

Muammolarni o‘rganishimiz davomida G‘ozg‘on qo‘rg‘oniga kelgan Nurota tumani hokimi Jamoliddin Hamroyev bu savolga javob berdi va aholi bilan mazkur muammolar yuzasidan muloqot qildi.

Tuman rahbarining bildirishicha, hududdagi aholini ichimlik suv bilan ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 martdagi «2017-2018 yillarda Navoiy viloyatining Nurota tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 157-sonli qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga asosan G‘ozg‘on qo‘rg‘onidan 14 kilometr uzoqlikda joylashgan Xumcha uchastkasidan qiymati qariyb 11,366 milliard so‘m bo‘lgan suv inshootini (2 ta yer osti tik qudug‘i, 2 ta 50 m.kub suv saqlash hovuzi, 2 ta 1000 m.kubli suv saqlash hovuzi, 14 kilometrlik ichimlik suv quvuri hamda suv inshooti) qurish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilgan. 2019 yilning mart oyidan mazkur suv inshooti ishga tushiriladi va aholiga ichimlik suv yetkazib beriladi.

G‘ozg‘on qo‘rg‘oni hududida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 2019 yilda 2,5 kilometr ichki avtomobil yo‘llarini asfaltlash hamda 11 kilometr tuproqdan shag‘alga o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, G‘ozg‘on qo‘rg‘onidagi bozorni zamonaviy qilib qayta qurish ishlarini uch nafar tadbirkor olib bormoqda. Ayni vaqtda bozor qurilishi loyihalashtirish jarayonida.

Tuman hokimi sel yo‘lidagi ko‘prik ikki oy ichida yangidan qurilishini bildirdi.

Muloqot jarayonida aholi tomonidan yaqin hududda tibbiyot muassasasi yo‘qligi ham aholi uchun qator noqulayliklar tug‘dirayotgani bildirildi.

Ma'lum bo‘lishicha, G‘ozg‘on qo‘rg‘oni hududida qishloq vrachlik punkti qurilishi tumanning 2019 yildagi manzilli dasturiga kiritilgan.

O‘rganish jarayonida mazkur muammolar haqiqatan ham tuman mutasaddilari e'tiborida ekanligiga amin bo‘ldik. Ushbu masalalarning ijobiy yechimi ham uzoq kutilmasligiga umid qilamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top