11:34 / 01.02.2019
14846

Olmaliq, Angren va Chirchiq shaharlarining bosh rejasi tasdiqlandi

Hukumatning tegishli qarorlari bilan Olmaliq, Chirchiq shaharlarining 2035 yilgacha, Angren shahrining 2032 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejalari tasdiqlandi. Bu haqda hukumatning tegishli qarorida ma'lum qilingan. 

Qarorlarga muvofiq, Olmaliq, Chirchiq va Angren shaharlari kompleks quriladi. Shahar yerlaridan maqsadsiz foydalanishga va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat'iy nazorat o‘rnatiladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va magistral ko‘chalar, yo‘l o‘tkazgichlar va avtobekatlar qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlashni hisobga olgan holda yo‘l-transport infratuzilmasi tizimi takomillashtiriladi.

Shuningdek, energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo‘li bilan suv ta'minoti, kanalizatsiya, elektr, gaz, issiqlik ta'minoti modernizatsiya qilish nazarda tutilmoqda. 

Hududlarning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi maydonlar, xiyobonlar va bog‘lar rekonstruksiya qilinadi va yangilari quriladi. Shaharlarning atrof-muhitini muhofaza qilish tizimi ishlab chiqiladi.

Qarorda ta'kidlanishicha, Ohangaron va Olmaliqsoy, Dunkensoy va Karabausoy daryolari o‘zanlarini obodonlashtirish tadbirlari amalga oshiriladi. Quriladigan massivlarning batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, uy-joylar qurilishini va boshqa obektlarni ekologiya jihatdan noqulay hududdan boshqa joyga ko‘chirish tadbirlari amalga oshiriladi. 

Toshkent viloyati hokimligi Olmaliq, Angren va Chirchiq shaharlarining tasdiqlangan bosh rejasi asosida Olmaliq shahri chizig‘i loyihasini 2019 yil 1 iyulgacha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taqdim etadi. ​

Top