16:44 / 01.02.2019
77128

TATUdagi holatga rasmiy izoh berildi

«Qudratimizga shubha qilsangiz, dasturlashdan yiqitgan talabalarimiz soniga qarang, hurmat bilan Farhod Alisherov». Aynan shu yozuvlar bilan ijtimoiy tarmoqqa sizdirilgan Toshkent axborot texnologiyalari universitetidagi talabalar tig‘iz turgan yo‘lak ko‘pchilikning e'tiborini tortdi. Aslida bu tirbandlik nimadan darak beradi? Nega talabalar universitet imtihonidan o‘tolmagan? Shu kabi savollar bilan universitet kredit tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Farhod Alisherovga yuzlandik. 

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Alisherovning aytishicha, ushbu holat haqiqatan TATUda yuz bergan va turli Telegram-kanallarda xabar berilganidek, bu «stipendiyaga navbat» yoki «baho mashmashasi» emas.

«Suratda ko‘rib turganingiz — Dasturlash fanidan apellyatsiya jarayoni. Imtihondan o‘tish uchun yetarli ball to‘play olmagan, imtihonda bo‘lish qoidalarini buzgan yoki taqiqlangan vositalardan foydalanishga uringan, keyinchalik imtihondan chetlashtirilgan talabalarning barchasi yopirilib keldi. Ularning aksariyati birinchi bosqich talabalari: apellyatsiya nimaligini bilmagan, bahosini savol-javob orqali yoki qaytadan ko‘taraman, deb o‘ylashgan», — vaziyatga oydinlik kiritdi u. 

Farhod Alisherovning ta'kidlashicha, semestr davomida «oxirida bir amallaymiz» degan xayolda yurgan, nima qilish kerakligini, o‘qimasa ahvoli yomon ekanligini tushunib yetgan talabalarning haqiqiy ahvoli suratda tasvirlangan. 

Hukumat qaroriga muvofiq, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida va uning filiallarida 2018-2019-o‘quv yilidan boshlab axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘qitishning kredit tizimi joriy etilgandi.

«Tizimning eng katta afzalliklaridan biri shuki, fanlar asosli ravishda qisqartirildi. Sohaga yo‘naltirilgan fanlarga talab oshirildi. Avvallari talaba 13ta fan bo‘yicha tahsil olar edi, hozir esa 7tasi qoldirildi. Bu esa chuqurroq bilim olish imkoniyatini vujudga keltiradi. Oldin o‘quv rejasi bo‘yicha 43ta fan bo‘lgan bo‘lsa hozir ularning soni 31ta. 

O‘qituvchi tomonidan mustaqil ish va uyga vazifalar uchun dedlayn belgilanadi. O‘z vaqtida mustaqil ish va uyga vazifalarni saytga yuklamagan talabalar baholanmaydi. Qayta topshirish degan fikr — noto‘g‘ri! Bu tizimda qayta topshirish tushunchasi mavjud emas. Faqat qayta o‘qish mumkin», — deydi Alisherov.​

Top