18:52 / 02.02.2019
16009

Ishtixondagi abgor yo‘ldan bir mahalla aholisi ozor chekmoqda - fototanqid

Yo‘llar sozligi, talab darajasida saqlanishi avtomobil va yo‘lovchilar qatnovida muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat umumahamiyatga ega magistrallar, shaharchalardagi ichki yo‘llarga ham taalluqlidir.

Zarurat tug‘ilganda yo‘llarni kavlab, kanalizatsiya va suv tarmoqlari o‘tkazilishi yoki ularni ta'mirlash ishlari olib borilishiga o‘rganib qolganmiz. Ammo qazib tashlangan yo‘l avvalgi holiga keltirilmasa, qo‘l uchida qayta ko‘mib yuborilsa, bu albatta, turli noqulayliklar keltirib chiqaradi. To‘g‘risi, bunday holatga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz.

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Ishtixon shahridagi «G‘ofur G‘ulom» mahallasi aholisidan ana shunday mazmunda murojaat kelib tushdi.

Ushbu murojaat tahririyat xodimlari tomonidan joyida o‘rganildi.

Aniqlanishicha, «G‘ofur G‘ulom» mahallasida istiqomat qiluvchi F.Eshquvvatovning aytishicha, shahar «Suvoqova» korxonasi tomonidan mahalladagi ko‘chadan ichimlik suv tarmog‘i o‘tkazilgan. Buning uchun yo‘l cheti kavlanib, quvurlar yotqizilgan. Ushbu jarayon yakuniga yetganiga ancha vaqt bo‘lgan bo‘lsa-da, yo‘l ta'mirlanmay qolib ketgan. Bu holat esa tuman mutasaddilari tomonidan e'tiborsiz qoldirilmoqda. Hattoki, yotqizilgan quvurning asfalt yo‘lni kesib o‘tgan qismi ham shunchaki ko‘mib yuborilgan.

Buning oqibatida yog‘ingarchilik vaqtida ko‘chaning ta'mirlanmay qolgan qismi loy va balchiqqa aylanadi. Avtomobillar sachratgan loy aholi xonadonlari devorlariga sachrab, xunuk manzarani keltirib chiqargan. Aholi loy kechib yurishga majbur bo‘lmoqda.

Qolaversa, mahallada joylashgan 33-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchilari ham loy kechib darsga qatnashga majbur. Bu ko‘chadan yoshi katta insonlar yurishga qiynalayotgan vaqtda yosh bolalarning qanday loy kechishini tasavvur qilavering. Faqatgina maktab darvozasi oldida bolalar loy kechmasligi uchun qumdan bir odam sig‘adigan kenglikda supacha qilingan.

Ko‘chaning o‘rtasi, avtomobillar qatnoviga mo‘ljallangan qismi holatiga chidasa bo‘ladi. Lekin aholi harakatlanadigan yo‘lka qismi ana shunday ayanchli holatga kelgan. Shahar mutasaddilari esa ko‘cha ta'mirlanishini paysalga solib, bu muammoni bartaraf etishga «shoshilmayapti».

Top