17:43 / 02.02.2019
24650

Kun.uz yoritganidan so‘ng: Nasiba Choriyevaga uy qurib berildi

Qashqadaryo viloyati, Nishon tumani, Juma qishlog‘ida o‘ta og‘ir sharoitda kun kechirayotgan Nasiba Choriyevaga otasidan meros qolgan yer maydonida barcha sharoitlarga ega hovli qurib berildi. Nihoyat, u va ukasi o‘z uylariga ega bo‘lishdi. 2018 yil 22 oktyabrida «Oramizda shundaylar bor, ularni hazrati Inson deyishadi» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. 

Unda, moddiy imkoniyati cheklangan, ota-onadan yetim qolgan, nogiron ukasi bilan qishloqdagi dala shiyponida og‘ir sharoitda yashab kelayotgani xususida hikoya qilingandi. 2 fevral kuni Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tomonidan barpo etilgan uy kalitlari Nasiba Choriyeva va uning ukasiga topshirildi, deb xabar qilmoqda viloyat hokimligi Axborot xizmati. 

Ularga Nishon tumanidagi Nishon mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan yangi, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan uy qurilgan.  

Ma'lum qilinishicha, avval shu joyda o‘zlarining uylari bo‘lgan. Ammo vahmak sababli qulab tushgan. Nasiba 2-guruh nogironi bo‘lgan ukasi Bahriddinga qarovchi kerakligi bois, turmushga chiqish haqida o‘ylab ham ko‘rmagan.

«Prezidentimizga ming rahmat, - deydi Nasiba. – Mana, barcha sharoitlarga ega uyga ko‘chib o‘tdik. Bundan o‘zimda yo‘q xursandman. Xudo xohlasa, bunday g‘amxo‘rlikka o‘zimning mehnatim bilan munosib javob bermoqchiman».

Nasiba va ukasi yangi uyga ko‘chib o‘tishi munosabati bilan mahalla ahli sovg‘a-salomlar bilan «qutlug‘ bo‘lsin»ga chiqishdi, deyiladi xabarda.

«Mahalla ahlining quvonchiga quvonch qo‘shilsin deb, yana bir xayrli ishni boshlash arafasida turibmiz. Nasib etsa, bahorga chiqib, Bahriddinning nikoh to‘yini o‘tkazmoqchimiz. Kelin topdik. Taraddudni boshlab yuborganmiz», - deydi mahalla raisi Muzaffar Turopov. 

Top