20:37 / 02.02.2019
11220

Majburiy ijro byurosi ajrashgan oilalarni yarashtirmoqda

Majburiy ijro byurosi sa'y-harakatlari tufayli ajrashgan oilalar yarashtirilayotgani haqida oldin ham xabar bergan edik.

Albatta, oila — muqaddas. Uning asrab-avaylash har bir insonning burchi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra, ajrashib ketganlarni yarashtirish oson ish emas. Majburiy ijro byurosi xodimlarining bu boradagi xayrli ishlari tahsinga sazovor. Aliment bilan bog‘liq masalalarni hal etish maqsadidagi ish jarayonida tushuntirishlar samara berib ko‘plab oilalarni yarashtirib qo‘yilmoqda.

MIB Samarqand viloyat boshqarmasi matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma'lum qilishicha, joriy yilning yanvar oyi davomida 47 ta shunday oila o‘zaro yarashishni lozim topdi. Bunday oilalar soni Narpayda 13 tani, Payariqda 12 tani, Ishtixonda 6 tani, Kattaqo‘rg‘on shahrida 5 tani, Kattaqo‘rg‘onda 4 tani va Qo‘shrabotda 3 tani tashkil etadi. Tiklangan oilalar esa bundan mamnun.

Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor R.Berdiyevdan undiruvchi Z.Bozorovaning foydasiga 3 nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish lozim edi. Majburiy ijro byurosi xodimlari olib borgan tushuntirish ishlar natijasida bu oila yarashgan.

Shuningdek, fuqaro J.Botirov ham H.Zaripova foydasiga bir nafar farzandining ta'minoti uchun aliment to‘lamagan, tushuntirishlardan so‘ng undiruvchi H.Zaripova qarzdor bilan yarashgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor A.Amirqulovdan undiruvchi G.Qudratova foydasiga ikki nafar farzandlarining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi hamda qarzdor B.Ergashovdan undiruvchi L.Suyunovaning foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari yuzasidan taraflar bilan o‘tkazilgan suhbat davomida bu ikki oila ham yarashgan.

FIB Jizzax tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor B.Ismatovdan undiruvchi D.Ismatovaning foydasiga farzandining moddiy ta'minoti uchun uchdan bir qismi miqdorida aliment undirilishi lozim edi. Majburiy ijro byurosi xodimlari olib borgan tushuntirish ishlar natijasida bu oila tiklangan.

FIB Payariq tumanlararo sudining sud buyrug‘iga asosan qarzdor D.Qarshiboyevdan undiruvchi M.Ernazarovaning foydasiga uch nafar farzandining moddiy ta'minoti uchun ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan. Olib borgan tushuntirish ishlar natijasida bu oila ham yarashgan.

Bugungi kunda Majburiy ijro byurosi tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlarida oila muqaddasligi, voyaga yetayotgan farzandlarning taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ularning kelajakda Vatan uchun kerakli inson bo‘lib yetishishi va hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida ota-ota birdek mas'ul ekanligi va farzandlar ularning birdek tarbiya va mehriga muhtoj ekanligi muntazam tushuntirib borilmoqda. Albatta, bunday xayrli ishlar davom etaveradi.

Top