17:25 / 02.02.2019
5292

Mediatorlarni tayyorlash dasturi tasdiqlandi

Foto: Dreamstime

Adliya vaziri buyrug‘i bilan Mediatorlarni tayyorlash dasturi tasdiqlandi

Dasturga ko‘ra, mediatorlarni tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv kurslari Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil etiladi.

Ushbu o‘quv kurslarida ta'lim olish kunduzgi shaklda shartnoma asosida bir oydan kam bo‘lmagan muddat davomida amalga oshiriladi.

Bunda, maxsus o‘quv kurslarida o‘qish uchun fuqarolar Markazga ariza bilan murojaat qilishi kerak.

O‘quv jarayoni 15 nafar tinglovchi shakllangan akademik guruhlarda tashkil etiladi.

Mediatorlarni tayyorlash dasturi “Mediatsiya. Tayanch kursi” va “Mediatsiyani qo‘llash xususiyatlari” o‘quv dasturlaridan iborat bo‘ladi.

O‘quv mashg‘ulotlari ma'ruza, seminar va amaliy mashg‘ulot shaklida tashkil etiladi.

Amaliy mashg‘ulotlar tinglovchilarda muammoli vaziyatlarda qonun hujjatlari bilan ishlash malakasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

O‘quv jarayonida klinik ta'lim, nizoli jarayonlarning imitatsiyasi, sayyor mashg‘ulotlar hamda mustaqil ta'lim qo‘llanilishi mumkin.

Tinglovchilar o‘qish davrida elektron shakldagi o‘quv-metodik materiallar bilan ta'minlanadi.

Tegishli axborot-metodik va tashkiliy-texnik baza mavjud bo‘lgan taqdirda maxsus o‘quv kurslari masofadan o‘qitish usullari qo‘llanilgan holda tashkil etilishi mumkin.

Dasturga ko‘ra, tinglovchilar dars mashg‘ulotlarini sababsiz 10 akademik soatdan ortiq qoldirganda, o‘quv rejasidagi modullarni o‘zlashtirmaganda va shu kabi boshqa hollarda o‘quv kursidan chetlashtiriladi.

O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikat beriladi, deyiladi vazirlik telegram kanalida.

Top